"Real" Rodrini boshqa klublardan ehtiyot qilyapti
Madridning «Real» klubi «Manchester Siti» yarim himoyachisi Rodrini imkoni boricha tezroq oʻz safiga qoʻshish niyatida. Sport.es nashri yozishicha, madridliklar jahon chempioni boʻlgan futbolchining transferida hech qanday toʻsiq boʻlmasligi uchun «shaharliklar»ga jiddiy bosim oʻtkazishga tayyor.
Bu borada asosiy urgʻu Rodrining 2027 yil yozida yakunlanadigan shartnomasiga qaratilmoqda.
Manba maʼlumotiga koʻra, «Real»ning asosiy maqsadi – jarayonga boshqa klublar aralashib qolishining oldini olish va muzokaralarni toʻliq nazorat qilish. Madridliklar tashqi omillar bitimni xavf ostiga qoʻyishidan avvalyoq kelishuvni yakunlashni istamoqda.
Xabarda taʼkidlanishicha, «Real» Rodri uchun yarim himoya chizigʻida joy boʻshatishga ham tayyor. Buning uchun eng ehtimoliy nomzod sifatida Eduardu Kamavinga koʻrsatilmoqda. Fransiyalik futbolchini sotish varianti klub ichida jiddiy koʻrib chiqilayotgani aytilmoqda.
Oʻtgan mavsumda Rodri barcha musobaqalar doirasida 33 oʻyinda maydonga tushib, 2 ta gol urdi. Transfermarkt portali maʼlumotlariga koʻra, futbolchining bozor qiymati 50 million yevro atrofida baholanmoqda.

Fikrlar