Xoland ikki afsonani ortda qoldirdi
«Manchester Siti» hujumchisi Erling Xoland Chempionlar ligasida ingliz klublari tarkibida eng ko‘p gol urgan futbolchilar ro‘yxatida ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi.
Chorshanba kuni 26 yoshli forvard «PSJ»ga qarshi o‘yinda dubl qayd etdi. Uchrashuv «Manchester Siti» uchun 2:4 hisobida yakunlandi, ammo Xolandning gollari uni tarixiy ko‘rsatkichga olib chiqdi. Endilikda norvegiyalik futbolchida Chempionlar ligasida «shaharliklar» safida 38 ta gol bor. Ingliz jamoalari tarkibida bu musobaqada undan ko‘proq faqat sobiq «Liverpul» yulduzi Moxamed Salah gol urgan – uning hisobida 47 ta gol.
Uchinchi o‘rinni esa ikki afsona – «Chelsi» sobiq hujumchisi Didye Drogba va «Manchester Siti» ramziy shaxslaridan biri Serxio Aguero bo‘lishib turibdi. Har ikki futbolchi Chempionlar ligasida 36 tadan gol urgan.
Erling Xoland «Manchester Siti» safiga 2022 yil yozida «Borussiya Dortmund» klubidan o‘tgan edi.

Fikrlar