
«Liverpul» qanday rivojlanmoqda?
Chempionatning uchdan bir qismi ortda qolgan bir pallada «qizillar» Premer Liganing engilmas jamoasi bo‘lib qolmoqda va turnir jadvalida peshqadam «Manchester Siti»dan atigi ikki ochkoga ortda qolgan holda, ikkinchi o‘rinda bormoqda.
Gvardiolaning jamoasini quvib o‘tish ancha qiyin masala. Ikkala jamoa ham bu mavsumda quruq o‘yinlar (8) o‘tkazish bo‘yicha etakchilik qilishmoqda.
Ammo «Liverpul» ayni vaqtda o‘zining eng yaxshi futbolini namoyish qila olmayapti, ayniqsa yakuniy zarbalarda. Ular bu mavsumda o‘z o‘yinlarini kuchaytirishning yangi yo‘llarini qidirib ko‘rsa, foydadan holi bo‘lmaydi.
Biz o‘tgan mavsumda guvohi bo‘lgan hujumkor o‘yin bu mavsumda takrorlanishi qiyin bo‘lmoqda. Ammo bu ularga turnir jadvali yuqori pog‘onasida bo‘lib turishiga to‘sqinlik qilmayapti.
Biroq klub rivojlanishdan to‘xtamayapti. Yangi mavsumda ular o‘yin nazoratini kuchaytirishgan. Shuningdek, so‘nggi vaqtlarda o‘yin taktikasida ham o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmoqda va zaxira o‘rindig‘i ham ancha kuchaygan.
Klopp yangi mavsumda jamoasida qilgan eng muhim o‘zgarishlar g‘alaba formulasi bo‘lib turibdi. Quyida ular bilan tanishing:
- Mustahkam darvozabon
Uzoq vaqt «qizillar» o‘zlariga mos kuchli darvozabon topa olmadi. Yozda Alissonning kelishi klubni so‘nggi yillardagi muammosini nihoyat bartaraf qilganga o‘xshaydi.
Yillar davomida darvozabon masalasi kun tartibidan joy oldi. Simon Minole va Loris Karius uzoq muddatda Klopp uchun yaxshiroq variant ekanligini isbotlashga harakat qilishdi. Biroq ularning birortasi bu vazifani uddalay olmadi.
Kariusning o‘tgan mavsumda Chempionlar Ligasining finalida yo‘l qo‘ygan oddiy xatolari klubni top saviyadagi darvozabonga sarmoya qilishga undadi. Biroq Alisson ular istagan yagona darvozabon edi.
Alisson yangi jamoasida sakkiz quruq o‘yin o‘tkazgani tasodif emas. Klubning himoya chizig‘i ancha mustahkam ekanligini unutmagan holda aytish kerakki, braziliyalik posbon 31 zarbadan 83.87 % da seyvni amalga oshirgan. Bu bilan u Premer Ligada uchinchi o‘rinda bormoqda.
Braziliya termasining asosiy posboni endigina 26 yoshni qarshi olganini hisobga olsak, «Liverpul» ushbu transferdan ko‘p narsa yutdi.
- Gomesning markaziy himoyaga o‘tkazilishi
Gomesning yosh javohir ekanligi klub va Angliya termasi uchun uzoq muddatlik sarmoya hisoblanadi. «Charlton»ning sobiq vakili jarohatlar sabab bir necha yil o‘zini ko‘rsata olmadi. Ammo bu mavsumda «Liverpul»ning eng yaxshi futbolchilaridan biriga aylangan.
2015-yilda «qizillar» safida fantastik debyutini o‘tkazgan Gomes tizzasidan olgan jarohati sabab qisqa muddatga yo‘qolib qolgan edi.
Uning chap qanot himoyasida ko‘rsatayotgan o‘yini klub muxlislarining og‘ziga tushgan. O‘tgan mavsumda Trent Aleksander-Arnoldga o‘rinbosar sifatida o‘ng qanotda ham rotatsiya vaqti omadini sinab ko‘rdi.
Ammo Klopp uni doim himoya markazida ko‘rishini aytib kelgan. Bu esa nihoyat ro‘yobga chiqdi. 21 yoshli iqtidor vakili Virgil Van Deyk bilan himoya qo‘rg‘onida kuchli juftlikni hosil qilgan.
- Ikki tayanch yarim himoyachisi bilan o‘ynash
«Liverpul»ning yaqinda 4-2-3-1 yoki Klopp ta’kidlaganidek 4-4-1-1 o‘yin tizimiga o‘tishida germaniyalik mutaxassis bir necha o‘zgarishlarni amalga oshirdi.
O‘tgan mavsumda klub asosan 4-3-3 o‘yin sxemasidan foydalandi. Ammo klubning «Napoli» va «Tsrvena Zvezda»ga qarshi bahslarda yo‘l qo‘ygan taktik xatolari Kloppga yoqmadi va o‘yin uslubiga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.
Yarim himoyaning zaiflashib qolishi ortidan dortmundliklarning sobiq murabbiyi ikki kishilik tayanch yarim himoyachisi bilan o‘ynashga o‘tdi. Ushbu pozitsiyada jamoa sardori Jordan Xenderson, qo‘p qirrali Veynaldum va yozgi harid Fabinolar o‘ynashi mumkin.
Bu ko‘p jihatdan Fabinoga yordam berishi mumkin. Ammo «Monako»ning sobiq vakiliga yangi muhitga moslashib olishi ancha vaqt berildi.
- Salohning markaziy hujumchiga aylantirilishi
Klopp Salohning mersisaydliklar safiga kelib qo‘shilganidan beri undan oqilona foydalanishi barchaga manzur bo‘lmoqda. O‘tgan mavsumda bosh murabbiy misrlik futbolchiga to‘purarlik mahoratini ishga solishi mumkin bo‘lgan pozitsiyani berdi. «Roma»ning sobiq vakili bu ishonchni oqladi va yangi jamoasining debyut mavsumida naq 44 gol urishga erishdi.
O‘tgan mavsumda bir yoki ikki marta Klopp «Chelsi»ning sobiq vakiliga markaziy hujumchi vazifasini ham ishonib topshirdi. Uning tezligi va iqtidori yaxshiroq pozitsiya tanlashiga yordam beradi.
Bu mavsumda esa Saloh ko‘p vaqtini hujumchi sifatida o‘tkazmoqda. Va bu samara bermoqda.
26 yoshli futbolchining hisobida hozircha to‘qqiz gol bor. U Premer Liga himoya chiziqlari uchun haqiqiy tahdidga aylanib bormoqda.
Fikrlar