
Qaytar dunyo...
2018 yil 26 may, Kiev. Ukrainadagi "Olimpiyskiy" stadioni Evropa Chempionlar ligasi finaliga mezbonlik qilgan. Unda "Real" hamda "Liverpul" o‘zaro to‘qnash kelgandi.
Ikki ajoyib jamoa hal qiluvchi bahsda chiroyli o‘yin namoyish etib berishini ko‘pchilik kutgandi. Biroq kutilmaganda angliyaliklar etakchisi safdan chiqdi. Muhammad Saloh 31-daqiqada almashtirildi. U Serhio Ramos bilan to‘p uchun kurashda jarohat oldi.
Ko‘pchilik Ramos ataylab Salohga jarohat etkazdi, deb biladi shu kungacha. Ha, chindan ham bir qarashda o‘sha holatni eslasak, ispaniyalik futbolchi misrlik yulduzni ataylab yiqitgan. Natijada, Muhammad uchrashuvni daom ettira olmadi va uning o‘rniga Adam Lallana maydonga tushdi. Yurgen Kloppning rejalari tamomila o‘zgardi. Chunki o‘sha kezlar Saloh jamoaning etakchisi va ko‘plab taktikalar uning atrofida qurilardi. Muxlislarning umidi tikilgandi unga.
Muhammad Salohgacha "Liverpul" qanday o‘ynardiyu, undan keyingi jamoa qanday bo‘lganini angliyaliklar yaxshi eslashadi. Hujumkor futbolchi maydonni tark etgach madridliklarning ishi ancha osonlashdi, himoyachilar biroz engil tortishdi. Chunki Saloh chindan ham xavfli edi. Ramos himoyachi va u qarshisidagi raqibni o‘tkazmadi, imkon bermadi. Bir tomondan u vazifasini bajardi. Biroq chiroyli o‘yin tarafdorlari uning bu ishini qoralashdi.
Saloh ilk bor ushbu musobaqa finalida o‘ynayotgandi va yaxshi harakat qilayotgandi. U uchrashuv oxirigacha maydonda bo‘lganida, balki gol urar yoki sheriklarini qulay vaziyatlarga olib chiqardi. Ammo bu unga nasib etmadi, ko‘zda yosh bilan maydondan chiqib ketdi.
Yakunda "Real" 3:1 hisobida g‘alaba qozondi va EChLda navbatdagi kubokni qo‘lga kiritdi. Bu "qirollik klubi"ning hozircha, musobaqadagi oxirgi sovrini bo‘lib turibdi. Biroq "Liverpul" to‘xtamadi. Keyingi mavsum finalgacha etib bordi va kubokni boshi uzra baland ko‘tardi. Saloh 2-daqiqada penaltidan gol urgandi.
Buni qarang-ki, joriy yil "Real" va "Liverpul" yana to‘qnash kelmoqda. Faqat chorak finalda. Endi bu gal "Real" Ramossiz, "Liverpul" esa Saloh bilan. Chunki Serxio Ispaniya terma jamoasi o‘yinidan keyin jarohat oldi. Uning tiklanishi 4 haftaga borishi mumkin. "Real" muhim bellashuvda o‘z sardorisiz qoldi. Madrid 35 yoshli etakchisisiz liverpulliklar qarshiligini engishiga to‘g‘ri keladi. Saloh 2017-2018 yilgi mavsum finalida qila olmagan ishini chorak finalda amalga oshirishga urinib ko‘radi.
Qaytar dunyo...
Fikrlar