Rubin Xebay: "Men dunyodagi eng baxtli odamman"

  • 1 yanvar, 2024, 02:09
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

2023 yilgi mavsumda “Andijon” sharafini himoya qilgan albaniyalik legioner Rubin Xebay o‘z saviyasini va darajasini namoyish qila oldi.

To‘purarlik salohiyatini ko‘rsatishga muvaffaq bo‘lgan hujumchi shubhasiz “Andijon”ning 2023 yildagi eng omadli transferi bo‘ldi. Bunday yuqori saviyadagi legionerga jiddiy qiziqishlar bo‘lishi ham tabiiy.

Quyida u bilan uyushtirilgan suhbatni o‘qishingiz mumkin.

- Rubin, “Andijon”dagi faoliyatingiz haqida nima deya olasiz? Siz avvalida qanday tasavvur qilgandingiz va yakunda barchasi o‘zingiz o‘ylagandek bo‘ldimi?

- O‘ylashimcha, juda yaxshi yil bo‘ldi. Muxlislar meni nihoyatda hurmat qilishdi. Ishonamanki, jamoadoshlarim ajoyib va biz kelgusida yanada yaxshi natijalarga erisha olamiz.

- Ayting-chi, o‘zbek futbolida sizni nima ajablantirdi?

- Ular jismoniy jihatdan juda ajoyib holatda. Ko‘p mehnat qilishni yaxshi ko‘rishadi.

xebay3

- Qishki ta’tilni qanday va qaerda o‘tkazyapsiz?

- Men uyimda oilam va do‘stlarim bilan edim. Keyin esa Londonga ketdim.

- “Andijon” safida 14 ta gol urib, jamoa to‘purari bo‘ldingiz va klub matbuot xizmati so‘rovnomasiga ko‘ra, eng yaxshi futbolchiga ham aylandingiz. Superligada ham eng yaxshi futbolchi bo‘lish uchun asosiy nomzodlardan birisiz. Legioner sifatida bunday natijalar hamda e’tiroflar yoqimli bo‘lsa kerak-a?

- Albatta, men dunyodagi eng baxtli odamman. Qachonki, yaxshi ishlaganimni o‘zim his qilsam va atrofdagilar meni hurmat qilishlarini sezsam, bu juda ajoyib. Umid qilamanki, kelgusida bundan ham yaxshi o‘yinlar ko‘rsata olaman.

xebay2

- Rubin, xizmatingiz uchun aniq takliflar bo‘lyaptimi?

- Bilishimcha, menga bir qator Evropa va Osiyo jamoalari qiziqish bildirishmoqda. Menimcha, agentim bir qancha takliflarni olib kelsa kerak. Ko‘ramiz, qaysi taklif men uchun yaxshiroq bo‘ladi. Men “Andijon”ni yaxshi ko‘raman, muxlislari ham ajoyib. Lekin, agar menda yaxshiroq taklif bo‘ladigan bo‘lsa, klub bilan kelishgan holatda ushbu imkoniyatni qabul qilishga harakat qilaman. Ana shunda jamoadan biroz qayg‘u bilan va qaytib kelishni xohlagan holda ketaman, deb aytgan bo‘lardim. Men shunday yoshdamanki, bunday pallada imkon qadar yuqoriroq imkoniyatlarni o‘zingiz uchun qabul qilishingiz kerak. Faoliyatimda iloji boricha yuqori darajada o‘ynaydigan paytda turibman.

- Andijonlik muxlislar uchun nima deya olasiz?

- Agar moliyaviy tarafdan taklif bir xil bo‘ladigan bo‘lsa, “Andijon”dan ketmayman. Biroq o‘rtada katta farq bo‘lsa, menimcha, bunday paytda muxlislar meni yaxshi tushunishadi va yaxshi ko‘rganlari uchun bu qarorimni qo‘llab-quvvatlashadi, deb o‘ylayman. Ammo ketadigan bo‘lsam, ularga va’da beramanki, kun kelib yana “Andijon”ga qaytaman.

xebay

- Aslida 2024 yil uchun maqsadlaringiz qanday?

- Mening rejalarim qo‘limdan kelganicha o‘z ustimda qattiqroq ishlash. Bu mening har yilgi maqsadim. O‘ylaymanki, Xudoning xohishi va sog‘liq bilan oldinda yana ko‘plab gollarni urishim mumkin.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Bek 56
01/01/2024 11:25
Рубен сени бу йил х,ам АНДИЖОНда галабали голларингни кутиб к , оламиз
Асманов Асман
01/01/2024 08:38
Бошка жамога утсин кейин биламиз савиясини