Asosiy mazmunga oʻtish
Futbol

Yomg‘irdan qochib do‘lga tutilgan NEYMAR!

Эркин Ғайбуллаев
Izohlar: 1

Messidan qochaman deb Mbappega tutilgan bechora Neymar haqida so‘zlaymiz.

Neymarning tug‘ilgan kuni ortiqcha dabdabasiz o‘tishi kerak edi. Jamoadoshlar va yaqin do‘stlar davrasidagi tinchgina oqshom. Bu uning ulg‘ayganidan darak berardi.

Xuddi shunday bo‘ldi ham. Neymar Parijdagi tungi klubni ijaraga oldi va “PSJ”dagi jamoadoshlari, eng yaqin do‘stlarini taklif etdi. Tug‘ilgan kunga kelishning bitta sharti – hamma oppoq kiyimda kelishi kerak edi.

“Barselona”ning daxshatli triosidan biri bo‘lmish Neymar 2017 yilda jamoadan ketishga qaror qildi. Futbolchining yaqinlari so‘zlariga ko‘ra, u Messining soyasida qolishni istamagan va yangi jamoasining asosiy futbolchisiga aylanishni istagan. Ikkinchi darajali bo‘lish Neymar uchun emasdi.

Yana bir rejalardan biri – “Oltin to‘p”ni yutib olish va dunyoning eng yaxshi futbolchisi maqomiga erishish edi. Neymar uchun bu real maqsad, chunki u doim eng yaxshi futbolchilar ro‘yxatida yuqori o‘rinda turar edi. Ammo bunday bo‘lmadi. Neymar dunyoning eng yaxshi futbolchisi bo‘lish uyoqda tursin, yangi jamoasining ham etakchi futbolchisi bo‘la olmadi.

Oltin to‘p

Parijdagi birinchi yilida Neymar “Oltin to‘p” uchun so‘rovnomada uchinchi o‘rinni egalladi. Bir yildan so‘ng esa 12 o‘ringa tushib ketdi. O‘tgan yili esa “PSJ”dan atigi ikki futbolchi Evropaning 30 nafar eng yaxshi futbolchisi ro‘yxatiga kiritildi. 6 o‘rinda Mbappe bo‘lsa, 28 o‘rinni Markinos egalladi. Neymar bu ro‘yxatda yo‘q edi.

Neymar uchun bu juda katta muvaffaqiyatsizlik edi. Ronaldu va Messining izdoshi bo‘lgan Neymar hozirda Mbappe boshchiligidagi butun boshli yangi avlodning ham ortida qolyapti.

Yangi jamoaga o‘tish Neymar uchun echim bo‘lib xizmat qilmadi. Parijga o‘tgan Neymarga hech kim ortiqcha gap gapira olmasdi. U endi o‘z ustida emas, o‘z obro‘si ustida ko‘proq ishlashni boshladi.

Hamma gap Neymarning o‘zboshimchaligidami? Ko‘plab futbolchilar faoliyati va futboldan tashqari shaxsiy hayotini bir maromda olib borishadi. Nega Neymarda bu o‘xshamaydi? Asosiy sababi tug‘ilgan kunidan bir oz muddatdan so‘ng bo‘lib o‘tgan “Monpele”ga qarshi bahsda ayon bo‘ldi.

Birinchi bo‘limning o‘rtalarida Neymar to‘p bilan raqib futbolchisi Arno Sukeni burchakka olib bordi. U erda “kamalak” fintini qilaman deb to‘pni oshirmoqchi edi, ammo to‘p Sukega tegdi va maydon tashqarisiga chiqib ketdi. Bosh hakam Jerom Brisar Neymarni ogohlantirdi va futbolchining bundan jahli chiqdi. Hakam bilan tortishgani uchun sariq kartochka bilan jazolandi. Bo‘lim so‘nggiga qadar asabiylashib yurdi. Kim uni eshitishni xohlasa, unga o‘z shikoyatlarini aytaverdi. Tanaffusda ham Marko Verattiga qarab: “Men futbol o‘ynayapman” dedi.

Soyadan soyaga

Bu vaziyat bizga Neymar haqida to‘liqroq xulosa chiqarishimiz uchun etarli. Uning texnikasi, o‘z kuchiga ishonishi, albatta yaxshi holat. Neymar futbolda eng asosiysi – individual ustunlik deb hisoblaydi. O‘z iste’dodi uni yangi darajaga ko‘tarilishiga to‘sqinlik qildi. O‘zining ustun jihati - o‘zining eng zaif tomoni hisoblanadi.

Internet olami Neymarning ajoyib texnika namoyish etadigan giflari, videolari bilan to‘la. Uning har bir yangi finti muxlislarda yoqimli taassurot qoldiradi va diqqat-markazda bo‘lishini ta’minlaydi. Neymarning turli xil uslublari futbol uchun shunchaki qo‘shimcha bonus, lekin bu jamoaviy o‘yinni unutib qo‘yish kerak degani emas. U doimo eng yaxshisi bo‘lishni istagan, lekin qanday qilib bu darajaga chiqishni tushunib etmadi.

Albatta, Neymarda hali imkon bor. U hali ham yaxshi o‘yin ko‘rsatadi. “PSJ”da ham Chempionlar Ligasini yutish uchun ajoyib jamoa shakllangan. Neymar o‘z so‘zini aytishi uchun yaxshi imkoniyat turibdi.

Lekin hozir ko‘rib turgan voqealarimiz, bir lahzalik ajoyib fintlar, driblinglar va tamom. Biz uni jamoaviy o‘yinga ko‘proq e’tibor qaratishini va eng yaxshilar qatorida bo‘lishini istab qolamiz.

Ulashish
SPORTS.uz'ning Instagram'dagi sahifasiga qo‘shiling!

Izohlar (0)

Hozircha izohlar yo'q