Zirkzeening maoshi oshmasdan qoldi
Yangi qoidalar sabab maoshiga bonus olmaydi
«Manchester Yunayted» hujumchisi Joshua Zirkzee jamoa Chempionlar Ligasiga yo‘llanma olganiga qaramay, maoshiga qo‘shimcha ustama olmaydi. Bu haqida Sport Bible nashri xabar berdi.
O‘tgan mavsum yakuniga ko‘ra «Manchester Yunayted» Angliya premyer-ligasida uchinchi o‘rinni egallab, kelasi mavsum uchun bosh evroqit’a turnirida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan edi. Klubdagi bir qator futbolchilar shartnomalaridagi maxsus band tufayli maoshlariga 25 foiz qo‘shimcha olishadi.
Biroq bu tartib barcha o‘yinchilarga ham taalluqli emas. Joshua Zirkzee maoshi haftasiga taxminan 122 ming yevro miqdorida qoladi. Sababi – «Manchester Yunayted»da shartnoma tuzish tizimi o‘zgargan. Zirkzee klubga 2024 yilda, ya’ni yangi qoidalar kuchga kirganidan keyin qo‘shilgan. Ushbu qoidalarga ko‘ra, futbolchi jamoa Chempionlar Ligasiga chiqqan taqdirda bonus olishi uchun mavsum davomida kamida 60 foiz o‘yin vaqtlarida maydonda bo‘lishi kerak.
Shuningdek, jarohatdan tiklanayotgan Manuel Ugarte ham bunday bonusdan mahrum qoladi. Uning maoshining bir qismi jahon chempionatida olgan jarohati sabab klublarni himoya qilish dasturi doirasida FIFA tomonidan qoplab beriladi.
Hozircha «Manchester Yunayted»da eng yuqori maosh oluvchi futbolchilar sifatida Markus Reşford va jamoa sardori Brunu Fernandes qolmoqda – ularning har biri haftasiga taxminan 348 ming yevro ish haqi oladi. Keyingi o‘rinlarda Benyamin Sheshko (232 ming yevro), Matteys de Ligt (226 ming yevro) va Matteus Kunya (209 ming yevro) qayd etilgan.

Izohlar (0)