Vinisius "Real"ga qanday shart qoʻydi?
«Real» klubi va braziliyalik hujumchi Vinisius Zhunior hozircha yangi shartnoma bo‘yicha kelisha olmayapti.
Sport.es nashri ma’lumoticha, muzokaralardagi asosiy tortishuv moliyaviy masalalarga borib taqalmoqda. Vinisius manfaatlarini Roc Nation agentligi himoya qilmoqda. Ushbu agentlik vakillari dushanba kuni Madridga yetib kelishlari kutilmoqda.
Ular «Real» rahbariyati bilan nafaqat Vinisiusning kelajagini, balki «Leyptsig» vingeri Yan Diomande transferi ehtimolini ham muhokama qilishi rejalashtirilgan.
Manbalarga ko‘ra, futbolchi tomoni yangi shartnomaga maxsus «sodiqlik bonusi»ni kiritishni talab qilmoqda. Unga ko‘ra, Vinisius shartnomani to‘liq bajarib bo‘lgach, 15 million yevro miqdorida qo‘shimcha to‘lov olishi kerak bo‘ladi.
Shuningdek, uning vakillari maosh miqdori Kilian Mbappe daromadiga yaqinlashishini istamoqda — soliqlar undirilishigacha bir mavsum uchun taxminan 30 million yevro atrofida.
«Real» esa hozircha bunday talablarni qabul qilishga tayyor emas. Vinisiusning amaldagi shartnomasi madridliklar bilan 2027 yil 30 iyuniga qadar mo‘ljallangan.
O‘tgan mavsumda 26 yoshli braziliyalik barcha musobaqalarda «Real» tarkibida 22 ta gol urdi. Ammo jamoa mavsumni sovrinsiz yakunlab, Ispaniya chempionatida ikkinchi o‘rinni egalladi.

Fikrlar