Tabatadzedan Cherangacha...

  • 6 mart, 2024, 22:40
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

1-turdan keyin o‘ziga yarasha fikrlar, taassurotlar shakllandi. Kimdir kutilgan, yana kimdir kutilmagan darajada o‘zini ko‘rsatdi, deyish mumkin. Ilk turdagi 7 ta uchrashuvning eng zo‘rlari aniqlandi.

Tecno

“Navbahor” – “Dinamo” – 3:1. Eng yaxshi futbolchi: Toma Tabatadze

“Navbahor” klubi kutilganidek chempionatni g‘alaba bilan boshladi. Namanganda “Dinamo”ga qarshi bellashuvda Samvel Babayan jamoasi 3:1 hisobida ustun keldi. Uchrashuv “Navbahor”ning gruziyalik legioneri Toma Tabatadze ilk turdayoq dublga erishdi va jamoasining g‘alabasiga katta hissa qo‘shdi. 90-daqiqada o‘rnini jamoadoshiga bo‘shatib bergan hujumchi o‘yinning eng yaxshisiga aylandi. Bunga uning ikkita gol urgani asosiy sabab.

tabatadze

“Nasaf” – “Olimpik” – 2:0. Eng yaxshi futbolchi: Akmal Mozgovoy

Ro‘ziqul Berdiev chempionatning birinchi turida Timur Kapadze ustozligidagi “Olimpik”ni 2:0 hisobida engdi. Uchrashuvda birinchi gol muallifi bo‘lgan Akmal Mozgovoy shubhasiz uchrashuvning eng zo‘r o‘yinchisi deb topildi. U bunga haqli edi. Chunki Mozgovoy bahsni juda faol o‘tkazdi.

“Bunyodkor” – “Qizilqum” – 1:3. Eng yaxshi futbolchi: Shahboz Jo‘rabekov

Ko‘pchilik kutmaganda “Qizilqum” Toshkentda “Bunyodkor”ni mag‘lubiyatga uchratib qaytdi. Birinchi bo‘limning o‘zida navoiyliklar javobsiz uchta gol urib, o‘yin taqdirini deyarli hal qilib qo‘ygandilar. Ikkinchi bo‘limda mezbonlar faqat bir marta javob golini urdilar xolos. “Qizilqum”ga yangi qo‘shilgan va debyutini o‘tkazgan himoyachi Shahboz Jo‘rabekov o‘zidan kutilgan o‘yinni namoyish qila oldi. U himoyachi bo‘lishiga qaramay, raqib darvozasiga gol urdi hamda golli assitni ham amalga oshirdi. Xullas, ilk bellashuvda Jo‘rabekov qoyilmaqom o‘ynadi va eng yaxshi futbolchiga aylandi.

Jo‘rabekov3_1

“So‘g‘diyona” – “Neftchi” – 1:2. Eng yaxshi futbolchi: Nsungusu Effiong

Musobaqaning favoritlaridan biri Vitaliy Levchenko shogirdlari ham mavsumni g‘alaba bilan boshladilar. Jizzaxda “So‘g‘diyona” bilan bo‘lib o‘tgan o‘yinda “Neftchi” 1:2 hisobida g‘olib chiqdi. Nigeriyalik hujumchi Nsungusu Effiong shu kuni boshlang‘ich tarkibda maydonga tushirildi. Bosh murabbiyning qarori esa o‘zini to‘la oqladi. 14 va 60-daqiqalarda “Neftchi”ning yangi hujumchisi gol urdi va uning dubli evaziga jamoasining uch ochkosi ta’minlandi. Debyutini muvaffaqiyatli boshlagan bu o‘yinchi so‘zsiz eng zo‘ri bo‘ldi.

OKMK – “Andijon” – 0:0. Eng yaxshi futbolchisi: Vladimir Bubanya

1-turda faqatgina Olmaliqdagi bahsda gol urilmadi. OKMKning ham, “Andijon”ning ham kuchi teng keldi. Mehmonlarning serbiyalik sardori Vladimir Bubanya maydonda eng faol o‘ynagan o‘yinchilardan biri bo‘ldi. Bir vaziyatda u gol urishga ham juda yaqin kelgandi. Burchakdan oshirilgan to‘pni boshi bilan yo‘lladi, ammo darvozabon zo‘rg‘a bartaraf etib qoldi. Buning ustiga Bubanya jamoasining mudofaa chizig‘ini bexato o‘yin ko‘rsatishida va raqib hujumlarini qaytarishda jonbozlik ko‘rsatdi.

okmk-andijon5_1

“Lokomotiv” – “Metallurg” – 2:2. Eng yaxshi futbolchi: Dilshod Komilov

Shubhasiz Dilshod Komilov o‘yinning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi. Bir yillik tanaffusdan so‘ng yana “Lokomotiv”ga qaytgan himoyachi “Metallurg”ga qarshi chempionatning birinchi uchrashuvida ikkita gol urishga muvaffaq bo‘ldi. U Superligadagi nafaqat debyut golini urdi, balki dublini ham rasmiylashtirishga muvaffaq bo‘ldi. Komilov qaytishini mana shunday tarzda muvaffaqiyatli boshladi. Biroq “Lokomotiv”ga g‘alaba qozonish nasib qilmadi.

“Surxon” – “Paxtakor” – 0:3. Eng yaxshi futbolchi: Dragan Cheran

Bu yil 37 yoshni qarshilaydigan tajribali legioner hujumchi Dragan Cheran yangi mavsumni dubl bilan boshladi. “Paxtakor” o‘z maydonida “mehmon” jamoa sifatida “mezbon” “Surxon”ga qarshi maydonga tushdi. 5 yildan beri to‘purarlikni o‘zida saqlab kelayotgan Cheran yangi mavsumni yana gollar bilan boshladi va raqib darvozasini ikki marotaba ishg‘ol etdi. U hamon eng yaxshisi ekanini amalda isbotlab kelyapti.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!