Oson o‘yin va oson g‘alabani kutmang!

  • 6 sentabr, 2024, 00:23
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

“JCh-2026”ning hal qiluvchi 3-saralash bosqichini ham boshlab oldik. “Bunyodkor” stadionida KXDRga qarshi bo‘lib o‘tgan bahsda terma jamoamiz uch ochkoni qo‘lga kiritdi va ushbu saralash bosqichini g‘alaba bilan boshladik.

Rosti, o‘yindan oldin ko‘pchilik vakillarimizni nisbatan osonroq yutishini va raqib darvozasiga minimum uchta gol urishini kutishayotgandi. Lekin bunday bosqichda va o‘rtaga mundial chiptasi tikilgan bahsda oson o‘yinni va oson g‘alabani kutishning o‘zi katta xato.

KXDR sovg‘a emasligi avvaldan ma’lum edi va uchrashuv shunga yarasha kechdi. Hayriyatki, biz kerakli golni urib oldik va yakunda o‘sha birgina golimiz biz uchun uch ochkoni qo‘lga kiritishimizga etarli bo‘ldi. Biroq koreyslar penaltidan foydalana olishganida o‘yin surati yana boshqacha kechishi aniq edi. Hayriyatki, darvozabonimiz O‘tkir Yusupov bizni muqarrar goldan saqlab qoldi.

O‘yindan keyingi matbuot anjumanida Srechko Katanets to‘g‘ri gapirdi. Hozir bizga chiroyli o‘yin u qadar muhim emas. Natija hamma narsadan ustun. Agar barcha uchrashuvlarda mana shunday o‘yin ko‘rsatib 1:0 hisobida yutib chiqsak biz ham rozimiz. Ammo zo‘r o‘ynasangu, ammo yuta olmasang, kim uch ochkoni beradi? Hech kim!

To‘g‘ri, terma jamoamiz bundan-da, yaxshiroq o‘ynay oladi va bunga qodir. Qolaversa, bu tsiklda har bir uchrashuv og‘ir va murakkab kechadi. Keyingi raqiblar qiyinlashib boraveradi. Jamoamiz esa yanada kuchayib borishiga ishonchimiz komil. Aytmoqchimizki, KXDRga qarshi o‘yinimiz uchun yigitlarni ortiqcha tanqid qilishga hojat yo‘q, bizningcha. Balki terma jamoamiz ushbu bosqichdagi eng yomon o‘yinini shimoliy koreyaliklarga qarshi bellashuvda ko‘rsatgandir. Bundan keyingi uchrashuvlarda biz yanada kuchayib boramiz. Vakillarimiz o‘yindan 3 kun oldin to‘planishdi, to‘liq tarkib bilan esa faqat ikki kun shug‘ullandik. Bunday faktorlar ham albatta o‘z ta’sirini ko‘rsatishi tabiiy.

Hozir termamiz o‘yinini chuqur tahlil qilib, qandaydir negativlarni topishdan ma’no yo‘q. Bu murabbiylarning ishi. Ular o‘yinni kuchaytirish haqida bosh qotirishadi. Endi 10 sentyabr kuni Markaziy Osiyo derbisida Bishkekda Qirg‘izistonga qarshi uchrashuv haqida o‘ylashimiz kerak. Qirg‘izlar safarda Eronga 1:0 hisobida imkoniyatni boy berishdi. Natijadan ham bilish mumkinki, yon qo‘shnimiz kuchli raqibga jiddiy qarshilik ko‘rsata olgan. Lekin har qanday holatda ham biz shubhasiz bu bahsda ham uch ochkoni qo‘lga kiritamiz. Har jihatdan kuchlimiz va buni maydonda ko‘rsata olsak kifoya. Ha, oson bo‘lmaydi, biroq raqibning kuchini to‘g‘ri baholagan holda o‘z o‘yinimizni ko‘rsatib, imkoniyatlardan foydalanish kerak, tamom. Shunchaki, o‘zimizga-o‘zimiz vaziyatni qiyinlashtirib qo‘ymasak bo‘lgani.

Shuhratbek Jo‘raev.  

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Kola Liga
06/09/2024 12:05
Медицениские ватта дан куйибсилаю