
Sobiq jamoasini “boyitib” ketganlar
20 yoshli Gonsalo Gedeshning transferidan “Benfika” 30 mln evro sof foyda qildi. Biz esa xuddi Gedesh singari sobiq jamoasini bundanda “boyitib” ketgan futbolchilar bilan sizlarni tanishtiramiz.
Oy sarhisobi. Yanvar oyining omadsizlari
“Benfika” sotgan qimmatbaho futbolchilar. Top-11
12. Ernan Krespo(Argentina) – “Parma”ni 51 mln evroga “boyitgan”
1996 yil “River Pleyt”dan 4 mln evroga sotib olingan
2000 yil “Latsio”ga 55 mln evro evaziga sotib yuborilgan
Janubiy Amerikadan xali imkoniyatlari unchalik yaxshi ma’lum bo‘lib ulgurmagan futbolchini olib kelib, uning Evropada o‘ynab keta olishini 50 ga 50 deb baholash mumkin. Biroq Krespo Argentinadan kelib italyan futboliga moslashib keta oldi va “Parma” safida to‘rt yil to‘p surib, 80 ta gol kiritishning uddasidan chiqdi. 2000 yilda esa “Parma” uni rekord summa – 55 mln evroga “Latsio”ga sotdi. Jamoa uni 4 mln evroga harid qilganini inobatga oladigan bo‘lsak, Kresponing sotuvidan qolgan sof foyda 51 mlnni tashkil etar ekan.
11. Gonsalo Iguain(Argentina) – “Napoli”ni 51 mln evroga “boyitgan”
2013 yil “Real”dan 39 mln evroga sotib olingan
2016 yil “Yuventus”ga 90 mln evro evaziga sotib yuborilgan
Iguain Neapoldagi 3 yilda Krespodan ko‘ra ko‘proq ya’ni 91 ta to‘p kiritishga erishdi va o‘z-o‘zidan uning transferi ham shunga yarasha katta summani tashkil etdi. Umuman “Napoli” Iguainni “Real”dan ozmuncha pulga sotib olmagan edi. Lekin shunay bo‘lsada, bu transfer har tomonlama foydali bo‘lgani ayni haqiqat.
10. Kevin De Bryuyne(Belgiya) – “Volfsburg”ni 52 mln evroga “boyitgan”
2014 yil “Chelsi”dan 22 mln evroga harid qilingan
2015 yil “Manchester Siti”ga 74 mln evro evaziga sotib yuborilgan
Mourino De Bryuyneni “chiqit”ga chiqarib qo‘ygan edi. Ammo “buyuklar ham adashadi” deganlaridek, portugaliyalik mutaxassisning xatosi “Volfsburg”ga qo‘l keldi va jamoada 1,5 yil o‘ynagan futbolchini 74 mlnga “pullab” yubordi.
9. Jon Stounz(Angliya) – “Everton”ni 52,1 mln evroga “boyitgan”
2013 yil “Barnsli”dan 3,5 mln evroga sotib olingan
2016 yil “Manchester Siti”ga 55,6 mln evaziga sotib yuborilgan
“Manchester Siti” o‘zining xotamtoyligi bilan ajralib turadi. Har xolda himoyachi uchun hamma ham 55 mln to‘layvermaydi. Angliya termasi himoya chizig‘ining eng ishonchli vakillaridan biri bo‘lgan Stounzning transferidan uning oldingi jamoasi 52,1 mln evro sof foyda ko‘rgan.
8. Edinson Kavani(Urugvay) – “Napoli”ni 52,5 mln evroga boyitgan
2010 yil “Palermo”dan 12 mln evroga harid qilingan
2013 yil “PSJ”ga 64,5 mln evro evaziga soitb yuborilgan
“Napoli” prezidenti – Aurelio De Laurentis jamoaga qanday hujumchilar kerak ekanligini yaxshi biladi. Kavani “San Pauolo”dagi 3 yil davomida raqiblar darvozasini 103 bor ishg‘ol etishni uddaladi. Urugvaylik forvardning imkoniyatlarini yuqori baholagan “PSJ” esa Kavani uchun salkam 65 mln evro sarf etdi. “Napoli” esa “matador”(futbolchining laqabi, muallif)ning transferidan salkam 53 mln sof foyda ko‘rdi.
7. Luis Suares(Urugvay) – “Liverpul”ni 55,2 mln evroga “boyitgan”
2011 yil “Ayaks”dan 26,5 mln evroga sotib olingan
2014 yil “Barselona”ga 81,72 mln evro evaziga sotib yuborilgan
Ro‘yhatimizdagi yana bir urugvaylik futbolchi. “Liverpul” Fernando Torresni “Chelsi”ga sotib, uning o‘rniga 41 mln evro evaziga Endi Kerrolni taklif etdi. Ammo mazkur transfer omadsiz chiqdi. Ushbu transferning o‘rnini esa Suaresning transferidan tushgan mablag‘lar qoplagan bo‘lsa, ajab emas.
6. Kaka(Braziliya) – “Milan”ni 56,75 mln evroga “boyitgan”
2003 yil “San Paulu”dan 8,25 mln evroga harid qilingan
2009 yil “Real”ga 65 mln evro evaziga sotib yuborilgan
2007 yilgi “Oltin to‘p” egasining Madridga ko‘chib o‘tishidan faqat “Milan” foyda ko‘rdi deyish mumkin. Boisi, “rossonerilar” Kakani anchagina katta mablag‘ evaziga qo‘yib yuborishgan edi.
5. Luish Figu(“Portugaliya) – 57,5 mln evro
1995 yil 2,5 mln evroga “Sporting”dan sotib olingan
2000 yil “Real”ga 60 mln evroga sotib yuborilgan
Figu “Barselona”da o‘zidan yaxshi nom emas, faqatgina katta mablag‘ qoldirib ketdi deyishimiz mumkin. Sababi, kataloniyaliklar Figuni sotib olgan narhdan 24 barobar qimmatga pullashgan edi.
4. Zinedin Zidan(Frantsiya) – “Yuventus”ni 70 mln evroga “boyitgan”
1996 yil “Bordo”dan 3,5 mln evroga harid qilingan
2001 yil 73,5 mln evroga “Real”gasotib yuborilgan
“Yuventus” Zidanni sotib olgan narhidan 21 marta ko‘p bo‘lgan narhga “Real”ga sotib yuborgan edi. Mazkur transferdan har uchchala tomon ham foyda ko‘rganini ta`kidlash joiz.
3. Krishtianu Ronaldu(Portugaliya) – “Manchester Yunayted”ni 75 mln evroga “boyitgan”
2003 yil “Sporting”dan 19 mln evroga sotib olingan
2009 yil 94 mln evro evaziga “Real”ga sotib yuborilgan
Fergyusonning “topilmalari’dan biri bo‘lgan Ronaldu “MYu” uchun qo‘lidan kelgan barcha narsani amalga oshirgan. O‘z navbatida “qizil iblislar” uning transferidan mo‘may daromadga ega bo‘lishgan.
2. Garet Beyl(Uels) – “Tottenxem”ni 86,3 mln evroga “boyitgan”
2007 yil “Sautgempton”dan 14,7 mln evroga harid qilingan
2013 yil 101 mln evro evaziga “Real”ga sotib yuborilgan
18 yoshli Beylning transferidan “Sautgempton” ham mo‘may daromdaga ega bo‘lgan bo‘lsalar, “Tottenxem” 24 yoshli Beylning transferidan ozmuncha pul olmadi. Xa, Daniel Levi nima qilish kerakligini juda yaxshi biladi.
1. Pol Pogba(Frantsiya) – “Yuventus”ni 105 mln evroga “boyitgan”
2012 yil “Manchester Yunayted”dan erkin agent jamoaga kelib qo‘shilgan
2016 yil “Manchester Yunayted”ga 105 mln evroga sotib yuborilgan
“Yuventus” Fergyusonga kerak bo‘lmagan Pogbani o‘z safida 4 yil o‘ynatdi va uni “MYu”ning o‘ziga 105 mlnga sotdi. Aqlbovar qilmas raqamlar. Shundaymi?
Shahzod Xolboev tayyorladi
Fikrlar