UEFA Jahon va Evropa chempionatlari saralash formatini o‘zgartirishi mumkin
"The Times" nashrining ma’lumotiga ko‘ra, UEFA terma jamoalar bo‘yicha qo‘mitasida Jahon chempionati va Evropa chempionati saralash bosqichlari formatiga o‘zgartish kiritish masalasini o‘rganish uchun ishchi guruh tuzildi.
Guruh bir nechta turli tizimlarni ko‘rib chiqadi. Xususan, Millatlar ligasini saralash turniri sifatida qo‘llash yoki shveytsariyacha modelni joriy etish variantlari muhokama qilinmoqda. Shu turdagi format o‘tgan mavsumdan boshlab Evropa kuboklarida qo‘llanilmoqda.
Bu rejalar haqida ikki hafta avval Malagada bo‘lib o‘tgan 55 ta Evropa federatsiyasi bosh kotiblari uchrashuvida ma’lum qilingan.
"Saralash bosqichi uchrashuvlarida translyatsiya daromadlari va muxlislar qiziqishi kamaymoqda, ammo Millatlar ligasida aksincha o‘sish kuzatilmoqda. Bu masala avval ham muhokama qilingan, lekin yirik terma jamoalarga muammo yaratmagan, raqobatbardosh va shu bilan birga kichik jamoalarga ham imkoniyat beruvchi to‘g‘ri formulani topish juda qiyin", — deydi vaziyatdan xabardor manba.
Fikrlar