Vasiliy Lomachenko va Teofimo Lopes jangi oldidan prevyu

  • 6 oktabr, 2020, 11:01
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

Professional boksning engil vazn toifasida WBC Franchise, WBO va  WBA Super chempionlik kamarlari sohibi  ukrainalik Vasiliy Lomachenko 17 oktyabr kuni Amerikaning  Las-Vegas shahrida bo‘lib o‘tadigan jang oqshomida ushbu vaznning IBF yo‘nalishi chempioni 23 yoshli Teofimo Lopes bilan 4 ta kamar uchun jang olib boradi. Ushbu jang ESPN+ kanali orqali translyatsiya qilinadi. Bir necha yillardan beri 3 vaznda jahon chempioni bo‘lgan va faoliyati davomida debyut jangidanoq mintaqaviy kamar uchun ringga ko‘tarilgan Lomachenkoga qarshi IBF kamari egasi Lopes qay darajada qarshilik  qila olishi  boks ommasining yuqori qiziqishiga sabab bo‘lmoqda.

Tecno

lom

Vasiliy Lomachenko havaskor boksda ikki karra jahon chempioni (2009, 2011) va ikki karra Olimpiya o‘yinlari g‘olibi  (2008, 2012) hisoblanadi. Uning havaskordagi statistikasi ham hayrantlanarli darajada, 397 jang, 396 g‘alaba va 1 mag‘lubiyat.

Teofimo Lopesning havaskor boksda eng katta musobaqasi esa 2016 yilgi Rio Olimpiadasi bo‘lib, u ushbu to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasida Gonduras sharafini himoya qilgan va turnirning dastlabki bosqichlarida frantsiyalik Sofyan Umiaga mag‘lub bo‘lgan. Umia esa keyinchalik turnirning kumush medalini qo‘lga kiritadi. Lopesning ushbu yo‘nalishdagi arzigulik natijasi AQShda tashkil etiladigan “Milliy oltin qo‘lqoplar” musobaqasi g‘olibligini qo‘lga kiritganidir. 

Bokschilarning professional faoliyatiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Vasiliy Lomachenko “Top Rank” promouterlik kompaniyasi bilan shartnoma imzoladi va o‘zining debyut jangida yarim engil vaznda (57.1 kg) WBO International kamarini qo‘lga kiritdi. Ikkinchi jangidayoq ushbu vaznda WBO kamari uchun Orlando Salidoga qarshi to‘qnash keladi. Biroq bu safar “Loma” imkoniyatni boy berib qo‘yadi. Keyinchalik ushbu kamar vakant qoladi va yana Lomachenko ushbu titul uchun ringga ko‘tariladi. Bu safar unga yarim engil vaznda mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettirayotgan, Garri Allen Russel (24- 0 o‘sha vaqtda) raqiblik qiladi. Mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa chiqargan ukrainalik bokschi Russelga imkoniyat qoldirmagan holda WBO jahon chempionlik kamarini qo‘lga kiritadi. Shundan so‘ng, Roman Martinesni beshinchi raundda mag‘lubiyatga uchratib, super yarim engil vaznda (58.9kg) ham WBO chempionlik kamarini o‘ziniki qilib oladi. Engil vazn toifasidagi (61.2kg) ilk jangida esa o‘ta jiddiy raqib, uch vaznda jahon chempioni Xorxe Linaresga qarshi WBA kamari uchun  jang o‘tkazgan Lomachenko 10-raundda nokaut evaziga g‘alaba qozonib, o‘zining uchinchi vazndagi jahon chempionlik kamari sohibiga aylanadi. Navbatdagi 3 jangida Xose Pedraza, Entoni Krol, Lyuk Kempbell kabi kuchli raqiblarni mag‘lub etib WBA, WBO, WBC jahon chempionlik kamarlari egasiga aylanadi. WBC tashkiloti esa uni “Franchise”, ya’ni daxlsiz chempion deya e’lon qildi. Shu vaqtga qadar  3 vaznda jahon chempioni hisoblangan Lomachenko 15 ta jang o‘tkazib, 14 bor g‘alaba qozondi,10 tasini esa muddatidan avval yakunlagan.

Lomachik

Teofimo Lopes ham 2016 yilning oktyabr oyida  Vasiliy Lomachenko kabi “Top Rank” bilan shartnoma imzodi va o‘z debyutini usha yili Menni Pakyao va Jessi Vargas jangi anderkardida o‘tkazdi.  U 2018 yilda Meson Menard ustidan qozonilgan g‘alabasidan so‘ng, jahon chempionlik kamari uchun jiddiy kurashni boshlaganini e’lon qildi.

Keyingi jangida faxriy bokschi Diego Magdelanoni nokautga uchratgach, WBA reytingida 9, WBC da 11 va WBO reytingida 10-o‘rinda qayd etilgan edi. 2019 yilning 19 iyulida IBF reytingida 4-o‘ringa ko‘tarilgan Lopes va 3-o‘rindagi yaponiyalik engilmas bokschi Masayoshi Nakata o‘rtasida yakuniy eliminator jangi bo‘lib o‘tadi. Mazkur to‘qnashuvda Lopes ochkolar hisobida g‘alabani qo‘lga kiritib, IBF chempioni Richard Kommi uchun majburiy da’vogarga aylanadi. Tez orada ular o‘rtasida tashkil etilgan chempionlik jangida Kommini 2-raunddayoq nokautga uchratadi va  IBF jahon chempionlik kamarini oladi. Ushbu natijadan so‘ng, Lopes g‘alabalarining soni 15 taga etadi. Ularning 12 tasida raqiblarini muddatidan avval mag‘lub etgandi.

lopes

Lomachenko-Lopes to‘qnashuvi qiziqarli bo‘lishi aniq. Bu jang diviziondagi eng kuchli bokschi kimligiga yana bir bora aniqlik kiritib beradi. Hozirda, ko‘plab boks ishqibozlari Lomachenkoning g‘alabasini taxmin qilishmoqda. Bir tomondan esa yosh va kuchga to‘lgan Lopes Lomachenkoni to‘xtata oladi, deya fikr bildirayotganlar ham yo‘q emas.  Bu taxminlar o‘zini qanchalik oqlashini esa  17 oktyabr kuni bilib olamiz. Voqealar rivojini bizda kuzatib boring!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!