«Vulverxempton» - «Sevilya»: Prevyu

  • 11 avgust, 2020, 18:04
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Evropa Ligasining kecha yakuniga etgan chorak final bellashuvlari bizga kelgusidagi uchrashuvlar oldidan yuqori intriga va qiziqarli futbol va’da qilmoqda. Kechagi har ikkala uchrashuv ham uzluksiz hujumlar ostida kechdi. Darvozabonlar kecha qahramoni sifatida namoyon bo‘lishdi. Ayniqsa, «Kopengagen» posboni Yonssonning harakatlari tahsinga sazovor. Bugun yana bir qator qiziqarli nomlarga to‘la bo‘lgan «Vulverxempton» va «Sevilya» klublari kuch sinashadi. Biz ushbu qarama-qarshilik oldidan uning atrofidagi eng muhim xabarlar va mulohazalarga to‘xtalib o‘tamiz.

Tecno

vulvs

«Vulverxempton»

Ko‘pchilik «bo‘rilar»ning imkoniyatlariga etarlicha baho bermayapti. Ha, bugungi uchrashuv markaziy maqomda. Ammo barcha «Sevilya» baribir g‘alaba qozonadi, deb hisoblamoqda. Ximenesning penaltidan kiritilgan yagona golidan ko‘ra ko‘proq ishlar qilinganini esa «Olimpiakos»ga qarshi bahsni kuzatib borganlargina payqashdi. O‘z navbatida, Gretsiyaning 45 karra chempionlarining darajasi haqida ham bosh qotirib ko‘rishni tavsiya etgan bo‘lardik.

Ketma-ket hujumlar ostida kechgan bellashuv Rui Patrisiu uchun ham yaxshi chigalyozdi mashg‘ulot bo‘lib qoldi. Bo‘lg‘usi o‘yinda qarama-qarshi tarafdagi darvozani qo‘riqlovchi Vatslik esa nimchorak finalda ajabtovur seyvlari bilan maqtana olmadi. Bu haqida keyinroq.

Nunu Eshpiritu Santu va bir qator portugal futbolchilar «Vulverxempton»da birlashgan paytda ular sodiqlik dasturi bo‘yicha ham kelishib olganmi, yoki yo‘q buni bilmaymiz. Ammo ushbu turnirni yutishga real imkoniyati bo‘lgan «daydilar» uchun ushbu titul qolgan 7 ta jamoadan ham ko‘proq kerakligi aniq. Sababi, top darajaga chiqqan futbolchi, albatta, katta o‘yinlarda maydonga tushishni xohlaydi. To‘g‘ri, premer-ligada kichik o‘yinning o‘zi bo‘lmaydi. Biroq xalqaro maydon boshqa masala. Ustiga-ustak, g‘olib jamoa uchun taqdim etiladigan mukofot summasi Santuga tarkibdagi kichik bo‘shliqlarni to‘ldirib olish va zaxira imkoniyatlarini oshirishda asqatadi. Baribir «bo‘rilar»da bitta yaxshi markaziy himoyachiga talab bor. Hujumkor yarim himoyachi zonasiga ham biror bir iste’dod egasi kelsa, yomon bo‘lmasdi.

«Vulvs» o‘z tarixida ilk bor ushbu turnir chorak finaliga chiqqanda (1972) jamoa bosh murabbiyi-da go‘dak edi. O‘shanda ularga «Yuventus» raqiblik qilgan va ingliz klubining qo‘li baland kelgan. O‘sha mavsum ular finalda mag‘lubiyatga uchraydi. Xo‘sh, joriy mavsumda-chi?

Taxminiy tarkib: Patrisiu, Boli, Koudi, Saiss, Doerti, Dendonker, Moutino, Nevesh, Vinagre, Ximenes, Jota.

Ishtirok eta olmaydi: Podens, Xonni.

vulvs sostav

«Sevilya»

Darhaqiqat, andalusiyaliklar Evropa Ligasida o‘zini ancha yaxshi his qiladi. «Roma»ga qarshi uchrashuvdagi bir taraflama futbol faqatgina rimliklarning yaxshi shakllanmagan o‘yini natijasi emasdi. Futbolda gigant klublar autsayderlarga qarshi o‘ynagan taqdirda ham, qandaydir vaziyatlar yaratiladi. «Jallorossilar» esa ushbu uchrashuvni to‘liqligicha ispan klubiga boy berishdi.

Yuqorida boshlagan fikrimizni davom ettirgan holda, Vatslik uchun superseyvlar amaliyoti bo‘lmaganligini ta’kidlashimiz mumkin. Raqib posboni Patrisiu esa kamida 3 ta vaziyatda jamoasini muqarrar goldan saqlab qoldi. Tomashni yaxshi darajadagi darvozabon sifatida bilamiz va shundan kelib chiqib, bugungi o‘yinni darvozabonlar o‘rtasidagi ajoyib kurash, deb atashimiz mumkin.

 «Sevilya» alamli tarzda o‘zaro o‘yinlar nisbatiga ko‘ra «Atletiko»ga bronza medallarni boy berdi. Ular sevimli musobaqalarida g‘alaba qozonish evaziga muxlislarning ko‘ngliga taskin topishlari mumkin. Ammo endi Evropa Ligasi avvalgidek emas. Bugun uni yutishni ko‘proq jamoalar orzu qiladi. Avvallari ushbu turnir chorak finali bu qadar katta nomlarga boy bo‘lmasdi. Chorak final haqida gap ketayotgan ekan, ushbu bosqichda «Sevilya» hech qachon mag‘lub bo‘lmaganligini aytib o‘tishimiz kerak. 5 karra chempionlar bugun «Vulverxempton»ga qarshi og‘ir o‘yin o‘tkazishadi.

Taxminiy tarkib: Vatslik, Navas, Diego Karlos, Kunde, Regilon, Fernando, Jordan, Banega, Okampos, Munir, De Yong.

Ishtirok eta olmaydi: Gudel.

sevilya sostav

Murabbiylar

 

Nunu Eshpiritu Santu: «Bizning o‘z printsiplarimiz bor. Ular har bir jamoaga nisbatan birdek hurmat va kuchli tayyorgarlik ko‘rishni talab etadi. Biz «Sevilya»ga qarshi o‘yinda aynan mana shularni birinchi planga qo‘yamiz. Raqib juda kuchli, o‘z an’analariga ega va kurashga doim tayyor. Futbolchilarimda o‘ziga nisbatan yuqori ishonch bor».

santu

Xulen Lopetegi: «Barcha anglab turganidek biz qiyin raqib qarshisidamiz. Biz o‘zimiz haqimizda ko‘proq o‘ylashimiz kerak. Ular bilan kechadigan bahsda qanday qilib o‘zimizning kuchli jihatlarimizdan foydalanishimiz haqida o‘ylashimiz joiz. Ular biz to‘qnash keladigan raqiblar orasida eng xavflilaridan biri. Bu juda qiziq bo‘ladi va ikkala jamoaning uslubidan kelib chiqadigan bo‘lsak, qiziqarli bellashuv guvohiga aylanamiz».

lopetegi_1

Murabbiylarning o‘zi ham qiziqarli bahs bo‘lishini aytib o‘tishmoqda. Ispan va ingliz jamoalari to‘qnashuvi doim qiziqarli kechib kelgan. Bugungi uchrashuvda 3 tadan ko‘proq gol urilishi ehtimoli katta. «Sevilya»da kichik ustunlik borligi futbol jamoatchiligi tomonidan ta’kidlanmoqda. Ispan klubi, bizningcha ham dominant maqomida. Har holda, Ispaniyaning 4-raqamli jamoasi Angliyaning 8-pog‘onadagi jamoasidan biroz ustun bo‘lishi ham kerak.

last_1

Abdulvosid Valixonov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!