Hasanboy Do‘smatov: Muxlislar bizdan xursand bo‘lishsin

CHERY AUTO

The World Series Boxing (WSB) - Butunjahon boks seriyalarining VII mavsumida "S" guruhining eng kuchli jamoalari - "Uzbek Tigers" va "Astana Arlans Kazakhstan" bokschilari o‘zaro kuch sinashadi.

Tecno
 

Ko‘plab muxlisu mutaxassislar e’tiborida turgan ushbu uchrashuv oldidan SPORTS.uz axborot portali muxbiri "Uzbek Tigers" bokschilar - Hasanboy Do‘smatov, Abdulhay Shorahmatov, Elnur Abduraimov, Zuhriddin Mahkamov va Isroil Madrimovdan intervyu oldi.

- Hasanboy, bo‘lajak jangning siz uchun ahamiyati qanday?

- Shaxsan men uchun har bir jang jiddiy ahamiyatga ega. Boksda g‘alaba va mag‘lubiyat yonma-yon yuradi. Birinchi davradagi safar uchrashuvida "Uzbek Tigers" bokschilari "Astana Arlans Kazakhstan" jamoasiga yutqazib qo‘ygandi. Lekin Toshkentda faqat g‘alaba uchun ringga chiqamiz. Avvalgi janglarda bo‘lgani kabi muxlislarimiz bizdan xursand bo‘lishadi.

- Abdulhay, raqib jamoaning kuchini qanday baholaysiz?

- "Astana Arlans Kazakhstan" bokschilari Butunjahon boks seriyalarining eng tajribaoi jamoalaridan biridir. Ular ushbu nufuzli musobaqaning ikki karra g‘olibi bo‘lgani ularning salohiyati yuqori ekanidan dalolat beradi.

Mashg‘ulotlar vaqtida murabbiylarimiz ushbu jamoa vakillarining ustun jihatlarini alohida tahlil qilib berdi. Shuningdek, qozog‘istonlik bokschilarning ayrim nozik tomonlarini ham bilib oldik. Tayyorgarlik jarayonida ana shu omillar ustidan ko‘proq ishladik. Samara qanday bo‘lishini ringda ko‘ramiz.

- Raqibingiz bilan avval ringda to‘qnash kelmagan ekansiz...

- Ha, raqibim Ilyos Suleymenov bilan hali uchrashmaganman. Chunki u ilgari 52 kilogramm vaznda ringga chiqardi. Endi vaznini oshirib, 56 kilogrammga o‘tdi. Bu birinchi uchrashuvimiz bo‘ladi.

- Elnur, mavsum boshida vazningizni o‘zgartirdingiz. Bu sizga noqulayliklar tug‘dirmayaptimi?

- Ilgari 60 kilogramm vazn toifasida ringga chiqardim. Hozir og‘irligi 64 kilogramm bo‘lgan bokschilar bilan jang qilyapman. Albatta, vazn almashtirganda oson bo‘lmaydi. Bunga avvalgi turda rossiyalik Radmir Ablurahmonov bilan jangni misol qilishim mumkin. O‘sha jangda raqibimini engish uchun juda kuch sarflashimga to‘g‘ri keldi. Hozir bu vaznga ancha moslashib oldim.

- Zuhriddin, raqibingiz haqida qanday fikrdasiz?

- Raqibim Anton Pinchuk xalqaro maydonlarda ko‘plab yutuqlarni qo‘lga kiritgan tajribali bokschi ekanini bilaman. U Osiyo chempioni va Osiyo o‘yinlari g‘olibi. Mahoratli raqibga qarshi bo‘ladigan jangga puxta tayyorlana oldim, deb o‘ylayman.

Shu o‘rinda, butun o‘zbek boksi muxlislari bizdan g‘alaba kutayotganini his qilib turibmiz. Albatta, muxlislarimiz bizni tinimsiz qo‘llab-quvvatlab turgani bizga madad bo‘ladi. Maqsadimiz muxlislarni xursand qilish.

- Isroil, raqibingizning ustuligi nimada?

- Saparbay Aydarov men uchun jismoniy ko‘rsatkichlar bo‘yicha noqulay raqib hisoblanadi. Uning bo‘yi mendan baland. Boksda bu qo‘shimcha ustunlik beradi. Shuni inobatga olgan holda murabbiylarimiz bilan o‘ziga xos taktika ishlab chiqdik. Raqibim qo‘llaydigan jang usulidan xabarim bor. Umuman olganda, bokschi har qanday raqibga qarshi jang qilishga tayyor bo‘lishi kerak.

"Uzbek Tigers" bokschilari har doim yurtimiz sharafini himoya qilishga tayyormiz. O‘zbekiston sha’nini himoya qilish uchun har bir sportchi kabi biz uchun ham sharaf.

"Uzbek Tigers" va "Astana Arlans Kazakhstan" uchrashuviga doir matnli translyatsiya, foto va videolavhalar, jang natijalarini onlayn tarzda SPORTS.uz axborot portalida kuzatib boring!

SPORTS.uz

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!