
30 yillik orzu, jahon chempionati saralashidagi ajoyib o‘yinlar va yig‘lab yuborgan Alfonso Devis. Kanada mundialga qanday qilib yo‘llanma qo‘lga kiritdi
JCh-2022 startiga tobora oz vaqt qolmoqda. Muxlis va mutaxassislarni intizorlik bilan kuttirayotgan turnir tez orada boshlanadi.
Qaysi terma jamoalar "JCh-2022"da ishtirok etishini yaxshi bilasiz. Agar hamon bundan xabardor bo‘lmasangiz yana bir bor eslatib o‘tib ketamiz.
Mundial startiga 12 kun qolgan va biz ketma-ketlikda termalar bilan sizni tanishtirib o‘tamiz. Demak, "F" guruhining ikkinchi vakili Kanada orqali o‘ziga xos "chellenj"imizni davom ettiramiz.
Jamoa haqida
Kanada futbol assotsiatsiyasi. Laqabi — “qizillar”.
Tashkil topgan yil: 1912 yil (FIFAga 1913 yil a’zo bo‘lgan)
Jamoa bosh murabbiyi: Jon Xerdman
Jamoa sardori: Atiba Xatchinson
Ilk rasmiy uchrashuvi: Avstraliya – Kanada 3:2 (1924)
Eng yirik g‘alaba: Kayman Orollari – Kanada 0:11 (2021)
Eng yirik mag‘lubiyat: Meksika – Kanada 8:0 (1993)
Kanada terma jamoasi ayni payt FIFA reytingida 41-o‘rinni egallab turibdi. Ularning eng yaxshi natijasi esa 33-pog‘ona hisoblanadi. “Qizillar” 2014 yilda eng yomon natijasini qayd etgan. O‘shanda ular 122-o‘ringacha pastlab ketgan.
Kanadaliklar 1985 yilda o‘zlarining birinchi va hozirgacha yagona jahon chempionatiga yo‘l olishgan. Saralashning dastlabki bosqichida ular Gvatemala va Gaiti bilan bitta guruhdan joy olishdi va to‘rtta o‘yinning uchtasida g‘alaba qozonishdi. Yakuniy bosqichda “qizillar” Gonduras va Kosta-Rikani ortda qoldirgan holda mundial yo‘llanmasiga ega chiqdi. Saralashning asosiy qahramoni Igor Vrablich edi. U guruhda ikkita gol urgan bo‘lsa, Gonduras darvozasiga g‘alaba to‘pini kiritdi (2:1) hamda jamoasini jahon chempionatiga olib chiqdi. Bu jahon chempionati Kanada uchun tarixda birinchi bo‘ldi. Qatardagi mundial esa ular uchun ikkinchisi hisoblanadi.
“Chinor barglari” JChda Frantsiya, Vengriya va SSSR jamoalari bilan bitta guruhdan joy olishdi. Frantsuzlar bilan ochilish uchrashuvi (0:1) jahon chempionati debyutantlariga katta umid berishdi: kanadaliklar kuchli raqibga qarshi munosib kurashdi va faqat 79-daqiqada gol o‘tkazib yuborishdi. Biroq Vengriya bilan o‘yinda ham (0:2), SSSR bilan o‘yinda ham (0:2) shimoliy amerikaliklar ochko olishni uddalay olmadi. Kanadaliklar guruhda na ochko olishdi, na gol kiritdi.
Turnirgacha bosib o‘tgan yo‘li
"Kanada jamoasi" iborasini ko‘pincha xokkey sport turib bilan bog‘lashadi. Ammo bu yil Shimoliy Amerikaning ushbu mamlakati futbolchilari barchaning diqqat markazini o‘zlariga qaratdi. JCh saralash doirasidagi so‘nggi uchrashuvda Yamaykani mag‘lub etgan (4:0) Kanada Qatarda bo‘lib o‘tgan 2022 yilgi jahon chempionatining 20-ishtirokchisiga aylandi. “Chinor barglari” 36 yil ichida birinchi marta mundialda ishtirok etadi.
Yamayka bilan o‘yinda maydonga tushgan 11 futbolchidan faqat ikkitasi MLS vakili edi. Qolganlari Evropada to‘p tepishadi. Terma jamoa saralash yakuniga qadar bor-yo‘g‘i ikki mag‘lubiyat alamini totib ko‘rgan (Kosta-Rika 0:1, Panama 0:1). Ammo so‘nggi turda panamaliklardan uchrashlgan mag‘lubiyat “qizillar” muxlislarini sira ham ranjitmadi. Boisi, ular bundan bir tur avval JCh masalasini hal qilib ulgurgan edi. Kanada saralash doirasida Meksika, AQSh, Kosta-Rika, Panama, Yamayka, Salvador va Gonduras kabi terma jamoalar bilan o‘ynab, guruhda birinchi o‘rinni egalladi. Ular o‘tkazilgan 14 o‘yinda jami 28 ochko to‘plab, xuddi shuncha ochkosi bo‘lgan Meksikani to‘plar farqiga ko‘ra ortda qoldirishdi. “Chinor barglari” jamoasi mundial saralashida 23 ta gol urgan bo‘lsa, 7 marta o‘z darvozasidan to‘p olib chiqishga majbur bo‘lgan.
Jamoa etakchilari
Kanada terma jamoasining asosiy yulduzi "Bavariya"ning 21 yoshli qanot himoyachisi Alfonso Devisdir. U saralashning hal qiluvchi uchrashuvini o‘tkazib yubordi, chunki futbolchida yurak muammolari, shuningdek koronavirus infektsiyasi uchun davolanayotgan edi. Yamayka bilan uchrashuvni Devis Twitch orqali translyatsiya qildi va final hushtagidan so‘ng yig‘lab yubordi: “Men Jahon chempionatiga boraman! Biz jahon chempionatiga boramiz, bolalar! Ishonmayman... Yig‘layapman. Mening orzuim amalga oshdi”.
Hujumchilar Kayl Larin (6 gol) va Jonatan Devid (5) Shimoliy Amerika saralashida to‘purarlar poygasida peshqadamlik qilishdi. “Bryugge” klubi sharafini himoya qiladigan Kayl milliy chempionatda unchalik sermahsul emas (9 ta o‘yinda 1 ta gol), lekin terma jamoa safida barqaror o‘yin namoyish etmoqla. Ikkinchisi esa “Lill” klubi a’zosi hisoblanadi: U Frantsiya chempionatida 9 ta gol bilan Neymar (11) va Mbappeni (11) ta’qib qilmoqda. Devidning terma jamoadagi natijasi esa daxshatli - 34 uchrashuvda 24 ta gol.
Qolgan futbolchilar esa asosan Evropaning nomdor bo‘lmagan klublarida o‘ynashadi. Terma jamoa sardori hisoblangan Atiba Xatchinson esa Turkiyaning “Beshiktosh” klubi sharafini himoya qiladi.
Kanadaliklar bosh murabbiyi tarixi o‘ziga xosdir. Jon Xerdman 2018 yilda “chinor barglari”ni qabul qilishdan oldin, ayollar jamoasi murabbiyi edi. Uning erkaklar jamoasi bilan ishlashi ko‘p e’tirozlarga sabab bo‘ldi, ammo Xerdman Kanadani o‘z tarixida ikkinchi jahon chempionatiga olib chiqdi. To‘rt yil ichida jamoa FIFA jahon reytingida 94-o‘rindan 33-o‘ringacha ko‘tarilib oldi.
JCh-2022dagi taqvimi
1-tur. 23 noyabr. Belgiya — Kanada
2-tur. 27 noyabr. Xorvatiya — Kanada
3-tur. 1 dekabr. Kanada — Marokash
Fikrlar