Yarim asr kutilgan chempionlik!

  • 17 may, 11:58
  • Oybek Yo’ldoshev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

"Bolonya" uchun tarixiy kubok. So‘nggi 51 yil ichida qo‘lga kiritilgan ilk sovrin bu — "Coppa Italia". 2025 yilning 15 may kuni "Bolonya" futbol klubi uchun unutilmas sanaga aylandi. Jamoa 51 yil kutgan orzusi — Coppa Italia kubogini nihoyat boshi uzra baland ko‘tardi. Bu g‘alaba oddiy bir sovrin emas — bu yillar davomida to‘xtamagan orzu, fidoyilik bilan yonib yashagan yuraklar va eng muhimi, sadoqat timsolidir. 1974 yildan beri katta sovringa zoriqib yashagan minglab Bolonya muxlislari uchun bu chempionlik sabr-toqat, ishonch va sadoqatning g‘alabasi bo‘ldi.

Jamoa finalda "Milan"ni 0:1 hisobida mag‘lub etdi. O‘yinda yagona golni Ndoye 53-daqiqada Milan jamoasi darvozasiga yo‘llab, o‘yindagi yagona gol muallifi jamoaning qahramoniga aylandi.

Qiziqarli jihati shundaki, final bahsidan atigi 6 kun avval, ya’ni 9 may kuni "Bolonya" A Seriya doirasida aynan Milan klubidan 3:1 hisobida mag‘lub bo‘lgan edi. Balki o‘sha mag‘lubiyat g‘alaba sari bosilgan eng katta qadam, murabbiylar shtabi va futbolchilari uchun uyg‘otuvchi signal bo‘lib xizmat qilgan desak, yolg‘on bo‘lmaydi.

Klub 1930 yillarda Italiya futbolining gigantlaridan biri edi. Jamoa A Seriyada 7 marta chempionlikni qo‘lga kiritgan, biroq 1974 yildagi Coppa Italia g‘alabasidan so‘ng ular uzoq vaqt sahna markazidan chekinib qoldi. Ushbu yangi g‘alaba esa klubga yana katta sovrinlar uchun kurashish imkonini berdi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, "Bolonya"ning ushbu g‘alabasi oddiy bir yutuq emas, bu – orzular ro‘yobi, tarixiy qaytish va sabrning mevasidir. Yarmi asr kutilgan bu sovrin, klubning matonatini, fidoiy futbolchilarni va har qanday sharoitda ham sodiq qolgan muxlislarni yuksak darajada taqdirladi. Bir necha kun oldin Milandan engilgan jamoaning finalda aynan shu raqib ustidan zafar quchishi esa, futbolning kutilmagan go‘zalligini yaqqol namoyon etdi. Bu g‘alaba bolonyaliklar uchun emas, balki butun futbol ixlosmandlari uchun saboq – hech qachon umidni yo‘qotmaslik kerak.

                                                                                           Maftuna Shokirova

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!