“Osaка Bluteon” finalda raqibiga imkoniyat qoldirmadi
Yaponiya voleybolidagi eng muhim bahslardan biri bo‘lgan “SV.League”ning final uchrashuvida “Osaka Bluteon” hamda “Suntori Sunbirds” jamoalari o‘zaro to‘qnash keldi. Qiziqarli kechgan bahs yakunida “Osaka Bluteon” 3:0 hisobida g‘alaba qozonib, muxlislariga unutilmas lahzalarni taqdim etdi.
Uchrashuvning ilk daqiqalaridanoq “Osaka Bluteon” yuqori tempdagi o‘yin namoyish etdi. Jamoa ayniqsa hujumlarda aniq va tezkor harakat qilib, raqib himoyasini muntazam ravishda bosim ostida ushlab turdi. “Suntori Sunbirds” qarshilik ko‘rsatishga harakat qilgan bo‘lsa-da, finaldagi bosim va raqibning intizomli o‘yini ularga qiyinchilik tug‘dirdi.
Bahs davomida Miguel Lopesning harakatlari alohida e’tiborga loyiq bo‘ldi. U nafaqat hujumlarda samarali o‘ynadi, balki muhim pallalarda jamoasini ruhlantira oldi. Ayniqsa ikkinchi setdagi kuchli zarbalari va himoyadagi faol harakatlari “Osaka Bluteon”ning ustunligini yanada mustahkamladi. Lopesning maydondagi sovuqqonligi va tezkor qarorlari finalning eng muhim omillaridan biri sifatida baholanmoqda.
Uchinchi setda ham chempionlar tashabbusni qo‘ldan bermadi. Jamoa o‘zining jamoaviy o‘yini va kuchli servislar orqali uchrashuvni nazorat qilib bordi. Yakunda 3:0 hisobidagi g‘alaba “Osaka Bluteon”ning mavsum davomidagi mehnati va barqaror o‘ynining yorqin natijasiga aylandi.
Olimbek Qutbiddinov

Fikrlar