"10-15 daqiqa VARga sarflanmoqda", "Angliyada futbol boshqacha o‘ynaladi, bizda faqat hushtak, hushtak, hushtak..." - "Dinamo" sardori Temur Ismoilov bilan intervyu

  • 7 aprel, 2022, 15:45
  • Javokhir Azimov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

SPORTS.uz saytida yangi loyiha! Endi "Etakchi" loyihasi orqali Superligamiz jamoalarining etakchilari bilan intervyu uyushtiramiz. Bizning ilk suhbatdoshimiz "Dinamo" klubi sardori Temur Ismoilov.

Avvalo, jamoa va undagi ichki muhit haqida ikki og‘iz to‘xtalsangiz.

- Jamoamizda ichki muhit a’lo darajada. Futbolchilar bir-biri bilan do‘stona munosabat o‘rnatgan. Istalgan raqibga qarshi vaziyatlar yaratmoqdamiz, biroq omad etishmayapti. Hech kimdan kam joyimiz yo‘q! G‘alabalar yo‘qligiga nima sabab bo‘layotganini to‘g‘risi, bilmayman. "Dinamo" klubi o‘z oldiga hozircha Superligada jon saqlab qolish va iloji boricha yuqoriroq o‘rinni egallash maqsadini qo‘ygan.

Xorijlik murabbiy bilan ishlash biroz noqulaylik tug‘dirmayaptimi? Umuman olganda, janob Roganning o‘zbek mutaxassislaridan farqini nimada?

- To‘g‘risi, Rogan yaxshi darajadagi murabbiy ekan. U o‘z g‘oyalariga ega. Balki biz uning ko‘rsatmalariga to‘liq amal qila olmayotgandirmiz. Men uning bir hislatini e’tirof etmoqchi edim: janob Predrag futbolchilarda o‘ziga bo‘lgan ishonchni uyg‘ota olarkan. Raqib kim bo‘lishidan qat’i nazar, bizning ulardan kam emasligimizni, o‘yinimizni yo‘lga qo‘yib olsak, natija o‘z o‘zidan kelaverishini bot-bot ta’kidlamoqda.

temur ismoilov vs joraev

"Bunyodkor"dan mag‘lubiyatga uchralgan o‘yinda hakam biroz ko‘proq hushtak chaldi, nazarimda. Ammo jamoa o‘yinni "o‘ldirish" o‘rniga oldinga o‘tib, pressing qilaverdi. Bu ham murabbiyning ko‘rsatmasi bilan bog‘liqmi?

- Murabbiy bizga ko‘proq pressing qilishimiz kerakligini aytadi. Aslida, raqib yarim maydonida uyushtirilgan bosim ancha foydali hisoblanadi. Bunda to‘pni olib qo‘yish ehtimoli yuqori. Mudofaada katta vaqtni o‘tkazish esa, salbiy oqibatlarga olib kelishi turgan gap. Oldingi chiziqda pressing qilishimiz to‘liq murabbiy topshirig‘i bilan bo‘lmoqda.

Hakamlikka kelsak, ba’zi o‘yinlarda 10-15 daqiqa vaqt VARga sarflanmoqda. Ayrim referilar to‘liq qaror chiqara olmayapti. Futbolchiga maydonda harakat qilish imkoniyatini berish lozim. Har 2-3 daqiqada hushtak chalish o‘yinni "o‘ldiradi". O‘z navbatida, bu maydondagilarga o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi. Ingliz futbolini tomosha qiling, u erda futbol boshqacha o‘ynaladi. Ozgina tegib ketgani uchun ham hushtak chalinavermaydi. Yakkakurashlarga qo‘yib berish kerak. Bizda esa, faqat hushtak, hushtak, hushtak... Qanday qilib bu holatda futbol o‘ynash mumkin? Inson psixologik tomondan "sinib qolishi" hech gap emas.

Mag‘lubiyatda hakamning aybi bor, deya olasizmi?

- Yo‘q, hakamni deb yutqazdik, deyish noto‘g‘ri. Ammo referi maydonda o‘ynashga berishi lozim. Raqibni sekingina turtsangiz ham o‘yinni to‘xtataverishadi. Biroq ayrim hakamlar yakkakurashlarga imkon beradi. Yiqilgan futbolchi jarima so‘rasa, "Bu - futbol!" - deya javob qaytarishadi. Lekin hamma ham bunday emas. Ular bu qoidani qaerda o‘qiganini bilmayman. 

dinamo vs sudya

Jamoa uzog‘i bilan nechanchi turgacha o‘z o‘yinini yo‘lga qo‘yib oladi deb o‘ylaysiz?

- Aniq sanasini keltira olmayman, biroq qachon xatolarimizni ko‘rib, ularni to‘g‘irlab, o‘z ustimizda yanada yaxshiroq ishlamagunimizgacha g‘alabalar kelmaydi. Bu yo‘lda mehnat qilishdan chekinmaymiz. 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!