
Shahboz Umarov – Turkiyada!
O‘tgan mavsumda “Energetik-BGU” tarkibidagi ishonchli o‘yinlari bilan Belarus chempionatining kashfiyotlaridan biriga aylangan o‘zbekistonlik legioner Shahboz Umarov yangi mavsumni BATEda o‘tkazadi.
Borisov shahri jamoasi rahbariyati o‘tgan yozda hamyurtimiz bilan shartnoma imzolagan bo‘lsa-da, Shahboz mavsumni “Energetik-BGU” tarkibida yakunladi. Xususan, legionerimiz minsklik talabalarning mavsumdagi barcha uchrashuvlarida qatnashgan yagona futbolchi bo‘ldi. U 30 ta uchrashuvda raqiblar darvozasini to‘rt marotaba ishg‘ol qilib, jamoadoshlariga uchta golli pas uzatdi.
Belarusning 15 karra chempioni sifatida rekord o‘rnatgan BATE yangi mavsumda ham oltin medal uchun kurashishi kutilmoqda. Chempionlik uchun kurashda borisovliklarga xuddi o‘tgan yilgidek Soligorskning “Shaxtyor” jamoasi raqobat qiladi. “Konchilar” tarkibida ham o‘zbekistonlik legioner Shahzod Ubaydullaev bor. U soligorskliklar safida o‘tgan yilgi chempionat qahramoni bo‘lgan Jasur Yaxshiboevning yo‘qligini bildirmasligi kerak.
BATE mavsumga jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqda. Dastlabki yig‘inni o‘z yurtida o‘tagan BATE futbolchilari 4 fevraldan xorijiy o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlariga kirishdi.
Ma’lumotlarga qaraganda, borisovliklar Turkiyadagi yig‘inni 27 yanvardan boshlashi rejalashtirilgan edi. Biroq, ayrim sabablarga ko‘ra, jamoa Belek shahriga 3 fevral kuni yo‘l olgan va mashg‘ulotlarga 4 fevraldan kirishadi.
“BATE Turkiyada yig‘in o‘tkazish uchun katta tashkiliy ishlarni amalga oshirishiga to‘g‘ri keldi. Klub delegatsiyasining xorijiy o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini bilan bog‘liq moliyaviy masalalar o‘tgan yillardagi kabi BATEning o‘zi ishlab topgan mablag‘lar evaziga hal qilindi.
Jamoani yangi mavsumda jiddiy sinovlar va yuqori maqsadlar kutib turganini inobatga olib, futbolchilar uchun tayyorgarlik bosqichida kuchli raqiblar bilan tabiiy chim bilan qoplangan maydonlarda o‘rtoqlik uchrashuvlarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratiladi", - deyiladi BATE matbuot xizmati tarqatgan bayonotda.
Bosh murabbiy Vitaliy Jukovskiy boshchiligidagi murabbiylar shtabi Turkiya yig‘iniga quyidagi futbolchilarni jalb qildi.
Darvozabonlar: Andrey Kudravets, Anton Chichkan, Denis Sherbitskiy;
Himoyachilar: Dmitriy Bessmertnyy, Boris Kopitovich, Semen Lazarchik, Vladislav Malkevich, Danila Nechaev, Pavel Ribak, Nikita Supranovich, Aleksandar Filipovich, Yakov Filipovich, Aleksey Shalashnikov;
Yarim himoyachilar: Villyum Villyumsson, Sergey Volkov, Stanislav Dragun, Pavel Nexaychik, Aleksey Nosko, Pavel Pashevich, Shahboz Umarov, Evgeniy Yablonskiy;
Hujumchilar: Nemanya Milich, Anton Saroka, Nikolay Signevich, Maksim Skavish.
Ta’kidlash joizki, Belarus klublarining xorijda yig‘in o‘tkazishi qiyin. Mamlakat sport vazirligi davlat tomonidan moliyalashtiriladigan klublarning mashg‘ulot o‘tkazish uchun chetga chiqishiga yo‘l qo‘ymaydi. Avvalroq, sport vazirligi BATEning ham mamlakatdan tashqarida mashg‘ulot o‘tkazishiga ruxsat bermagan edi. Ayni paytda “Shaxtyor” Birlashgan Arab Amirliklarida, BATE va “Rux” Turkiyada, Minskning “Dinamo” jamoasi Rossiyada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tamoqda. Bu klublarning hammasi xarajatlarni o‘zi ishlab topgan mablag‘lar hisobidan tashkil qilgan.
Belek shahridagi Cornelia Diamond mehmonxonasiga joylashgan Shahboz Umarov jamoasi dastlabki o‘rtoqlik uchrashuvini 8 fevral kuni Kievning “Dinamo” klubiga qarshi o‘tkazadi.
Fikrlar