Retrosport. Kortdan Gollivudgacha

Aksariyat odamlar futbol, boks yoki tennisga ko‘proq muxlislik qilsa-da, okeanortida regbi, kriket, xokkey va ayniqsa, basketbolning o‘rni bo‘lakcha. Er yuzining hech bir burchagida Amerika Milliy basketbol uyushmasi (NBA) kabi qiziqarli liga mavjud emas. Bugun ushbu musobaqada Kavay Leonard, LeBron Jeyms, Jeyms Xarden kabi dunyo yulduzlari harakat qilishadi. Ammo bir nom borki, usiz NBA hozirgi mavqeyiga ko‘tarila olmasdi. U haqida kinolar suratga olingan, kitoblar yozilgan. U basketbolga bergan narsalar hech qanday meyor bilan o‘lchanishi mumkin emas. Demak, bugungi qahramonimiz – Maykl Jordan.

Jordan 1

Yosh Maykl

Maykl Jeffri Jordan 1963 yilning 17 fevralida Amerika Qo‘shma Shtatlarining Nyu-York shtatida tavallud topgan. Buni qarangki, ota-onasining birinchi uchrashuvi basketbol bellashuvi paytida bo‘lgan. Gap 1956 yil haqida ketmoqda. Bu paytda Mayklning otasi Jeyms Jordan BBCning Qo‘shma Shtatlardagi bo‘limida ishlardi. Onasi Deloris Pipls esa institutda o‘qirdi. Ular tez orada turmush quradi. Jordan 5 farzandning to‘rtinchisi edi. Uning tavalludidan so‘ng Jordanlar oilasi Uollesga ko‘chib ketadi. Maykl 7 yoshga etganida esa ular Uilmingtonda yashay boshlaydi. Biroz vaqt o‘tgach, ushbu oila o‘zining iqtisodiy ahvolini birmuncha izga tushirib oladi. Barcha bolalar qandaydir ish bilan shug‘ullanib, oila byudjetiga xissa qo‘shar edi. Maykldan boshqa hamma. O‘rta maktabda ham o‘qishni istamadi. U sportga chin ko‘ngildan qiziqar edi. Sportning juda ko‘p turlari bilan shug‘ullanib ko‘rgan bolakay, kelgusida mashhur beysbolchi bo‘lishni orzu qilardi. Uning maqsadi afsonaviy pitcher bo‘lish edi. O‘z navbatida, u beysbolda anchagina katta yutuqlarga erisha boshladi. 12 yoshida yoshlar ligasida finalga etib bordi. Keyinroq, ushbu ligani yutib, chempionatning eng kuchli sportchisi sifatida e’tirof etildi.
Biroz vaqt o‘tgach, Maykl basketbol bilan qattiq shug‘ullana boshladi. Bunga sabab, o‘sha davrda qora tanli bolalarning ko‘pchiligi sportning shu turi bilan ko‘proq shug‘ullanardi. Mayklning bo‘yi u qadar baland emasdi. U sakrash ustida ko‘p ishlardi. Bo‘y borasidagi etishmovchilikni shu orqali yopib ketishni maqsad qilgan edi. Uning doimiy sherigi katta akasi Larri edi. Ular doim birga shug‘ullanardi.

Jordan2

Katta maktab

Emsli Leyni katta maktabida tahsil ola boshlagan Maykl Jordan allaqachon kuchli basketbolchiga aylanib ulgurgandi. Ammo murabbiy uning iqtidorini ko‘ra bila turib, yoshi katta va bo‘yi baland yigitlarni ma’qul ko‘rdi. Bu holat ko‘ngliga og‘ir botgan Jordan yoshlar ligasida ikki karra kuch bilan o‘ynay boshladi. Qattiq mehnat ortidan u ligada har bir uchrashuvda o‘rtacha 28 ochko jamg‘arishga erishdi. Shuningdek, tinimsiz mashg‘ulotlar Mayklning bo‘yini 10 santimetrga oshirdi. U basketboldan tashqari amerikancha futbol bo‘yicha maktab jamoasida o‘ynardi, engil atletika bilan shug‘ullangan, beysbolda o‘zini ko‘rsatardi.
Maktabda darslardan qochib bo‘lsa ham basketbol o‘ynashga boradigan Jordanning bo‘yi 11-sinfda o‘qib yurgan kezlarida 186 sm bo‘lgan. U akasi o‘ynaydigan kattalar jamoaga jalb etildi. U 23-raqamni tanladi va faoliyatining asosiy qismini ham shu raqam ostida o‘tkazdi. U har kuni ertalab maktabga borish oldidan shug‘ullanardi. Deyarli barcha uchrashuvlarda qatnashishga erishgan bo‘lg‘usi afsona o‘rta hisobda 20,8 ochko to‘plardi. Dastlabki davrlarda uni hech kim payqamagan. Maktab basketbolining eng umidli 300 ta sportchisi reytingiga ham kiritilmagan. Ammo maktabni tamomlagan yilning yozida Mayklni Shimoliy Karolina universiteti jamoasi murabbiyi Din Smit o‘zi uchun kashf etadi. Qaysi universitetni tanlashga ikkilanayotgan basketbolchiga kelgusida ushbu universitet vakillari maxsus taklif berishadi. Jordanlar oilasi erkatoy o‘g‘ilga taqdim etilgan bunday imkoniyatdan bag‘oyat quvondi.

Jordan 3

Shimoliy Karolina universiteti

Afsonaviy Din Smit boshchiligidagi «Tar Xils» klubi mamlakatdagi eng nufuzli klublardan biri edi. Sovrinlar ham ancha yuqori darajada. Ushbu jamoaga yangi qo‘shilgan kezlar Maykl ancha asabiylashardi. Chunki atrofidagi yigitlar o‘zi maktab davrida o‘ynagan basketbolchilardan ancha yuqori klassda harakat qilardi. Jamoada kelgusida NBA yulduziga aylanib ketgan Sem Perkins va Jeyms Uorti ham o‘ynardi. Din Smit jamoaviy o‘yinni barchasidan ustun qo‘yadigan inson edi. Jamoaning eng yulduzli basketbolchisi ham jamoa g‘alabasi yo‘lida mehnat qilishga, o‘ziga xos qizg‘anchiqlik odatlaridan voz kechishga majbur edi. Jordan o‘zi uchun yangi hisoblangan hujumkor himoyachi pozitsiyasiga qo‘yildi. Ammo tez fursatda Din Smit ko‘rsatmalarini to‘g‘ri tushungan «uchar Jordan» ushbu pozitsiyaning haqiqiy ustasiga aylandi. Natijada, murabbiy uni 1981/82 yilgi mavsumdan boshlang‘ich tarkibda tushira boshladi.
Ushbu mavsumda «Tar Xils»ni to‘xtatib bo‘lmadi. Atigi 2 ta mag‘lubiyat va 32 ta g‘alaba. Maykl Jordan esa mavsumning eng yaxshi yosh o‘yinchisi, deya e’tirof etildi. Bunga etarli asos ham bor edi. Final o‘yinining eng so‘nggi soniyalari o‘tib borayotgan bir paytda Jordanning mo‘’jizaviy sakrashi jamoaga oltinga teng ochkolarni olib berdi.
Uch yil davomida Jordan va uning jamoasi to‘xtovsiz chempionlikni qo‘lga kiritdi. 1983 va 1984 yillarda u eng yaxshi o‘yinchi sifatida tanlangan. Shundan so‘ng, u universitetni tark etadi. Chunki unga NBAdan takliflar bor edi. Maykl ismli bolakay endi bo‘y va mahorat jihatidan ancha o‘sgan, professional basketbolchiga aylanib ulgurgandi…
Panamerika o‘yinlari va Olimpiada Maykl Jordan faoliyatidagi tramplin vazifasini o‘tab berdi. 1984 yil Los-Anjelesda bo‘lib o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida Qo‘shma Shtatlar jamoasi hech qanday yulduzlarsiz ishtirok etishi kerak edi. Jamoa sardori esa 21 yoshli Maykl Jordan. Ammo yakunda ular barcha o‘yinlarda osonlik bilan g‘alaba qozonib, to‘rtyillikning eng nufuzli musobaqasida g‘olib bo‘lishga erishdi.

Jordan 4

Professional faoliyat

1984 yilda Jordan «Chikago Bullz» a’zosiga aylandi. O‘zining dastlabki mavsumidayoq fantastik samaradorlik namoyish etib, jamoa yulduziga aylandi. U tez orada Milliy Basketbol Assotsiatsiyasidagi eng sevimli o‘yinchiga aylanib oldi. AQSh sporti tarixidagi eng dastlabki va nufuzli nashrlardan biri bo‘lgan «Sports Illustrated» u haqida «Yulduzning tug‘ilishi» maqolasini chop etdi. Xuddi shu yili Maykl «Nike» kompaniyasi bilan shartnoma imzoladi. Mashhur brend u uchun maxsus «Air Jordan» nomli qora krossovkalarni ishlab chiqardi va u tez orada ommalashib ketdi. Ushbu mavsumda jamoa «Miluoki Baks» tomonidan pley-offdan chiqarib yuborildi.

air-jordan-nike-950x500

Dastlabki mavsumidayoq mavsum ramziy terma jamoasidan joy olishga erishdi. Samaradorlik bo‘yicha ligada uchinchi o‘rinda qayd etildi. Eng yaxshi yosh o‘yinchi unvonini oldi.
Ikkinchi mavsumning katta qismini oyog‘idan olgan jarohati sabab o‘tkazib yuborgan Jordan keyinchalik maydonga qayta oldi. «Chikago Bullz» yana pley-offga chiqdi. «Boston Seltiks» ularga raqiblik qiladigan bo‘ldi. 1985/86 yilgi Boston jamoasi NBA tarixidagi eng kuchli jamoalardan biri, deya e’tirof etiladi. Ushbu bellashuvda ham Jordan tinib-tinchimadi. Pley-offlar tarixida hali hech bir basketbolchi ushbu o‘yinda Jordan qayd etgan natijaga erisha olmagandi. Uning bir o‘zi 63 ochko ishladi. Tasavvur qilyapsizmi?! Biroq yakunda baribir «Bullz» mag‘lubiyatga uchradi.
1986/87 yilgi mavsumda Jordan yana rekordlarni zabt etishda davom etdi. U NBA tarixida Uilt Chemberlendan so‘ng mavsum davomida 3000 dan ziyod ochko to‘plagan dastlabki basketbolchiga aylandi. U himoyaviy harakatlarda benazir o‘yin ko‘rsatdi. 200 marta raqiblaridan to‘pni olib qo‘ygan, 100 ta blok-shot. Fantastika!
1987/88, 1988/89 va 1989/90 yillarda Maykl Jordan eng yaxshi to‘purar bo‘ldi. Ammo har uchala mavsumda ham chikagoliklar «Detroyt Pistons» tomonidan musobaqadan chiqarib yuborildi. Ularni o‘ta qo‘pol o‘yinlari sabab «yomon bolalar» deb atashardi.

Air-Jordan-III-1988-game-GettyImages-140029697

1990/91 yilgi mavsumda uzoq kutilgan chempionlik qo‘lga kiritildi. Chempionlik kubogini qo‘liga ushlar ekan, Maykl ko‘z yoshlarini tiyib tura olmadi. Ushbu g‘alabani yanada qimmatli qiladigan jihat «Chikago Bullz» pley-offda aynan «Detroyt»ni hech qanday imkon qoldirmay taslim etdi. Shundan keyin «Bullz»ni to‘xtatib bo‘lmadi. Uch mavsum ketma-ket yaqqol ustunlik bilan chempionlik.
1992 yil Barselonada o‘tkazilgan Olimpiadaga AQSh olib borgan tarkib basketbol tarixida, so‘zsiz, eng kuchlisi bo‘lgan edi. Maykl Jordan boshchiligidagi jamoada Larri Byord, Medjik Jonson, Charlz Barkli, Kris Malling, Patrik Yuing, Klayd Dleksler va Jon Stokton bor edi. Ularga «orzular jamoasi» deb nom qo‘yishgandi. Ushbu chempionatdagi 8 ta o‘yinning har birida Chak Deyli shogirdlari 100 dan oshiq ochko jamg‘arishdi. Murabbiy biror marta ham taym-aut olmadi. Uchrashuvdan so‘ng nafaqat muxlislar, balki raqib jamoalar ham amerikalik yulduzlardan dastxat olish uchun navbatda turganlari tarixiy haqiqat. Shu tariqa, Maykl Jordan o‘zining ikkinchi olimpiya oltin medalini yutib oldi.
1993 yilning 6 oktyabr sanasida Maykl faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi. U otasining vafotini bunga sabab qilib ko‘rsatgan. 1998 yilda chop ettirgan avtobiografik kitobida faoliyatini yakunlash haqida Barselonadagi Olimpiadadan so‘ng o‘ylay boshlaganini ma’lum qiladi. Unga mashhurlik statusi yoqmasdi. U gazeta va jurnallar, telekanallar, Gollivud kinolarida tez-tez yodga olinardi. 1994 yilda suratga olingan «Maykl Jordanning o‘yin maydoni» va «Kel, birga parvoz qilamiz» filmlari bunga yaqqol misol.
U faoliyatini yakunlagach, beysbolchi sifatida omadini sinab ko‘rdi. Marhum otasining va o‘zining yoshlikdagi orzusi uni bu ishga undadi. Ammo beysbolda u ko‘ngildagidek faoliyat olib bora olmadi.

955625-19574280-1600-900

1995 yilning 18 martida u qisqa e’lon orqali basketbolga qaytganini e’lon qildi: «Men qaytdim». Endi u 45-raqamda harakat qila boshladi. Faoliyatini qayta tiklaganidan so‘ng dastlabki uchrashuvini «Indiana Peysers»ga qarshi o‘tkazdi. Aynan ushbu uchrashuv eng ko‘p tomosha qilingan matchlar orasiga kirdi. Qaytganidan keyin darrov super o‘yinlarini namoyish eta boshladi. Ammo bu mavsum chempionlik nasib etmadi. Chunki «Bullz»da avlodlar almashinuvi ketayotgan edi.
1996/98 yilgi mavsumlarda Jordan jamoasi bilan yana «tri-pit» - ketma-ket uch marta chempionlikni nishonladi va tripl-dabl qayd etgan birinchi basketbolchiga aylandi. 1996 yil Jordan ishtirokidagi «Fazoviy o‘yin» nomli film namoyish etildi.
1999 yil 13 yanvarda Jordan ikkinchi bor faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi. Ammo bu hali hammasi emasdi. 2001 yilgi terakt unga qattiq ta’sir qildi va xayriya maqsadida «Vashington Uizards» bilan shartnoma imzoladi. U maoshini ushbu fojeadan zarar ko‘rganlarga xayriya qildi.
2003 yil u basketboldagi so‘nggi uchrashuvini o‘tkazdi. U faoliyatini yakunlagach, «Mayami Xit» jamoasi 23-raqamni muomaladan chiqardi. Vaholanki, Maykl Jordan mayamiliklar safida hech qachon o‘ynamagan. Faoliyatining eng so‘nggi uchrashuvida 3 daqiqa davomida muxlislar, jamoadoshlari va hatto raqiblar ham uning harakatlarini olqishlagancha kuzatib turishdi.
Mana shunday hurmat va ehtirom bilan buyuk basketbolchi kort bilan xayrlashdi. Uning Chikago shahrida o‘rnatilgan haykali shaharning turistlar tomonidan tashrif buyuriladigan eng mashhur joyi hisoblanadi.

Abdulvosid Valixonov tayyorladi

Retrosport. Afsonaviy “nemis mashinasi”

Retrosport. Takrorlanmas rekord sohibi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!