"Hafta voqeliklari" ko‘rsatuvining bu soni Superliga ishtirokchilarining oshirilishi, Samvel Babayan va "El klasiko" haqida

  • 2 mart, 2019, 16:53
  • Bekzod Isayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Xabaringiz bor, saytimiz tomonidan “Hafta voqeliklari” deya nomlangan loyihani taqdim etib kelmoqdamiz. Siz unda o‘zbek, Osiyo va jahon futbolida sodir bo‘lgan haftaning eng muhim voqeliklari bilan tanishishingiz mumkin.

Tecno

Dastlab o‘zbek futboli haqida.

Superliga klublari soni rasman 2taga oshirildi. Endi yangi mavsumda 14 jamoa ishtirok etadi. Pro-ligada 2-o‘rinni egallagan “Mash’al” qolib, yo‘q joydan “Dinamo” va “Surxon” chiqib keldi. Yana futbol printsiplari chetga surib qo‘yildi.

Superliganing 2019 yilgi mavsumida 14ta klub ishtirok etadi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Litsenziyalash qo‘mitasi “Surxon” hamda “Dinamo” klublariga shartli ravishda Superliga yo‘llanmasini taqdim etdi.

O‘FA rahbariyati hududlarda futbolni rivojlantirish yo‘lida jonbozlik ko‘rsatayotgan viloyat hokimlarini qadrlaydi. Bungacha Namangan viloyati hokimi Xayrulla Bozorov, Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov kabilar viloyat futbolini rivojlantirish yo‘lida katta hamjdagi ishlarni amalga oshirayotgandi. Ortda qolgan bir necha oy davomida esa Surxondaryo va Samarqand viloyatlari hokimlari ham O‘FA bilan to‘laqonli hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

- Surxondaryo viloyati bir necha yillar davomida katta futboldan uzoqda qoldi. Erkinjon Turdimov mazkur viloyatga rahbar etib tayinlangach, viloyat futbolida ijobiy o‘zgarishlar kuzatila boshlandi. Ayni vaqtda “Surxon” futbol klubi Litsenziyalash qo‘mitasi ilgari surgan barcha talablarni bajardi. Viloyatdagi bosh stadionni ta’mirlashda ayni vaqtdagi hokim Bahodir Po‘latov ham o‘z yordamini ayayotgani yo‘q. Erkinjon Turdimovning o‘zi esa endilikda Samarqand viloyatida futbolni ko‘tarish ishlarini boshlab yubordi. Mazkur ishlar O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining e’tiboridan chetda qolmaydi. Shuningdek, har ikki viloyatda millionlab futbol muxlislari katta futbolni sog‘inib qolgani uchun ham “Dinamo” va “Surxon”ga shartli ravishda Superliga yo‘llanmasini taqdim etish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Chempionat startiga bir necha kun qolganda shunday qaror qabul qildik. Bungacha Superliganing 12ta klubini o‘z talablarimiz bo‘yicha ishlashga unday oldik. Endi esa yana ikki klub ularga etib olish yo‘lida mehnat qiladi. Bizning maqsadimiz iloji boricha kattaroq hududlarni futbol bilan qamrab olish, iloji boricha ko‘proq muxlislarni futbolga qaytarishdan iborat. Mana shunday katta maqsadlar yo‘lida reglamentlardagi kichik o‘zgarishlargacha borishga tayyormiz, - dedi Umid Ahmadjonov.

Qur’a tashlash marosimga 3 soat qolganda O‘FA “Dinamo” va “Surxon” jamoalarini sport printsiplariga zid ravishda Superliga-2019da qatnashishiga ijozat berdi. Shunaqasi ham bo‘lar ekan!

“Mash’al” nimalarnidir bahona qilib tushirib yuborilgani barchaning yodida. Nega endi o‘tgan mavsum Pro-ligada 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan muborakliklar emas, “Surxon” va “Dinamo” chempionatga qo‘yildi. Litsenziya talabi deb bong urayotganlar futbol printsiplariga ko‘z yumishdi. Stadion, maydon, akademiya... Shulardan qay biri “Surxon” yoki “Dinamo”da Muborakdagidan yaxshiroq? To‘g‘ri, bu ikki jamoaga yaxshi homiy va hokim yordam berar. Lekin qachongacha? Hokim o‘zgarib, yagi kelgani futbolga befarq bo‘lsa-chi? Biz surxondaryolik yoki samarqandlik muxlislarning xursandchiligiga soya solmoqchi emasmiz. Ular shundoq ham endi yaxshi reja asosida ishga kirishishgandi. Bu ikki jamoa maqsadlari sari birin-ketin odimlayotgandi. “Surxon” va “Dinamo”ning moliyaviy tomondan ishlari yurishmoqda.

Nahotki xorazmlik yoki boshqa hududlardagi muxlislar katta futbol ko‘rish baxtiga munosib bo‘lishmasa?

Mavsum boshlanishiga bir necha kun qoldi. Jamoalar 2-3 oylik yig‘inlarda topa olmagan yaxshi futbolchilarni Samarqand jamoasi qanday topmoqchi? Chempionatda qatnashdi deylik. Natija nima bo‘ladi? Yana hamma chiqmagani yaxshi edi deydimi? Hatto murabbiylarning o‘zi ham jamoasi Superligada qatnashishini qur’a tashlash marosimi kuni eshitdi. Qaytanga, tarkibni kuchaytirib, talabga javob beradigan bo‘lib, Superligaga qaytganida jamoaning boshqalar oldida yuzi yorug‘ bo‘lardi.

O‘FA yoki PFL ishtirokchilar sonini bir ayirib, ikkinchi mavsum qo‘shib qo‘yishi mumkin. Ammo bunda jamoalar o‘z imkoniyatlarini ham chamalab chiqishsa ayni muddao bo‘lardi. Har holda ortiqcha gap so‘z qilinayotgan katta ishlarga rahna solmagani yaxshi-da.

 

O‘zbek futbolidan bir umrga chetlatilgan Samvel Babayan o‘zbek futboliga qaytdi. U kelib bir yillik sirni oshkol qildi. Vaqtning o‘tishini qarang, bir pasda bir umr o‘tib ketipdi.

Futboldan bir umrga chetlatilgan Samvel Babayan 26 fevral kuni «Lokomotiv» futbol klubi prezidenti maslahatchisi etib tayinlangani haqida xabar berildi. Ushbu gap-so‘zlardan so‘ng ko‘plab nashrlar Samvel Babayan bilan intervyu tashkil etishdi. Uning aytishicha, Diskvalifikatsiyam O‘FA tomonidan 2018 yil 1 fevraldayoq bekor qilingan ekan.

Eng qizig‘i, Babayanning bu gaplarini O‘FA ham tasdiqlagan: «O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan ochilgan ish 2018 yil 1 fevral kuni yopilgan hamda Samvel Babayanning diskvalifikatsiyasi bekor qilingan». Bunga, O‘FAdan ma’lum qilishlaricha, nima uchundir «Bunyodkor» futbol klubi tomonidan taqdim etilgan bildirgi (kafillik xati) asos qilingan.

Asosiy faoliyati «Paxtakor»da kechgan Babayanning yonini nima uchun birdan «Bunyodkor» olib qolgani noma’lum; O‘FAning ta’kidlashicha, «Bunyodkor» taqdim etgan bildirgida hatto «davlat rahbarining shaxsan o‘zi ham bilib-bilmay ayb qilgan va o‘z aybidan chuqur pushaymon bo‘lgan shaxslarni afv etayotgan» bir vaqtda Babayanga ham «yordam qo‘lini cho‘zish zarur»ligi aytilgan. “Bunyodkor” nega Babayanga kafillik qilgani haqida hech qanday ma’lumot berilmagan. Vaholanki, o‘sha paytlari “qaldirg‘ochlar”ning o‘zlariga kafil inson kerak edi. Ochig‘i, bu bayonotda nimanidir tushunmadik. Sizchi?

Umuman olganda, Babayanning diskvalifikatsiyasi 2018 yil 1 fevralida bekor qilingani sir emas edi – «futboldan bir umrga chetlatilgan» mutaxassis Latviya futbol klubida ish boshlaganidayoq ma’lum bo‘lgan edi bu. Lekin, bilasizmi, O‘FA birinchi-vitse prezidenti Umid Ahmadjonov 2018 yil aprelida shunday degandi:

- Babayan borasida pozitsiyamiz o‘zgarmaydi. Milliy terma jamoadan o‘z manfaati yo‘lida foydalangan deb hisoblaganimiz uchun ham yaqin orada o‘zbek futboliga qaytarishni rejalashtirayotganimiz yo‘q. O‘FA qarori faqat biz (O‘zbekiston) uchun amalda bo‘ladi. Xalqaro miqyosda esa omadini bersin, - degandi Ahmadjonov.

Shuningdek, u 2018 yili «2019 yilda Superligada jamoalar soni 12 tadan oshirilmaydi» degandi, lekin 2019 yil fevralida esa «joylarda futbolni ommalashtirishdek katta maqsadlar yo‘lida reglamentga jamoalar sonini 14 tagacha oshirishdek kichik o‘zgartirishlar kiritishga tayyormiz», degandek bo‘ldi.

Ho‘sh, qaysi gapga ishonaylik. Avvalgisigami yoki oxirgi aytganigami? Xullas, o‘zingizga havola.

Shunday qilib, O‘FA «bir umrga futboldan chetlatishi» atigi yarim oyni tashkil etgani ma’lum bo‘ldi.

 

O‘FAning Samvel Babayan bilan bog‘liq bayonoti "Lokomotiv" rahbariyatiga yoqmadi va klub vakillari izoh talab qilishdi. O‘FA matbuot xizmati esa rasmiy tarzda javob bermadi. Balki o‘zaro kelishib olishgandir. Ammo rasmiy murojaatga rasmiy javob berilgani yo‘qda. Har holda doim oshkoralik haqida bong uradigan tashkilot bunga amal qilgani yaxshi

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rasmiy saytida “Samvel Babayan “Bunyodkor” kafilligi ostida O‘FA Ijroqo‘mi tomonidan afv etilgan” sarlavhali maqola chop etildi.

Bunda ma’lum muddat tanaffusdan so‘ng shu yilning 26 fevral sanasidan boshlab “Lokomotiv” professional futbol klubi Prezident maslahatchisi sifatida ish boshlagan Samvel Babayanning o‘zbek futbolidan chetlatilgani hamda keyinchalik O‘FA Ijroqo‘mi ishni ko‘rib chiqishi natijasida yana qaytarilgani haqida gap borgan.

“Lokomotiv” PFKning e’tiroziga sabab bo‘lgan jumla esa xabar oxirida keltirilgan. Unda shunday deyiladi: “O‘FA bundan buyon Samvel Babayan O‘zbekistonning hech qaysi terma jamoasida faoliyat yuritishiga yo‘l qo‘ymaydi. Qo‘shimchasiga, keyingi faoliyatini Samvel Babayansiz tasavvur qila olmagan “Lokomotiv” futbol klubining qaroriga ham qarshilik ko‘rsatmaydi”.

Bundan buyon Samvel Babayanning hech qaysi terma jamoada ishlashiga yo‘l qo‘ymasligi bu O‘FAning masalasi, bunga klub aralasha olmaydi. Lekin nima sababdan xabar “Qo‘shimchasiga, keyingi faoliyatini Samvel Babayansiz tasavvur qila olmagan “Lokomotiv” futbol klubining qaroriga ham qarshilik ko‘rsatmaydi” degan gap bilan tugagan, “Lokomotiv” PFK shunisiga hayron.

Oxirgi gapda “Keyingi faoliyatini Samvel Babayansiz tasavvur qila olmagan “Lokomotiv” futbol klubining qaroriga…” degan joyini qanday tushunish kerak? Bu “Lokomotiv” Babayansiz o‘z faoliyatini tasavvur qila olmaydi degan ma’noni beryaptimi? Ma’lumki, “Lokomotiv” futbol klubi shu paytgacha uch marta O‘zbekiston milliy chempionati, uch marta O‘zbekiston Kubogi hamda ikki bor O‘zbekiston Superkubogida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan va bularning birortasida Samvel Babayanning qo‘li bo‘lmagan.

Bundan ko‘rinib turibdiki, klub shu paytgacha Samvel Babayansiz ham o‘z maqsadi yo‘lida davom etgan va bugungi kunga kelib “Lokomotiv” PFK rahbariyati taklifiga binoan o‘zbek futbolidagi etuk mutaxassislardan biri Samvel Babayan klub rivojiga yanada hissa qo‘shsin degan yaxshi niyatlar bilan klub Prezidenti maslahatchisi lavozimiga qabul qilindi.

Gapning ochig‘i, xabar bilan tanishib chiqqan “Lokomotiv” PFK rahbariyatiga oxirgi jumla yoqmadi. “Lokomotiv” yaqqol bir kishining shaxsiy klubi emas. Bu “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga tegishli tashkilot hisoblanadi hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ homiyligi ostida turli musobaqalarda ishtirok etadi. Qolaversa “Lokomotiv” qaysidir shaxssiz tasavvur qilib bo‘lmaydigan klub ham emas. O‘tgan yillar ichida qancha odam ishlab ketdi, lekin poezd mudom o‘z temiryo‘li ustida yurgani kabi “Lokomotiv” ham o‘zi tanlab olgan yo‘l bo‘yicha odimlashda davom etmoqda.

O‘FA rasmiy saytida keltirilgan xabardan kelib chiqqan holda “Lokomotiv” PFK rahbariyati O‘FA matbuot xizmatidan oxirgi jumla uchun tushuntirish berishni so‘raydi hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga ko‘ra har bir inson kasbiy faoliyat yuritish huquqiga ega ekanligini eslatib o‘tadi.

“Lokomotiv”ning bu e’tirozi o‘rinli. Chunki O‘FA sayti rasmiy tashkilot hisoblanadi. Piching va kesatiq tarzda ma’lumotlar tarqatadigan sariq matbuot emas. O‘FA matbuot xizmati “Lokomotiv”ning so‘ragan izohiga rasmiy tarzda javob bermadi. Balki o‘zaro kelishib olishgandir. Ammo rasmiy murojaatga rasmiy javob berilgani yaxshida.

 

Ispaniya kubogi yarim final javob o‘yinida “Real” mag‘lub etildi. "Barselona" yana Madridda g‘alaba qozondi va finalga yo‘l oldi

Ispaniya kubogi yarim final javob bahsidan o‘rin olgan “Real” hamda “Barselona” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda yirik hisob qayd etildi. Kataloniyaliklar yana Madridda yirik hisobda zafar quchishdi. Qiziqarli kechgan bahs 0:3 hisobida “Barsa” foydasiga hal bo‘ldi.

Uchrashuvda Luis Suares xet-trik qayd etishi mumkin edi. Uning harakatlari evaziga kiritilgan gol Rafael Varanga avtogol qilib yozildi. Natijada urugvaylik hujumchi dublga erishdi. Shu tariqa Suares “Barselona” tarixida “Real”ga qarshi o‘yinlarda eng ko‘p gol urgan futbolchilar uchligiga kirib oldi. Uning hisobida 12ta gol mavjud. Bu borada futbolchi faqatgina Sezar Rodriges (14) va Lionel Messidan (26) ortda qolmoqda.

E’tiborlisi, kataloniyaliklar yulduzi Lionel Messi o‘zining “Real”ga qarshi “Santyago Bernabeu”da qozongan g‘alabalar sonini 11taga etkazib oldi va bu borada rekordchiga aylandi.

O‘z navbatida shu kuni madridliklar himoyachisi Serxio Ramos ham rekord o‘rnatdi. Faqat, antirekord. Gap shundaki, Ramosning “Barselona”ga qarshi “Santyago Bernabeu”dagi bellashuvlarda uchragan mag‘lubiyatlari soni 11taga etdi va u ham bu borada “yakka peshqadam”ga aylanib oldi.

“Qirollik klubi” joriy mavsumdagi 5-yirik mag‘lubiyatini tan oldi. Bundan avval madridliklar TsSKA, "Eybar", "Sevilya" va "Barselona" klublariga 3 va undan ortiq to‘p farqi bilan imkoniyatni boy berishgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, “Real” bunday holatga 1995/1996 yilgi mavsumdan buyon ilk bor tushdi.

Yana bir qiziq, ma’lumot. “Real” hamda “Barselona” jamoalari o‘rtasidagi Ispaniya kubogi javob bahsi (0:3) vaqtida Karim Benzemaning uyinini tunab ketishdi. Hozircha, bu ishni kim va nima sababdan qilgani ma’lum emas.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Dastan Uteuliev
03/03/2019 11:22
Умид Ахмаджонов нима килсин узи порахор булса