PSJ - “Manchester Yunayted”: Prevyu

UEFA Chempionlar Ligasida oddiy o‘yinlar bo‘lmaydi. Ammo baribir qaysidir bellashuvlar qolgan o‘yinlarning “gultoji” vazifasini o‘tab beradi. Seshanba oqshomining tom ma’nodagi bezagiga aylanishi kutilayotgan PSJ va MYu qarama-qarshiligi bizga qiziqarli o‘yin va bedor tunni va’da qilmoqda. 

Ushbu jamoalar ishtirokidagi so‘nggi o‘yin o‘z davri uchun haqiqiy dramaga aylanib ketgandi. Ammo hozirgi futbolda “qizil iblislar” namoyish etgan kambek u qadar katta voqeaga o‘xshamay qoldi. Sababi, o‘sha musobaqaning yarim finali ertaknamo o‘yinlari bilan nimchorak final eyforiyasini bosib ketdi. 

Biroz eslaymiz, “Old Trafford”dagi bahsda Mbappening o‘zi barcha masalani hal qilib bo‘lgandi. Ammo Parijda Buffonning xatosi va bahsli penalti evaziga mankuniyanlar 3:1 hisobidagi g‘alabani qo‘lga kiritdi. Neymarning sarson va hayron nigohlari ancha paytgacha memlar mavzusiga aylanib ketgandi. Jarohatlangan ko‘yi maydon chetiga chopib tushgan braziliyalik o‘yindan keyin bildirgan fikrlari tufayli kelgusi mavsum startida diskvalifikatsiyaga ham uchradi. 

Bu oqshom butun “Park de Prens” ahli Sulsher shogirdlaridan o‘ch olish istagida yonayotgan bo‘lsa, ajab emas. Bunga etarlicha imkoniyat va sabablar mavjud. 

EkwPrh6XYAEGyGz

PSJ 

Parijliklar transferlar masalasida ancha tejamkor bo‘lishga urunishdi. Ikardi to‘liq sotib olindi, jamoani tark etgan Toma Mene o‘rniga Florentsi ijaraga olindi. Markaziy himoyani yillar davomida mahkam tutgan Tyagu Silva jamoani tark etdi va tayanch zonasida harakat qilayotgan Markinos mudofaa chizig‘iga qaytishga majbur bo‘lyapti. Veratti va Paredesning tayanch zonasidagi o‘yinidan qoniqmayotgan Tuxel jamoaga Danilo Pereyrani olib keldi. Hujumda rang-baranglikni ta’minlash maqsadida Moyze Kin bilan ham shartnoma imzolandi. 

Jamoa himoyasidagi muammolar qolgan chiziqlarga nisbatan salmoqliroq. Diallo qizil kartochkaga moyil futbolchi ekanini ko‘rsatib ulgurdi. Markinos va Kimpembe asosiy duet bo‘lishi kutilmoqda. Ammo ulardan birining jarohat olmasligi va diskvalifikatsiyaga uchramasligiga hech kim kafolat bera olmaydi. 

Evropa OAVda yangrayotgan “uzunquloq” gaplarga qaraganda, Mbappe uchun joriy mavsum Parij klubi safidagi so‘nggisiga aylanishi mumkin. 

Mavsum boshidagi 2 mag‘lubiyatdan so‘ng, PSJ ketma-ket 5 ta g‘alabani rasmiylashtirdi. So‘nggi ikki bellashuv haqida esa gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas: 6:1, 4:0.

Taxminiy tarkib: Navas, Florentsi, Markinos, Kimpembe, Kurzava, Errera, Danilo, Rafinya, Di Mariya, Mbappe, Neymar.

Ishtirok eta olmaydi: Bernat, Ikardi, Paredes, Kerer, Veratti.

So‘roq ostida: Markinos, Draksler.

EkuacksW0AAVX1x

“Manchester Yunayted”

Hech bir qiyin taqvim manchesterliklarning 4 ta o‘yinda 6 ochko to‘plab, 14-o‘rinda borishini oqlamaydi. Mag‘lubiyatlardan biri 1:6 hisobida, ikkinchisi esa “Kristal Pelas”ga qarshi uchrashuvda yuz bergani esa yanada sharmandali. Jamoada ishlar rosmana yaxshi emas. Yakuniga etgan turda Brunu Fernandesh ilk marotaba penaltidan adashdi. Tasavvur qilyapsizmi?! 

Sulsherning kursisi qimirlay boshlagan. Massimiliano Allegri nomi yana “Orzular teatri” bilan bog‘lanyapti. Ammo rostdan ham xulosa chiqarishga erta. Million-million summa sarflab, eng serxarajat jamoaga aylangan “Chelsi”da ham natija ko‘ngildagidek emas. Demak, norvegiyalikning manchesterliklardagi sarguzashtlari eng kamida qishgacha davom etadi. 

PSJga qarshi printsipial o‘yin oldidan Sulsher jamoasida shu qadar ko‘p yo‘qotishlar mavjudki, ushbu holatda ijobiy natija qayd eta olgan taqdirda, yana murabbiyga bo‘lgan ishonch qaytgan bo‘lardi. 

Taxminiy tarkib: De Xea, Uan-Bisakka, Lindelyof, Tuanzabe, Shou, Matich, Pogba, Mata, Fernandesh, Reshford, Marsyal.

Ishtirok eta olmaydi: Maguayr, Grinvud, Kavani, Bayi, Lingard. 

So‘roq ostida: Tuanzabe.

EksjsfeXYAA0BgL

Murabbiylar

Tomas Tuxel: “Biz o‘tgan mavsumda super-kuchli jamoa edik. Endi yangi mavsumda ham bu ishni takrorlay olishimizni isbotlashimiz zarur. Kimpembedan juda xursandman. Katta o‘yinlarda yaxshi o‘ynamoqda. U o‘zidan kutilgan futbolni vanihoyat namoyish etyapti. Chempionlar Ligasida juda xavfli jamoamiz. Ushbu darajamizda qolsak, bizga qarshi vaziyat yaratish va gol urish qiyinlashib ketadi. Markinos va Draksler o‘ynay olishiga ishonmoqdaman. Qolgan 5 futbolchi rostdan ham EChL 1-turida maydonga tusha olmaydi”.

image_2020-10-20_13-41-31

Ole-Gunnar Sulsher: “Albatta, 2019 yilgi g‘alaba o‘tmishda qolib bo‘ldi. Ajoyib tarix, ammo uning bu galgi o‘yinga ta’siri yo‘q. Raqib ham, biz ham o‘zgardik. Musobaqa bosqichida ham farq bor. 

Hamma ham Chempionlar Ligasida o‘ynashni xohlaydi. Qur’ada bizga o‘tgan mavsum finalchi va yarim finalchilari raqiblik qilishi belgilandi. “Istanbul” Bashakshexir safida Rafaelning “Old Trafford”ga qaytishi ajoyib voqea bo‘ladi. Fantastik guruh. Yaxshigina katta sinov bo‘lishi aniq. 

image_2020-10-20_13-40-39

Xulosa o‘rnida

Yuqorida o‘zingiz guvohi bo‘lganingizdek, har ikkala jamoa tarkibida ham etarlicha katta yo‘qotishlar bor. Sulsherda hatto ikkinchi tarkib vakillari bilan ham muammo borligi ko‘rinib turibdi. Edinson Kavanining aynan PSJga qarshi o‘yinda debyut qilishini ko‘rish yoqimli bo‘lardi. Ammo futbolchi ancha vaqtdan buyon o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmay kelayotgandi. Birinchi o‘yindanoq amaldagi EChL finalchisiga qarshi o‘ynash esa noto‘g‘ri. Tajriba o‘z yo‘liga, jismoniy holat bunga javob bermasligi mumkin. 

Baribir, bugungi bahsda ijrochilar salmog‘i jihatidan parijliklar ustun. Mankuniyanlar himoya chizig‘ining shundoq ham bo‘shashib qolgan o‘yini Maguayrsiz bu qadar katta raqibga qanday dosh beradi, deb o‘ylaysiz?! Barchasini 00:00 da bilib olamiz!

 

Abdulvosid Valixonov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!