Raqib himoyachisi “Siti”ni to‘xtata olmaganini tan oldi
Angliya Premer-ligasining 17-turida “Manchester Siti” o‘z maydonida “Vest Xem”ni 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, 37 ochko bilan musobaqa jadvalida vaqtincha bo‘lsa-da, birinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi.
Uchrashuvdan keyin “Vest Xem” himoyachisi Kayl Uoker-Piters mag‘lubiyatga izoh berdi.
- Biz “Manchester Siti”ning qay darajada kuchli jamoa ekanini bilamiz, ular hozir juda yaxshi formada olg‘a intilyapti. Bu erda o‘ynash oson bo‘lmasligini tushungandik.
Albatta, o‘yinga tuzgan rejamiz bor edi va uni amalga oshirishga harakat qildik. Ammo juda qiyin bo‘ldi.
Tanaffusda esa o‘z kuchimizga ishonish kerakligi, raqibga ularning jarima maydonchasiga yaqin hududlarda pressing uyushtirish lozimligini gaplashdik. Bir nechta imkoniyatlarimiz ham bo‘ldi, lekin omad etishmadi. Boshqa kuni bo‘lganida gol urishimiz ham mumkin edi. Bugun esa bunga erisha olmadik, - dedi Uoker-Piters Sky Sports jurnalistlariga.
“Vest Xem” ayni paytda Angliya chempionati turnir jadvalida 18-o‘rinni egallab turibdi. Jamoa Premer-ligada o‘tkazilgan 17 ta o‘yinda 13 ochko jamg‘argan.
Fikrlar