
«Liverpul»da yangi mojaro yuz bermoqda?!
«Liverpul» klubi «Chelsi» jamoasi bilan o‘yinda minimal hisobda mag‘lub bo‘ldi. Klub muxlislari jamoadagi inqirozning asosiy sababi nimada ekanligi borasida fikr yuritishni boshlab yubordi. Tomas Tuxel shogirdlari «Enfild»da g‘alaba qozondi. Shu yo‘sinda, «Chelsi» mag‘lubiyatsiz o‘yinlar seriyasini 10 taga etkazib oldi. Mersisaydliklar esa, 7-pog‘onaga tushib ketdi. Bunga «Tottenxem» va «Everton»ning o‘z o‘yinlarida 3 ochko ishlab olgani asosiy sabab bo‘ldi. Shuningdek, Joze Mourinoning «Tottenxem»i ham «Liverpul»ga ancha yaqinlashib oldi. "O‘tgan mavsum yo‘lidan chiqqan barchani “yanchib” tashlayotgan «qizillar»ga nima bo‘ldi?", degan o‘rinli savol paydo bo‘lishi aniq. Keling, «aristokratlar» bilan o‘yinda bo‘lib o‘tgan voqealarni yodga olamiz.
O‘tgan mavsum sayyoramizning eng kuchli darvozabonlaridan biri bo‘lgan Alisson Bekker yana qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi. Yaxshiyamki, Timo Verner urgan gol inobatga olinmadi. O‘z darvozasini noo‘rin tark etgan posbon sal bo‘lmasa, o‘yinning antiqahramoniga aylanar edi.
Amaldagi chempionlar safida “javlon urgan” Sadio Mane ham sira o‘ziga kela olmayapti. Qahramonimiz yanvar oyidan beri gol kiritishni uddalay olgani yo‘q. APL bahslarida eng ko‘p gol urgan (17) Muhammad Saloh so‘nggi o‘yinlarda zaxiraga olinishi odatiy tusga kirmoqda. U «Chelsi»ga qarshi o‘yinning 62-daqiqasida o‘z o‘rnini Aleks Oksleyd-Chemberlenga bo‘shatib berdi. Hujumchi maydonni tark etar ekan, norozi ekanligini yashirib o‘tirgani yo‘q.
O‘yindan so‘ng, jurnalistlar ushbu voqea borasida izoh talab etgach, Klopp juda sodda javob qaytardi:
“Men «Bobbi»ni yoki «Mo»ni zaxiraga olishim kerak edi. E’tibor berib qarasam, Saloh ancha asabiy ko‘rinmoqda. Tavakkal qilishni istamadim va uni o‘yindan oldim”.
Izoh tushunarli bo‘lishiga qaramay, Misr terma jamoasi sardorining agenti Rami Abbas olovga “o‘tin qaladi”. U o‘z mijozining ingliz klubi bilan kelajagi borasida gaplashib olishi kerakligi haqida kattagina post qoldirdi. Bu so‘zlar 10 mingdan ortiq muxlislar tomonidan muhokama qilindi.
Ochig‘i, hozir «Liverpul»ga bunday voqealar ortiqcha. O‘zi shundoq ham Virjil van Deykning yo‘qligi etarlicha muammo keltirib chiqarmoqda. Boz ustiga, Jordan Xenderson ham lazeratda. Joel Matip va Jo Gomesning jarohati jamoani tajribasiz yigitlarni maydonga tushirishga majbur qilmoqda. Agar Salah ham jamoaga boshog‘riq bo‘lsa, «Liverpul» butunlay «sochilib» ketishi hech gap emas.
O‘zi shundoq ham ishlar pachava. Klub o‘tgan mavsum 29 turda 79 ochko ishlab olgan edi. Hozir atigi 43 ball mavjud, xolos. «Enfild»dagi mag‘lubiyatli o‘yinlar seriyasi 5 o‘yinga qadar cho‘zildi. Eng achinarlisi shundaki, ushbu uchrashuvlar ichida klub atigi bir bor gol kiritdi. U ham bo‘lsa 11 metrlik jarima zarbasi yordamida. «Enfild»dagi 5 ta bahsda klub amaldagi chempionga o‘xshamadi. 2021 yilda klubda nimadir ishdan chiqqani yaqqol ko‘zga tashlanishni boshladi. "Qizillar" yangi yilda 14 bor maydonga tushgan bo‘lsa, ularning 8 tasida mag‘lubiyat alamini totib ko‘rishga majbur bo‘ldi. APL tarixida birorta amaldagi chempion bu qadar omadsiz mavsum o‘tkazmagan. Bu statistik ma’lumotlar grand klublar uchun falokat, degani. So‘zlarimizni klub afsonasi Jeymi Karrager ham tasdiqlashi mumkin. Sobiq futbolchi o‘zining so‘nggi intervyularidan birida «Enfild»dagi omadsizliklar haqida fikr bildirdi:
“To‘g‘risi, muammo tizimda emas. Shuningdek, «Enfild»ni ham bunda ayblash noo‘rin. Hammasi transfer oynasi ochiq paytda kerakli futbolchilar uchun pul sarflanmaganida. Bo‘sh nuqtalar bor ekanligini ko‘rib turib qanday ko‘z yumib yuborishdi? Hozirgi jamoaga e’tibor berar ekanman, gol kiritishning nega qiyinlashib ketganini anglagandekman. Oldingi va himoya chiziqlarda kadrlar bilan muammolar mavjud".
Keyinroq, Yurgen Klopp o‘z uyidagi ketma-ket 5 mag‘lubiyat haqida fikr bildirdi:
«Biz hammasini to‘g‘ri amalga oshiryapmiz, ammo yakun pand bermoqda. Jamoamizda kerakli nuqtada paydo bo‘lishi kerak bo‘lgan futbolchilar mahoratini ishga solmayapti. Bu biz uchun og‘ir zarba, lekin hammasi tugagani yo‘q. Biz o‘z o‘yinlarimizda g‘alaba qozonishga e’tibor berishimiz kerak»
Murabbiy o‘z shogirdlarini himoya qilish maqsadida aytgan so‘zlarida jon bor, biroq muammoning echimi nimada? Qanday qilib o‘tgan mavsum darvozabonlarning tushiga kirib chiqqan hujum uchligi bu qadar omadsizlikka uchrashi mumkin? Istaymizmi yo‘qmi, hammasi Yurgen Kloppning falsafasi uchun ijrochilarning etishmayotgani bilan bog‘liq. Murabbiy istagan pressingga tayangan agressiv futbolni asosiy figuralarsiz amalga oshirishning imkoni yo‘q. Virjil, Jordan, Joel, Jo va boshqalarning lazaretga bir paytda ravona bo‘lgani, mersisaydliklarga pand berib qo‘ydi. Boz ustiga, mavsumoldi tayyorgarliklar uchun vaqt juda oz bo‘lgani ham rol ijro etdi. 90 daqiqa davomida to‘liq kuch bilan to‘p surishni talab etuvchi intensiv futbolni ko‘rsatish uchun uzun zaxira va etakchilar kerak. Katta ehtimol bilan, Yurgen Kloppda zaxira rejasi mavjud emas. Shu bois, u ijrochilarning darajasidan kelib chiqib vaziyatga moslashgani yo‘q. O‘zi o‘rgangan, natija bergan 4-3-3dan voz kechmayapti. Agar ishlar shu tempda davom etsa, klub mavsumni barbod qilib qo‘yishi hech gap emas.
Fikrlar