
Ham “Barselona”, ham “PSJ”da o‘ynagan 6 ta eng yaxshi futbolchi
Bugun tunda EChL 1/8 final doirasida ikkita javob bahsi bo‘lib o‘tadi. Jumladan, “Barselona” o‘z maydonida “PSJ”ni qabul qiladi. Bo‘lajak uchrashuv oldidan esa biz ushbu jamoalarda o‘ynagan eng yaxshi futbolchilar bilan sizlarni tanishtiramiz.
Mavzuga oid: “Barselona” darvozasini EChLda “ilma-teshik” qilgan jamoalar
“Barselona” – “PSJ ” uchrashuviga oid 12 ta fakt
Lyudovik Jyuli
“Barselona”: 2004–2007(124 o‘yin, 26 gol)
“PSJ”: 2008 – 2011(125 o‘yin, 19 gol)
Faoliyatining “gullagan” davrini “Barselona”da o‘tkazgan frantsiyalik futbolchi katalon klubida ikki bor La ligada g‘olib chiqqan bo‘lsa, yana bir bor EChLda g‘alaba qozonadi. “PSJ”ga esa qo‘pol qilib aytganda “yoshi o‘tgan” mahal kelgan bo‘lishiga qaramay o‘zining yorqin o‘yinlari bilan muxlislar mehrini qozona oladi.
Tiago Motta
“Barselona”: 1999–2007(139 o‘yin, 9 gol)
“PSJ”: 2012–hozirgacha(186 o‘yin, 10 gol)
Motta “Barselona”da 8 yil to‘p suradi va jamoadagi kuchli raqobat tufayli jamoasini o‘zgartiradi. 8 yilda 140 ga yaqin o‘yin, bu juda ham kamdir. 2012 yilning yanvarida “PSJ” “Inter”dan Mottani harid qiladi. Ushbu transfer parijliklar uchun 11,5 mln evroga tushadi. Ammo tan olish kerak, Motta hozirda “PSJ”da asosiy tarkibdagi o‘rnini yo‘qotib bo‘ldi.
Lyuka Din
“Barselona”: 2016–hozirgacha
“PSJ”: 2013–2016(43 o‘yin)
Lyuka Din “PSJ”ning asosiy futbolchisi bo‘lgan emas. 2015 yilgi mavsumni “Roma”da o‘tkazgan himoyachini “Barselona” 16 mln evro evaziga sotib oldi. Din “blaugranaslar” safida etarlicha o‘yin amaliyotiga ega bo‘layotgan bo‘lsada, asosiy o‘yinlarda Luis Enrike ko‘proq Xordi Albaga imkon bermoqda.
Maksvell
“Barselona”: 2009–2012(89 o‘yin, 2 gol)
“PSJ”: 2012–hozirgacha(185 o‘yin, 14 gol)
Maksvellni Zlatan Ibragimovichning “yaqin do‘sti” deyishimiz mumkin. Zero, bu ikkovlon birgalikda “Ayaks”, “Inter”, “Barselona” va “PSJ”da to‘p surishga ulgurgan. Ammo braziliyalik himoyachi shveddan farqli o‘laroq, o‘tgan yozda jamoasini almashtirish istagini bildirgani yo‘q.
Ronaldino
“Barselona”: 2003–2008(207 o‘yin, 94 gol)
“PSJ”: 2001–2003(86 o‘yin, 25 gol)
Ronaldino Evropadagi ilk saboqlarini aynan Frantsiyada, aniqrog‘i “PSJ”da oladi. Parijdagi 3 yil davomida evrofutbolga moslashgan Ronaldinoni 2003 yil “Barselona” 32,5 mln evro evaziga sotib oladi. Ushbu summa bundan 14 yil muqaddam ancha katta qiymatga ega bo‘lganligini qayd etish joiz. Kataloniyadagi so‘nggi ikki yilni “bedor” o‘tkazgan braziliyalik futbolchi keyinchalik “Milan”dan najot izlagan edi.
Zlatan Ibragimovich
“Barselona”: 2009–2010(46 o‘yin, 22 gol)
“PSJ”: 2012 – 2016(180 o‘yin, 156 gol)
“Inter”dan katta umidlar bilan harid qilingan Ibragimovich Kataloniyada bir yil o‘ynadi xolos. Buning o‘ziga yarasha sabablari bor edi, albatta. Avvalo, bosh murabbiy – Xosep Gvardiolaning “tilini topa olmagan” Zlatan ham najotni “Milan”dan izlagan edi. 2012 yil “PSJ”ga o‘tgan shvetsiyalik forvard Parijdagi 4 yil ichida afsonaga aylana oldi deyishimiz mumkin.
Shahzod Xolboev tayyorladi
Fikrlar