O‘yin paytida ovqatlangan darvozabon yodingizdami?

  • 11 aprel, 2022, 09:00
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Balki suratdagi posbonni ismini bilmassiz, qaysi jamoada to‘p surgani ham sizga qorong‘i. Ammo bu kadr XXI asr futbolidagi eng mashhur MEMlardan biriga sabab bo‘lgan. Aynan shu voqea uning hayotini o‘zgartirib yubordi.

Tecno

2017 yilning 20 fevral sanasida Angliya liga kubogi doirasida "Arsenal" quyi liga vakili - "Satton Yunayted" bilan to‘qnash keldi. Bahs 2:0 natijasi bilan "kanonirlar" foydasiga hal bo‘layotgan bir paytda, barchaning e’tibori "Satton Yunayted"ning kiperi - Ueyn Shouga qaratildi. Anchagina og‘ir vazn egasi sanaladigan posbon zaxira o‘rindig‘ida o‘tirib buterbrodni paqqos tushirayotgani kadrga tushib qoldi.
"Bu ulkan buterbrod emas edi. Men tanaffus chog‘ida stadionda joylashgan barga bordim. Bu men uchun odatga aylangan. Zaxira o‘rindig‘ida o‘tirganimga qaramay, bardagi qizdan menga egulik berishini so‘radim. Tamaddi qilib olish uchun stadionga qarab yo‘l oldim. Ikkinchi bo‘lim chog‘ida tamaddi qilayotganim translyatsiya rejissyorining e’tiborini tortganini sezmay ham qoldim."

Bu vaqt oralig‘ida esa u butun Britaniyadagi eng mashhur insonga aylangan edi. Barcha sportga oid kanallar, jurnal va saytlarda u haqida maqolalar e’lon qilina boshlandi. E’tiborlisi shundaki, uni muhokama qilayotganlarning 70 foizga yaqini Shouni keskin tanqid qildi. Xatto, Angliya futbol federatsiyasi etika qonunlariga zid ish qilgani uchun uni 350 funt jarimaga ham tortdi. Qandaydir 24 soat ichida Buyuk Britaniyadagi eng mashxur insonga aylangan Ueynni eng reytingi baland ko‘rsatuv - Pirs Morganning "Salom Britaniya" shousiga taklif etishdi. Ingliz jurnalistlarining ma’lum qilishicha, federatsiya tomonidan qo‘llanilgan 350 funt jarimani aynan Pirs Morgan to‘lagan va Shouni teleekranda ko‘rinish berishga ko‘ndirgan. Hazilkash va gapga usta bo‘lgan darvozabon qisqa muddat ichida millat qahramonlaridan biriga aylandi.

"Buterbrodni egan kunimdan boshlab, futbol olamidagi eng mashhur insonlardan biriga aylandim. Ertasi kuni tongda taniqli shouda ishtirok etdim. Keyin, intervyular ketma-ketligi boshlandi. Jurnalistlar bilan suhbatlashishdan shu qadar charchadim-ki, hatto tekinga intervyu bermay qo‘ydim. Shu bilan muammo hal bo‘ldi deb o‘ylaysizmi? Qatorasiga 2 oy turli nashrlar uchun bergan intervyularim ortidan 50 ming funt ishlab olishga muvaffaq bo‘ldim."

Ko‘p o‘tmay, reklama kompaniyalari Ueyn Shouni takliflarga ko‘mib tashladi. Ular orasida "Papa Jons" pitstsasini alohida e’tirof etish mumkin. "Sotton" a’zosi maydonga tushmay ham mashxurlikning eng yuqori cho‘qqisiga chiqqaniga qoyil qolmaslikning imkoni yo‘q. Shunga qaramay, har qanday boshlangan hikoyaning yakuni bor. Vaqt o‘tishi bilan, Ueyn odamlarni xotirasidan ko‘tarila boshladi.

"Hayotim birdaniga o‘zgarib ketdi. Atrofimda avval hech qachon ko‘rmagan insonlar paydo bo‘ldi. Qandaydir vaqt oralig‘ida o‘zligimni yo‘qotdim. Ko‘p o‘tmay, meni unutishdi. Oson kelgan pullarning barchasi xuddi shunday havoga uchib ketdi. Eyforiya yakuniga etgach, oila a’zolarim bilan stol atrofida o‘tirib suhbatlashdim. Futbolchilik kareramni yakunlaganimdan so‘ng, aytarli hech bir ish bilan band bo‘lmaganimni endi payqadim. So‘nggi pullarimizga kichik bir tamaddixona sotib oldik. Men tayyorlagan eguliklarimni "Satton" klubining uy uchrashuvlari chog‘ida stadionga olib kelib sotishni boshladim".

Darhaqiqat, o‘z vaqtida hayollarini yig‘ishtirgan qahramonimiz kichik biznesni anchagina kattalashtirib oldi. U o‘zi yashaydigan kichik Satton shaharchasidagi pablardan birini sotib oldi. "Salmon Leap" qisqa muddatda ishqibozlar orasida mashhur bo‘lib ketdi.

zd34zpd3z4dp34zdp

"Bu voqea ko‘p narsani o‘zgartirib yubordi. Agar barchasini ortga qaytarishning imkoni bo‘lganida, o‘sha buterbrodni zaxira o‘rindig‘ida o‘tirib iste’mol qilmagan bo‘lardim. Nega deysizmi? Oila a’zolarimni yana media olam vakillari bosimiga duch kelishini istamayman. Bo‘lar ish bo‘ldi. Hozir baxtliman. Kunim kichik restoranimni rivojlantirish bilan o‘tmoqda. Ko‘chaga atayin kam chiqaman. Sababi, meni tanib qolishlari mumkin. Agar tanib qolishsa, yana o‘sha eyforiyaga berilgan davrlarim yodimga tushadi. Ishoning, buni eslashni ham istamayman".

Ya . U

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!