Ramosni superklubga joylashmoqchi
Meksika chempionatini tark etgan mashhur himoyachi Serxio Ramos o‘ziga Evropa klublaridan munosib ish qidirmoqda. Biroq hali tajribali o‘yinchini o‘z safiga qo‘shib oladigan jamoa topilgani yo‘q.
39 yoshli futbolchi “ko‘hna qit’a”ga raqobatbardosh jamoada o‘ynab, uzoq muddatli tanaffusdan keyin Ispaniya terma jamoasiga chaqiruv olish va 2026 yilgi jahon chempionatida ishtirok etish maqsadida qaytgan.
Italiyaning Repubblica nashri aniqlik kiritishicha, Ramosning agenti A Seriyaning eng qudratli klublaridan “Milan” rahbariyatiga hamkorlik istiqbollari bo‘yicha murojaat qilgan.
Milanliklar yaqinda Evropaga qaytgan yana bir tajribali o‘yinchi – Tyago Silvani olishga urinib ko‘rgandi. Biroq braziliyalik yulduz boshqa klubni tanladi. Endi milanliklar bu bo‘shliqni Serxio Ramos bilan to‘ldirishi mumkinligi aytilyapti.
Ramos uzoq yillik faoliyati davomida Ispaniya, Frantsiya va Meksika chempionatlarida o‘ynagan. U hali A Seriyada o‘zini sinab ko‘rgani yo‘q.
Fikrlar