Xomyakovning keyingi manzili aniq...mi?

  • 25.05.2020 23:53
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Futbolda yutsa jamoa yutadi, yutqazsa murabbiy yutqazadi, degan yozilmagan qonun borligini barcha yaxshi biladi. Ayniqsa, bu ibora o‘sha kasb egalariga unchalik xush kelmaydi. Murabbiylarning taqdirini belgilab beruvchi natija ijobiy ko‘rinish olmas ekan, bunday paytda barcha mas’uliyatni zimmasiga olgan inson narsalarini yig‘ishtirib eshik ortidan yopib qo‘yishni o‘ylab turadi. Bunday holatlar esa murabbiylarning hayotida juda ko‘p marotaba yuz bergan.

O‘zimizning Superligada ham klublarda murabbiylarning iste’folari odat tusiga kirgan. Aslida, bu butun dunyo futbolida shunday. Bunday manzaradan aslo qochib qutulib bo‘lmaydi. Mavzudan uzoqlashmagan holda shuni aytishimiz mumkinki, ishsiz yurgan murabbiylarimiz ham anchagina. Ayniqsa, biror-bir klubda mutaxassis o‘zgaradigan bo‘lsa, bo‘sh qolgan joyga beixtiyor ravishda qiziqish bildiradigan murabbiylar ham bor. Axir kim ham ishsiz o‘tirishni istardi. Ammo shu bilan birga qo‘lma-qo‘l bo‘layotgan mutaxassislar ham yo‘q emas.

Karantin boshlanayotgan mahalda “Andijon”ning rossiyalik ustozi Aleksandr Xomyakov aynan uchta turdagi g‘alabasiz o‘yindan so‘ng iste’foga chiqishni ma’qul ko‘rgandi. Shundan keyin darhol uning yangi ish joyi haqida muhokamalar boshlanib ketgandi va bu holat haligacha davom etmoqda. Rostini aytganda, o‘sha mahaldayoq Aleksandr Andreevichning qaysi jamoaga ketishi xususida ma’lumotlar chiqqandi. Bu esa “Qizilqum” edi. Mazkur vaziyat to‘g‘risida saytimiz orqali ham ilgari xabar berib o‘tgandik. Boz ustiga yaqinda “Qizilqum” klubi prezidenti Hasan Ro‘ziev bilan suhbatlashganimizda Xomyakovni jamoa bosh murabbiyi rolida ko‘rishni istayotganini yashirmagandi va bu borada navoiyliklarni aynan kim boshqarishiga sha’ma qilib o‘tgandi.

xomyakov2_2

Hozircha, “Qizilqum” klubiga hali hech kim rasman bosh murabbiy sifatida tayinlangani yo‘q. Kuni kecha ushbu masala yuzasidan klub prezidenti bilan bog‘langanimizda yaqin orada yangi bosh murabbiy nomini e’lon qilishini ma’lum qildi. Shuningdek, yana bir manbadan olgan ma’lumotimizga ko‘ra aslida klubda qaysi mutaxassisning ishlashi ma’lum bo‘lib ulgurgani haqida ham eshitdik. Bu esa Xomyakov edi. Biroq hali bu xabar rasman o‘z tasdig‘ini topmaguncha, bu shunchaki quruq gap-so‘z bo‘lib qolaveradi xolos.

O‘z o‘rnida, mutaxassisning o‘zi bilan ham tez-tez aloqada bo‘lib turibmiz. Ammo uning o‘zi hozircha dam olish bilan vaqt o‘tkazyapman deyish bilan cheklanmoqda. Lekin u bilan mazkur masalaga chuqqurroq kirganimizda shunday dedi: “Ha, menga “Mash’al”, “Qizilqum”, “Buxoro”, “Navbahor” haqida gaplar bo‘lgan. Ammo ishoning, aniq takliflar bo‘lsa, buni faqat o‘zimdan eshitasiz, - deya keyingi taqdiri xususida fikr bildirdi, Xomyakov.

Ko‘rinib turibdiki, murabbiyga “Qizilqum”dan tashqari boshqa klublar tomonidan ham qiziqishlar bo‘lgan. Lekin tashqaridan qaraganda, navoiyliklarning murabbiy bilan hamkorlik qilish bo‘yicha imkoniyatlari yuqoridek ko‘rinyapti. Boya aytganimizdek, faqat rasman bu xabar tasdiqlangani yo‘q. Shunga qaramay, voqealar rivoji aynan “Qizilqum” bilan Xomyakovni o‘zaro bir-biriga bog‘lab borayotgandek tuyulmoqda. Shunday ekan, mazkur vaziyatni kuzatishda davom etamiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!