Simeone Al’varesdan qattiq g‘azabda
Madridning «Atletiko» jamoasi bosh murabbiyi Diego Simeone hujumchi Julian Alvares atrofidagi vaziyatdan juda norozi.
Ma'lumotlarga ko‘ra, forvard ochiqchasiga «Barselona»ga o‘tish istagini bildirgan. Ammo «Atletiko» rahbariyati uni kataloniyaliklar klubiga qo‘yib yuborishni rad etgan. Shuning ortidan Alvares so‘nggi kunlarda jamoa bilan umumiy mashg‘ulotlarda ko‘rinmayapti. Ichki manbalar buni futbolchining jamoani tark etish istagi bilan bog‘lamoqda.
Barca Universal nashri jurnalist Fil Kitromilidesga tayanib xabar berishicha, Diego Simeone futbolchining bu harakatlaridan shunchalik g‘azablanganki, hatto «u tomonga qarashni ham istamayapti».
Ilgari Simeonega argentinalik hamyurtining kelajagi haqida ommaviy axborot vositalari tomonidan berilayotgan bitmas-tuganmas savollar ham juda malol kelayotgani aytilgan edi.
Shu bilan birga, Julian Alvares uchun kurashda asosiy da'vogar sifatida Londonning «Arsenal» klubi tilga olinmoqda. Biroq futbolchining o‘zi hali-hanuz Angliyaga qaytish istagini bildirmayapti.

Fikrlar