
Superligada tur qahramonlarini bilasizmi?
9-12 avgust kunlari Superligada 15-tur o‘yinlari o‘tkazildi. Unda bir qator natijalar kuzatildi va tabiiyki, uchrashuv qahramonlari ham aniqlandi. Quyida shu xususida so‘z yuritamiz.
“Lokomotiv” – “Olimpik” – 1:1. Eng yaxshi futbolchi: Sunnatilla Abdullajonov
Turni boshlab bergan Toshkent derbisida kuchlar teng keldi – 1:1. Mezbonlar g‘alabaga yaqin edi. Ammo 88-daqiqada Sunnatilla Abdullajonovning goli evaziga “Olimpik” mag‘lubiyatdan qutulib qoldi. Ikkinchi davrada jamoaga taklif qilingan Abdullajonov “Olimpik”dagi yoshi katta futbolchiga aylandi. U jamoadoshlariga o‘rnak bo‘lyapti va “Lokomotiv” bilan bahsda o‘zini ko‘rsatishga muvaffaq bo‘ldi.
“Neftchi” – “Dinamo” – 3:2. Eng yaxshi futbolchi: Manuchexr Safarov
Farg‘onaliklar ushbu turda “Dinamo”ga qarshi bellashuvda 3:2 hisobidagi g‘alabani qo‘lga kiritdi. “Neftchi”ning birinchi goli muallifi bo‘lgan tojikistonlik himoyachi Manuchexr Safarov maydonda ajralib turdi. Shu bois u bellashuvning eng yaxshi o‘yinchisi bo‘ldi. Ko‘p vaziyatlarda raqiblariga imkoniyat qoldirmadi.
“Nasaf” – “Paxtakor” – 1:0. Eng yaxshi futbolchi: Abduvohid Ne’matov
15-turning markaziy uchrashuvida “Nasaf” o‘z maydonida “Paxtakor”ni 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Ammo ularga bu g‘alabani qo‘lga kiritish tabiiyki oson bo‘lgani yo‘q. “Nasaf” darvozaboni Abduvohid Ne’matov eng yaxshi o‘yinchiga aylandi. U “Paxtakor” futbolchilarining bir qancha xavfli zarbalarini bartaraf qildi va jamoasini gollardan saqlab qoldi.
“So‘g‘diyona” – “Metallurg” – 2:2. Eng yaxshi futbolchi: Aziz Pirmuhammadov
Jizzaxdagi og‘ir bahsda jangovar 2:2 hisobi qayd etildi. Garchi “Metallurg”ning mavsum boshidan buyon g‘alabasiz seriyasi davom etayotganiga qaramasdan bu turda mehmonda “So‘g‘diyona”ga qarshi og‘ir uchrashuvda bir ochkoni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi davrada bekobodliklar safiga qo‘shilgan Aziz Pirmuhammadov jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qolgan gol muallifiga aylandi. Yakunda esa u eng yaxshi futbolchi nomiga sazovor bo‘ldi.
“Bunyodkor” – “Andijon” – 2:0. Eng yaxshi futbolchi: Temurxo‘ja Abduholiqov
“Bunyodkor” bu turga kelib nihoyat uzoq kutilgan g‘alabasiga erishdi. Uchrashuvni asosiy tarkibda jamoa sardori sifatida boshlagan tajribali hujumchi Temurxo‘ja Abduholiqov o‘yinning eng yaxshi o‘yinchisi bo‘ldi. Garchi u hujumchi bo‘lsa-da, shu kuni maydonda pleymeykerlik ishini a’lo darajada uddaladi. Jamoasining hujumlari uning ajoyib paslari orqali boshlandi. Bir so‘z bilan aytganda. Abduholiqov maydonda eng yaxshisi bo‘ldi.
OKMK – “Navbahor” – 2:1. Eng yaxshi futbolchi: Akrom Komilov
Mirjalol Qosimov boshchiligidagi OKMK bu turda muxlislarini yana xursand qila oldi. Turning markaziy to‘qnashuvlaridan biri sifatida e’tirof etilgan OKMK – “Navbahor” qarama-qarshiligida maydon egalari 90+8-daqiqada kiritilgan gol evaziga 2:1 hisobida g‘alaba qozondilar. Qanot himoyachisi Akrom Komilov shu kuni boshqalardan ajralib turdi. U raqib hujumlarini bartaraf qilishda ham jonbozlik ko‘rsatdi va jamoasining hujumlarini tashkil qilishda ham o‘zini ko‘rsatdi.
“Surxon” – “Qizilqum” – 1:0. Eng yaxshi futbolchi: Dmitriy Pletnyov
“Surxon” Samarqandda “Qizilqum” jamoasiga qarshi uchrashuvda juda muhim uch ochkoni qo‘lga kiritdi. Termizliklarning g‘alabasi uchun birgina gol etarli bo‘ldi. Rossiyalik yarim himoyachi Dmitriy Pletnyov katta sahnaga chiqdi va yakunda bellashuv qahramoniga aylandi. Maydondagi faol harakatlari evaziga raqib darvozasini ishg‘ol qildi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar