"Сити"dan ketaman, Husanovdan baribir joy ortmas ekan!
Abduqodir raqobatchilarga joy bermayapti
"Manchester Siti"ning angliyalik himoyachisi Riko Lyuis o'yin amaliyotisiz qolib ketayotganligi uchun qishki transfer oynasi davrida jamoani tark etishni rejalashtiryapti. Bu haqida Football Insider nashri xabar berdi.
Manba ma'lumotiga ko'ra, 21 yoshli futbolchi jamoadagi vaziyatdan umuman qoniqmayapti. Shu bois u muntazam maydonga tushish imkoniyatini topish uchun klubdan ketishga ruxsat so'ramoqchi. Aytilishicha, Lyuisga Angliya premyer-ligasining bir nechta jamoalari qiziqish bildirmoqda.
Riko Lyuis maydondagi pozitsiya jihatidan o'ng qanot himoyachisi hisoblanadi. Biroq, avvalgi bosh murabbiy Xosep Gvardiola bu nuqtaga asli yarim himoyachi bo'lgan Mateush Nun'yeshni moslashtirgan. Portugaliyalik futbolchi maydonga tusha olmagan taqdirda o'ng qanot himoyasiga asli markaziy himoyachi bo'lgan Abduqodir Husanov qo'yilayotgan edi.
Enzo Mareska "Manchester Siti"ni qabul qilib olganidan keyin ham vaziyat umuman o'zgarmadi.
O'ng qanotda goh Nun'yesh, vaziyat taqozo etganda Husanov o'ynab kelmoqda. Shu sababli Riko Lyuis joriy mavsumda barcha musobaqalarni hisobga olgan holda atigi beshta o'yinda maydonga tushib, 312 daqiqa o'ynadi va ikki bor golli uzatma muallifi bo'ldi.
Manchesterliklar yanvar oyida bu pozitsiyaga "Chelsi"dan Malo Gyustoni olib kelishni mo'ljallayapti. Agar bu reja amalga oshsa, Lyuis umuman o'yin amaliyotisiz qolib ketishi mumkin.
Riko Lyuis 2023 yildan Angliya terma jamoasiga chaqirila boshlangan edi. Biroq zaxirada o'tirib qolayotganligi bois xalqaro faoliyati ham beshta o'yin bilan cheklanib qolgan.
Angliyalik yosh futbolchining "Manchester Siti" bilan amaldagi shartnomasi 2030 yilgacha mo'ljallangan. Transfermarkt portali bahosiga ko'ra, uning transfer qiymati 25 million evroni tashkil etadi.

Izohlar (0)