Rishod Sobirov yangi lavozimga tayinlandi

  • 9 noyabr, 2019, 18:23
  • Bekzod Isayev
  • 0
  • Dzyudo
CHERY AUTO

Joriy yilning 4 sentyabrida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari mahoratli sportchilarni tayyorlash, iqtidorli yoshlarni topish uchun kuchli selektsiya tizimini yaratish borasida aniq ko‘rsatmalar bergan edi.

O‘tgan davr mobaynida mamlakatimizdagi jismoniy tarbiya va sport tizimidagi tashkilotlarda, sport federatsiyalarda bu borada zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston kurash federatsiyasi ijroqo‘m a’zolari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda ham bu boradagi dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Haqiqatan, O‘zbekiston kurash federatsiyasi yurtimizda milliy sportimizning rivoji bilangina shug‘ullanmay, chet ellarda O‘zbek kurashining ommaviylashishida muhim vazifalarni bajarib kelmoqda. Shu ma’noda, iqtidorli sportchilarni saralash, murabbiy va mutaxassislarning ishga ilmiy va innovatsion yondoshuvini to‘la shakllantirish, murabbiy, hakam, sportchi va mutaxassislar faoliyati monitoringini to‘laqonli olib borilishiga erishish, joylarda selektsiya ishlarini zamon talabi asosida tashkil etish federatsiyaning eng asosiy vazifasi bo‘lib qolmoqda.

Bugungi kunda shiddat bilan taraqqiy etib borayotgan xalqaro globallashuv sharoitida milliy qadriyatlarimizni nafaqat yurtimizda, balki jahon maydonida yanada ommalashtirish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning mazmun-mohiyatiga mos holda O‘zbekiston kurash federatsiyasi xodimlarining bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirib borish davr talabi hisoblanadi.

Shu ma’noda, zamonaviy sportda sohaga yosh, tajribali sportchi-mutaxassislarni jalb etmay turib, tizimga ilmiy yondashuvsiz ma’lum yutuqlarga erishish dargumon. Ijroqo‘m yig‘ilishida bildirilgan fikrlar, takliflar natijasida federatsiya tizimida bir qator o‘zgarishlar amalga oshirildi.

Unga ko‘ra, kurash bo‘yicha O‘zbekiston chempioni, dzyudo bo‘yicha uch karra Olimpiya o‘yinlari sovrindori, jahon chempioni Rishod Sobirov federatsiya raisining sport ishlari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi. Xuddi shuningdek, tajribali mutaxassis, qator xorijiy mamlakatlarda O‘zbek sporti kurash targ‘iboti bilan shug‘ullangan, Tailand, Qatar, Vetnam, Indoneziya va Turkmaniston davlatlarida o‘tgan Osiyo o‘yinlarida kurash musobaqalarining tashkiliy ishlarida bevosita ishtirok etgan, o‘nlab jahon chempionlarining ustozi, xalqaro toifadagi hakam Olim Hayitov federatsiyaning Ilmiy kengashiga rais etib saylandi. Bu haqda sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Shu o‘rinda aytish joizki, so‘nggi paytlarda nafaqat kurashda, balki boshqa sport turlarida ham sport amaliyoti va ilmiy yondashuv bir biridan ancha ayro bo‘lib kelgandi. O‘zbekiston kurash federatsiyasida Ilmiy kengashning joriy etilishi, Rishod Sobirovdek dunyo sportida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan dongdor sportchining milliy sportimizda munosib o‘rin egallashi ishonamizki, kurashning yanada yuksalishiga, soha mutaxassislarining har tomonlama salohiyatli bo‘lishida va eng muhimi, kurashning xalqaro maydonda yanada ommalashishiga xizmat qiladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!