Runi Ronalduni jamoaga zarar yetkazishda aybladi
Qovun tushirding, Krish!
Angliya terma jamoasi va «Manchester United»ning sobiq hujumchisi Ueyn Runi «An-Nasr»ning portugaliyalik yulduz Krishtianu Ronalduning milliy jamoa qarorgohini tark etishini keskin tanqid qildi.
Stick to United podkastida Runi Portugaliya terma jamoasi bosh murabbiyi Jorje Jezush bilan kelib chiqqan mojarodan so‘ng Ronaldo tomonidan qilingan harakatlarga munosabat bildirdi.
- Portugaliya terma jamoasini ana shunday tarzda tark etish, keyin esa bayonot tarqatish — mening nazarimda, har tomonlama noto‘g‘ri qaror bo‘ldi. U murabbiy, jamoadoshlari va federatsiya obro‘siga putur yetkazdi. Bu mutlaqo noto‘g‘ri.Butun jarayon boshidan oxirigacha xato bo‘ldi.
Buni tomosha qilish ham yoqimsiz edi. Futbolchi murabbiyga matbuot anjumanida nima deyishiga ko‘rsatma bermasligi kerak. Bu men ko‘rgan me’yorlardan ham chiqib ketdi.
Bunaqa vaziyat har bir futbolchi bilan sodir bo‘ladi: ma’lum bir paytda terma jamoadagi faoliyat tugaydi. U buni og‘ir qabul qilyapti, shu bois bu manzaraga qarab turish noqulay, — dedi Ueyn Runi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Portugaliya futbol federatsiyasi Ronalduni vaqtincha terma jamoadan chetlatgan va intizomiy tekshiruv boshlagan. Bu qaror futbolchi Daniyaga qarshi Millatlar ligasi uchrashuvi oldidan Kopenhagenda jamoa qarorgohini tashlab ketganidan so‘ng qabul qilingan.
41 yoshli Ronaldo muxlislar va jamoadoshlaridan uzr so‘radi, biroq xalqaro faoliyatini yakunlamaganini ta’kidladi. Unga ko‘ra, intizomiy masalalar hal etilgandan so‘ng u yana Portugaliya terma jamoasi sharafini himoya qilishga tayyor.

Izohlar (0)