
Server Jeparov "Metallurg" bilan sovrin yutishiga ishonmoqda
Vaqt oliy hakam deganlaridek, hamma narsa o‘z vaqti soati bilan ortda qolaveradi. Kechagina o‘zbek futbolida haqiqiy yulduz bo‘lib porlagan Server Jeparov bugungi kunga kelib faoliyatining so‘nggi yillarini o‘tkazayotganligi katta ehtimol. Boisi Osiyoning ikki karra eng yaxshi futolchisi bo‘lgan hamyurtimiz 37 yoshni qarshilamoqda.
U haqida ko‘p va xo‘p gapirishimiz mumkin, chunki u bunga arziydi. Jeparov haqidagi har qanday xabar yoki suhbat muxlislarni befarq qoldirmasligiga ham ishonamiz. Zero, Server o‘z o‘yinlari bilan barchani o‘ziga rom qila olgan futbolchidir. Uning joriy mavsumda yana O‘zbekiston chempionatiga qaytgani va ayniqsa, Bekobodning «Metallurg» jamoasiga o‘tganligi etarlicha shov-shuv ko‘tara oldi deb o‘ylaymiz. Legioner sifatida o‘ynab ham sovrinlarga ega chiqqan va bir necha bor O‘zbekiston chempioni bo‘lgan Jeparovning joriy yilda «Paxtakor» yoki «Lokomotiv»da emas, balki hech kim kutmaganda «Metallurg» uchun to‘p surishga rozi bo‘lganligidan keyin ko‘pchilik uning faoliyati yakuniga etib borayotgani borasida taxminlarga borishmoqda. Ammo bekobodliklar bunday yuqori darajadagi o‘yinchini qo‘lga kiritib katta bonusga ega bo‘ldilar.
Endi «Metallurg»dagi futbolchilar o‘zlari uchun Jeparovdan o‘rnak olishmoqda. Qolaversa, Serverning ushbu jamoa a’zosiga aylangani «Metallurg»ning mavqeiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatayotgani ham aniq. Kuni kecha Jeparov bilan bir qator masalalarda suhbatlashdik. O‘zaro muloqot davomida «Metallurg»ga o‘tganining sababi, o‘zi haqida, keyingi taqdiri va yana boshqa qiziqarli mavzular haqida gap bordi. Darvoqe, u bilan suhbatni uyushtirishda yaqindan yordam bergani uchun klub matbuot xizmatiga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.
- Server, avvalo biz bilan suhbatlashishga va muxlislarni qiziqtirgan savollariga javob berishga rozi bo‘lganligingiz uchun sizga minnatdorchilik bildiramiz. Dastlabki savolimiz, qanday qilib “Metallurg” jamoasi a’zosiga aylanib qoldingiz? Bekobod jamoasi bilan shartnoma imzolashingizda bosh murabbiy Andrey Shipilovning roli katta deb eshitganmiz, bu qanchalik to‘g‘ri? Jamoaga uning uchun o‘tdingizmi?
- Mening taqdirim bilan qiziqayotgan muxlislarga men ham o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Fursatdan foydalanib butun yurtdoshlarimizni ulug‘ Ramazon oyi bilan qutlayman. Barcha ezgu niyatlari amalga oshishlarini tilab qolaman. “Metallurg” jamoasiga o‘tishim masalasiga keladigan bo‘lsak, haqiqatan ham mening ushbu klubga o‘tishimda Andrey Sergeevich Shipilov sababchi bo‘ldi. Mening xorijdan vatanimizga qaytayotganligimni eshitib, birinchilardan bo‘lib taklif bilan aloqaga chiqdi. Men esa bu chorlovga yo‘q demadim. Sababi Andrey Sergeevichni oldindan yaxshi tanirdim, birga ishlaganmiz. Qolaversa, inson chaqirilgan va taklif etilgan joyga borishi kerak, deb o‘ylayman.
- Siz ikki marta Osiyoda yilning eng yaxshi futbolchisi bo‘lgansiz. Nom jihatdan qaraydigan bo‘lsak, Jeparovning “Metallurg”ga o‘tishi klub imidjini ko‘tarmoqda. Ba’zilar bunday saviyadagi o‘yinchiga “Metallurg” unchalik mos jamoa emas deb gapirishyapti. Bunga qanday qaraysiz?
- Vaqt bir joyda to‘xtab turmaydi. Zamon o‘zgaryapti. Tabiiyki, klublarda ham islohotlar amalga oshayotganini barcha ko‘rib turibdi. “Metallurg” ham bundan mustasno emas. Bekobod jamoasi ham o‘z oldiga yuksak maqsadlarni qo‘ygan kollektiv. Bunday vazifani bajarish uchun shunga mos o‘yinchilar kerak. Bir paytlar “Quruvchi-Bunyodkor”ni ham hech kim bilmasdi. Endilikda esa butun dunyo taniydi.
- Sizning “Metallurg” jamoasiga o‘tishingiz futbolimizda o‘ziga xos voqeilik ham bo‘ldi. Buni shov-shuvli transferlardan biri bo‘ldi desak qanday qaraysiz?
- Men uchun esa odatdagidek, yuqori maqsadlarni ko‘zlagan, katta imkoniyatlarga ega klubga transfer bo‘ldi, deb o‘ylayman.
- Keyingi paytlarda sizni maydonda kam ko‘ryapmiz, nima sabab?
- Afsuski, Samarqandda “Dinamo”ga qarshi uchrashuvda jarohat oldim. Ayni paytda ushbu jarohat bo‘yicha davolanishdaman.
- Hozir ahvolingiz qanday? Tiklanish jarayoni qanday ketyapti?
- Ko‘z tegmasin hammasi rejadagidek ketyapti. Jarohat asoratlaridan qutulish arafasidaman. Jamoa shifokori bilan tiklanish jarayonida mehnat qilyapmiz. Tez orada safga qaytish umididaman.
- Yillar o‘z so‘zini aytadi degan ibora mavjud. Ya’ni, yoshingiz ham o‘tib boryapti. Siz o‘zingizda buni sezyapsizmi?
- Albatta bundan hech kim qochib qutula olmaydi. Yillar davomidagi tinimsiz mehnat, yuklama, mashg‘ulot, og‘ir o‘yinlar tanani charchatadi. Shu boisdan ham doimo to‘g‘ri ishlash, organizmni vaqtida qo‘llab-quvvatlab turish kerak. Lekin mening hali jamoadoshlarimga yordamim tegadi deb o‘ylayman.
- Ancha yillar legioner sifatida to‘p surib, O‘zbekiston chempionatiga qaytgan futbolchi sifatida ayting-chi, futbolimizda o‘zgarishlarni his etyapsizmi? Superliga sizga yoqyaptimi?
- Ko‘p mamlakatlarda o‘ynadim. Albatta, ularning futboli bilan bizning futbolimizni qiyoslash imkoniyati bor, menda. O‘zgarishlar yaqqol ko‘rinib turibdi. Ammo buni ikki og‘iz so‘z bilan tushuntirib berish qiyin. Shunisi aniqki, bizning futbol ham bir joyda to‘xtab qolgani yo‘q, oldinga rivojlanish kuzatilyapti.
- O‘z tarkibida Server Jeparov kabi futbolchisi bor jamoani biz asosan sovrinli o‘rinlar uchun kurashishga odatlanganmiz. Hozir esa “Metallurg”dasiz. Shunday ekan, bu jamoa bilan ham qanaqadir sovrinlarni yutishingizni ko‘ramizmi?
- Mavsumni yomon boshlamadik. Hali oldinda juda ko‘p uchrashuvlar turibdi. Musobaqalarimiz soni ham oshmoqda. Demak shunga yarasha qandaydir sovrinni qo‘lga kiritish imkoniyatlari ham bor. Nasib bo‘lsa, “Metallurg” ham biror bir unvonga erishadi, deb umid qilaman.
- Sizni Eronning “Istiqlol” jamoasi bilan o‘rtangizda muammoli vaziyat bor deb eshitgandik. Endilikda hammasi hal bo‘ldimi?
- Hali hal bo‘lgani yo‘q, eronliklar bilan bir to‘xtamga kela olmayapmiz. Endi shartnoma bandida ko‘rsatilganidek, muammo yuzasidan FIFAga murojaat qilaman shekilli...
- Bu mavsum sizning futbolchilik faoliyatingizdagi oxirgi mavsum bo‘lishi mumkinmi?
- Fol ochishni yoqtirmayman. Hammasini vaqt ko‘rsatadi.
- “Metallurg”da tajribali, shuningdek umidli o‘yinchilar anchagina. Sizga ko‘proq qaysi jamoadoshingizning o‘yini manzur kelyapti?
- Aytib o‘tganimdek, “Metallurg” jamoasi mavsumni yomon boshlamadi. Haqiqatan ham bizning jamoada iqtidorli o‘yinchilar to‘planishgan. Ularning hech birini ajratib ko‘rsata olmayman. Sababi, ularning barchasi oldilariga qo‘yilgan vazifani bajarish yo‘lida birdek ter to‘kishyapti.
- Futbolchilik faoliyatingizni yakunlagach, nima ish bilan shug‘ullanasiz? Qachonlardir futbol agenti bo‘lib ishlash niyatim bor degandek bo‘lgandingiz...
- Oldimda yo‘nalishlar ko‘p. Hali tanlab ulgurmadim. Hozirdan “V” murabbiylik litsenziyasiga egaman. Butsani mixga ilaveraylikchi, keyin o‘ylab ko‘rarman.
- Milliy terma jamoadan umid uzib bo‘lgandirsiz. Siz uchun terma jamoa eshiklari yopilgan desak adashmaymizmi?
- Terma jamoa murabbiylari ham siz kabi o‘ylashmasa, ochiq deb hisoblayman. Hammasi mening o‘zimga, jismoniy holatimga bog‘liq. Yaxshi o‘ynasam, terma jamoaga loyiq o‘yin ko‘rsatsam, ehtimol yana taklif bo‘lar...
- Terma jamoamizning azaliy orzusi hisoblangan jahon chempionatiga chiqish imkoniyati doim asosiy masalaga aylangan...
- Albatta chiqa oladi. Yaqin yillarda bu vazifani uddalay olishadi, men bunga ishonaman.
- O‘zingizni murabbiy sifatida tasavvur qila olasizmi?
- Ha, albatta.
- Barcha futbol muxlislarini ikkita lagerga ajratsak, yarmi Messiga, yarmi esa Ronalduga ishqibozlik qilishadi. Sizga ulardan qay biri ko‘proq yoqadi?
- Messi.
- Ko‘pchilik sizni o‘z biznesiga ega deb o‘ylashadi. Aytishlaricha, siz o‘z tijoratingizni yo‘lga qo‘ygansiz. Agar sir bo‘lmasa aytingchi, tijoratni qaysi yo‘nalishda ochgansiz?
- Tibbiyot yo‘nalishida, sport jarohatlarini davolash klinikasi.
Fikrlar
Olmaysan
Chunki bu navbahor bizning xalqq sevgan jamo.....................
Sizlar xafa bolmanglar sizlarga ham
......
Shunday muhlislar Nasif qilishini Olloxdan so'ranglar bizda muhlislar xech qachon tohtab yoki kamayib qolmaydi xali yaxshi kunlar oldinda sabir qilish kerak xamma narsaga
Mandan xafa bo'lmanglar yana iya aytkanchi bugun Arablar sizlarni yutadi man Olloxdan shuni so'rayman