Superligada tur faollarini bilasizmi?

  • 8 aprel, 2024, 15:03
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

Superliganing 5-turidan o‘rin olgan 4 ta o‘yin o‘tkazilganini yaxshi bilasiz. Uchta bellashuv esa olimpiya terma jamoamizning yig‘ini sababli noma’lum muddatga qoldirildi. Shu bois asosiy e’tibor qolgan to‘rtta o‘yinga qaratildi. Tabiiyki, ushbu uchrashuvlarning qahramonlari aniqlandi.

Tecno

“Lokomotiv” – “Andijon” – 1:2. Eng yaxshi futbolchi: Bektemir Abdumannonov

Superliganing 5-turini boshlab bergan “Lokomotiv” – “Andijon” o‘yini kutilganidek o‘zidan yana yorqin taassurot qoldirdi. Sababi, andijonliklar safarda muhim uch ochkoni qo‘lga kiritishdi. “Burgutlar”ning muxlislari esa stadionda yana faolligi bilan ajralib turdilar.

O‘yinning eng yaxshi futbolchisi sifatida “Andijon”ning ajoyib ijrochisi, yarim himoyachi – Bektemir Abdumannonov e’tirof etildi. Bu yilgi mavsumda “Andijon”ning eng yaxshi transferlaridan biri sifatida qaralayotgan Abdumannonov “Loko”ga qarshi bahsda ham “yondirdi”. U tezkorligi, driblingi bilan raqib futbolchilarini bir necha bor shoshirib qo‘yganiga guvoh bo‘ldik. Masalan, “Andijon”ning birinchi goli kiritilishida ham Bektemirning hissasi juda katta bo‘ldi. Chunki u o‘sha golning yaratilishini ta’minlab berdi. To‘pni raqib o‘yinchisidan olib qo‘yib, tezkor hujumga o‘tdi va uni yiqitishganidan keyin jarima zarbasi belgilandi. Standartni Abdumannonovning o‘zi bajardi va Islom Mamatkazinga golli assistni amalga oshirdi. Umuman olganda, Bektemir 5 ta golli assist ijrochisiga aylandi.

“Bunyodkor” –“Dinamo” – 0:0. Eng yaxshi futbolchi: Frantsis Narx

Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Bunyodkor” hamda “Dinamo” jamoalari o‘rtasidagi bellashuvda hisob ochilgani yo‘q. Lekin o‘yin harorati va sifati yomon bo‘lgani yo‘q. “Bunyodkor”ning sobiq futbolchisi, ganalik Frantsis Narx “Dinamo” safida o‘tgan yildan beri to‘p surmoqda. “Qaldirg‘ochlar”ga qarshi o‘yinda esa Narx to‘liq o‘ynadi hamda maydonda tirishqoqligi, mehnati bilan ajralib turdi. Shunga yarasha Frantsis eng yaxshi futbolchiga aylandi.

“So‘g‘diyona” – “Qizilqum” – 1:0. Eng yaxshi futbolchi: Vladimir Yovovich

Ivan Boshkovich jamoasi chempionatdagi ikkinchi g‘alabasini qo‘lga kiritdi. “Qizilqum”ga qarshi bo‘lib o‘tgan uchrashuvda jizzaxliklar muhim natijaga erishishdi. To‘g‘ri, qiyin bo‘ldi, biroq, asosiysi, “So‘g‘diyona” uch ochkoga ega bo‘ldi. Bunda mezbon futbolchilari va ayniqsa, chernogoriyalik legioner yarim himoyachi Vladimir Yovovich o‘zini ko‘rsatdi. U uchrashuvni deyarli to‘liq o‘tkazdi hamda raqib o‘yinchilariga muammolar tug‘dirdi. Yovovich “So‘g‘diyona” uchun muhim o‘yinchilardan biriga aylanib boryapti.

“Surxon” – OKMK – 2:1. Eng yaxshi futbolchi: Sunnatilla Hamidjonov

O‘tgan turda Namanganda “Navbahor” bilan durang o‘ynab qaytgan “Surxon” asta-sekin o‘ziga kelayotganga o‘xshayapti. O‘yin tomonlama o‘zidan yaxshi taassurot qoldirishni boshlagan termizliklar 5-turda “Paxtakor” stadionida Mirjalol Qosimov boshchiligidagi OKMKni qabul qilib 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdilar. Shunday qilib, “Surxon” chempionatdagi birinchi g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Uchrashuvda birinchi gol muallifiga aylangan himoyachi Sunnatilla Hamidjonov olqishlarga sazovor bo‘ldi va eng yaxshi o‘yinchi nomiga erishdi. Hamidjonov o‘tgan turda “Navbahor”ga qarshi bahsda ham gol urgandi va bu safar ham u maydonni golsiz tark etmadi. Darhaqiqat, Sunnatilla “Surxon” tarkibida eng yaxshilardan biriga aylandi. U oldingi bahslarda ham faolligi bilan ko‘zga tashlanayotgandi va OKMKga qarshi uchrashuvda haqli tarzda eng yaxshi futbolchi deb topildi.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Искандар Нарзикулов
09/04/2024 06:59
Нарх йашшабор шундай уйна
&
09/04/2024 10:13
Езишни урган.