
Superligada yana intriga qiziydi
Nihoyat, Superligamiz yana qaytdi. Bugundan 6-turga start beriladi. Faqat ushbu turdan o‘rin olgan “Dinamo” – “Olimpik” o‘yini qoldirildi. Shundan kelib chiqib “Paxtakor” – “Metallurg” uchrashuvi 6 maydan 7 mayga ko‘chirildi. Chempionatda yana intriga qiziydi. Bunisi Andijondan boshlanadi.
4 may
18:30. “Andijon” – “So‘g‘diyona”
Superliganing 6-turini boshlab beradigan o‘yin “Bobur arena”da. Ha, bu o‘sha barchaning, boshqa mamlakatlardagi ishqibozu, mutaxassislarning e’tiboriga tushib qolgan arena. U erda raqiblar uchun qo‘rqinli muhit yuzaga keladigan mezbonlar uchun esa katta kuchga aylana oladigan ishqibozlar “armiyasi”ga ega bo‘lgan stadion. Tan olish kerak, “So‘g‘diyona”ga qiyin bo‘ladi. “Andijon” o‘z maydonida qanday kuchga aylanishini hamma biladi. Bu safar ham stadionda boshqacha muhit bo‘lishi shubhasiz. “Burgutlar” bu o‘yinda favorit. Chunki ular hozirda Superliga peshqadamidir. Qolaversa, yaqinda O‘zbekiston Kubogining amaldagi sohibini yutib guruhda qoldirib yubordlar va o‘zlari keyingi bosqichga chiqdi. Ko‘pchilik maydon egalarining imkoniyatini yuqori baholayapti.
5 may
18:00. “Navbahor” – “Lokomotiv”
“Navbahor” ham O‘zbekiston Kubogida muvaffaqiyatli qatnashib, keyingi bosqichga chiqdi. Endi ularning asosiy e’tibori yana Superligaga qaratilgan. Samvel Babayan jamoasi bu gal poytaxtning “Lokomotiv” klubini qabul qiladi. Namanganda ham yaxshi o‘yin bo‘ladi. “Loko” chempionatning 5-turida o‘z maydonida “Andijon”ga yutqazib qo‘ygandi. Bu safar ular yana vodiy klubiga qarshi. Rosti, “Navbahor”ning o‘z uyida va muxlislari qarshisida to‘p surishi fonida imkoniyati balandroq baholanyapti.
18:30. “Bunyodkor” – “Surxon”
Chempionatni o‘z darajasiga mos tarzda boshlay olmagan va muvaffaqiyatsizlik girdobiga tushib qolgan “Bunyodkor” uchun yana jiddiy o‘yin. “Qaldirg‘ochlar” oxirgi paytlarda o‘z o‘yinini topib borayotgan “Surxon”ni qabul qiladi. “Bunyodkor” uchun noqulay raqibdek. Chunki oldinlari termizliklar raqibini mag‘lub etganlariga guvoh bo‘lganmiz. “Bunyodkor”da hali chempionat boshlanganidan beri g‘alaba yo‘q. Demak, mezbonlarni endi durang ham qoniqtirmaydi. “Surxon” esa juda injiq raqib. Balki birgina gol o‘yin taqdirini hal qilishi ham mumkin.
6 may
18:00. “Qizilqum” – “Neftchi”
Musobaqa jadvalida bitta o‘yin kam holatida ikkinchi o‘rinda borayotgan “Neftchi” Qarshida “Qizilqum” bilan bellashadi. Bu uchrashuvda imkoniyatlar tengga o‘xshab ko‘rinmoqda. Ammo tajriba borasida biroz “Neftchi”da ustunlik bor. Lekin bu uchrashuvdan avval hech nimani hal qilmaydi. Barchasi maydonda aniq bo‘ladi. Go‘yoki, kuchlar teng keladigandek. Agar shunday bo‘lsa, chempionlik uchun kurashayotgan “Neftchi” qimmatli ochkolardan mahrum bo‘ladi.
7 may
18:00. “Paxtakor” – “Metallurg”
Amaldagi chempionning ishlari unchalik emas. “Metallurg”niki esa yanada yomonroq. Negaki, bekobodliklar 4 ta o‘yinda 2 ta durang va 2 ta mag‘lubiyatga uchradi. Hisobida hozircha g‘alaba mavjud emas. “Paxtakor” ham bitta kam o‘yin o‘tkazgan va 4 ta bahsda faqat 1 bor g‘alaba qozondi. Bir so‘z bilan aytganda, bu to‘qnashuv ham o‘ziga yarasha qiziq o‘tishi mumkin. “Paxtakor”ning tarkibi yoshartirilganidan kelib chiqsak, imkoniyatlar o‘rtasidagi tafovut u qadar katta emas.
19:00. OKMK – “Nasaf”
Ikkala klub O‘zbekiston Kubogida omadsiz qatnashib guruh bosqichida qolib ketdilar. Tabiiyki, ikkalasi endi yaralangan sher kabi chempionat o‘yinlariga kirishishadi. “Nasaf” “o‘lim guruhi”dan chiqa olmadi. Biroq OKMKning natijasi ancha kutilmagan darajada. Chunki uning guruhida faqat birgina o‘zi Superliga vakili edi. Qolganlari pro liga hamda birinchi liga jamoalari hisoblanardi. Mirjalol Qosimov jamoasi Kubok musobaqasidagi muvaffaqiyatsiz natijani yuvish uchun albatta “Nasaf”ni yutishi shart. O‘z navbatida Ro‘ziqul Berdiev jamoasida ham shunaqa holat. Bu turning markaziy uchrashuvi bo‘ladi. Qaysi jamoa muvaffaqiyatsizlikdan keyin yaxshi tiklana olgan bo‘lsa, o‘sha jamoa g‘alaba qozonadi.
Fikrlar