Onana «Manchester Yunayted»da qoladi
«Manchester Yunayted» darvozaboni Andre Onana kelasi mavsumda ham jamoada qolishi kutilmoqda. Bu haqida Mirror nashri xabar berdi.
Manbaning ma'lum qilishicha, «Monako» kamerunlik darvozabonni sotib olish imkoniyatini ko‘rib chiqqan, ammo «Manchester Yunayted» belgilagan mablag‘ klubni orqaga chekindirgan. Angliya grandi 30 yoshli posbon uchun 35 million yevro talab qilmoqda.
Xabarga ko‘ra, bu miqdorni Saudiya Arabistoni klublari ham, o‘tgan mavsumda Onana ijarada o‘ynagan Turkiyaning «Trabzonspor» jamoasi ham to‘lashga tayyor emas. Shu bilan birga, darvozabonning o‘zi ham «Manchester Yunayted»da qolishni istamoqda. Ehtimol, u yangi mavsumni «qizil iblislarlar» tarkibida ikkinchi raqamli darvozabon sifatida boshlaydi.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilda «Manchester Yunayted» Onanani «Inter» klubidan 50 million yevro evaziga sotib olgan edi. Shu vaqtgacha u manchesterliklar safida 102 ta o‘yin o‘tkazib, 150 ta gol o‘tkazib yuborgan va 24 marta darvozasini daxlsiz saqlashga muvaffaq bo‘lgan.

Fikrlar