OFK Kubogi final bahsi bizning nigohimizda. Taassurotlar bilan o‘rtoqlashamiz

  • 5 noyabr, 2017, 22:20
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Hisor: O‘zbekiston yoshlar terma jamoasining U-19 Osiyo chempionati saralash bahslaridan o‘rin olgan Maldiv Orollariga qarshi o‘yinidan so‘ng Hisor markaziy stadioniga yo‘l oldik. Qit’a futbolidagi muhim voqea ya’ni OFK Kubogi final baxsiga guvoh bo‘lish uchun atigi 25-30 km masofani bosib o‘tish talab etilardi, xolos.

Yo‘llar juda ham tirband, Dushanbe aholisi xuddi Hisorga ko‘chib ketayotgandek tasavvur uyg‘otishi tabiiy hol. Yarim soatga qolmay manzilimizga etib keldik. Shu payt yaxshiyam bizda “Bunyodkor stadioni bor” deb yubordim. Buyog‘ini o‘zingiz tushunib oldingiz...

Stadion hududida yaqinlashar ekanmiz har bir darvozada mingdan ortiq tomoshabin bilet ushlab turibdi. Aylanib-aylanib OAV vakillari uchun ajratilgan kirish eshigiga etib bordim. Qiziq jihati xavfsizlik xodimlari hech qanday tekshiruvsiz ichkariga kirishga ruxsat berishdi. Har doim stadionga kirishdan avval kamida 3-4 marotaba sumkamni tekshirtirish odat bo‘lib qolgani uchun ham bu holat g‘alati tuyuldi.

O‘yin boshlanishiga taxminan bir soatdan ozroq vaqt qoldi. Media tribunada men va yana uch-to‘rt nafar jurnalist o‘tiribdi, xolos. Boshqalardan darak ham yo‘q. 20 daqiqa vaqt o‘tdi ham yana o‘sha besh kishi kuni kecha qurib bitkazilgan, plastik o‘rindiqlar bilan jihozlangan, oynasi esa yaxshilab tozalanmagan media tribunada o‘tirardik.

Kameramni olib maydonga tushdim. Tribunalar tomoshabinlar bilan to‘lib toshib ketgan bo‘lsa ham muxlislar oqimi to‘xtamas edi. Hayqiriqlar, qo‘shiqlar va stadion bo‘ylab jonli to‘lqinlar... Bu ajoyib muhit mezbonlar to‘p o‘tkazib yubormagunga qadar davom etdi... Qiziq jihati, qo‘shnilarimiz ham hakamlarni biz ka’bi "o‘sha" so‘zlar bilan "siylab" turisharkan. Mezbonlar darvozasi tomon belgilangan penaltidan so‘ng bir-ikki daqiqa Oliy liga havosidan bahra oldim.

O‘yin keskin kurashlar bilan boshlandi. Ilk daqiqalardanoq hujumga zo‘r bergan iroqliklar "Istiqlol" vakillarini anchagina shoshtirib qo‘yishdi. Biroq, bo‘lim o‘rtalarida Muxsin Muxammadiev shogirdlari sekin asta o‘yin tizgini o‘z qo‘llariga ola boshladi.

Hujumlar soni ko‘payganiga bilan dushanbeliklar darvoza tomon umuman aniq zarba yo‘llay olmadi. Birinchi bo‘lim nursiz durang bilan yakuniga etdi.

Ikkinchi 45 daqiqalik mehmonlarning ustunligida o‘tdi desak mubolag‘a bo‘lmasa kerak. Ammo bir qancha vaziyatlarda omad ulardan ochiqchasiga yuz o‘girdi. Xususan, ular 11 metrlik zarbadan ham unumli foydalana olmadi. 52-daqiqada Fatxullo Fatxulloev o‘z jarima maydoni ichida raqib futbolchisiga nisbatan qo‘pollik qildi. O‘zbekiston Kubogi final uchrashuvini boshqarishi kutilayotgan BAAlik hakam Muhammad Abdulla Hassan hech ikkilanmasdan Istiqlol darvozasi tomon penalti belgiladi.

 

Biroq Ahmad Hammadi yo‘llagan zarbani mezbonlar posboni Nikola Stosich qaytarib qoldi.

Oradan 15 daqiqa o‘tar o‘tmas “Eyr Fors” futbolchilari hisobda oldinga chiqib olishdi. O‘ng qanotdan jarima maydoniga etkazib berilgan to‘pni Ahmad Hammadi nozik harakatlar bilan Emad Muhsinga tashlab berdi. Barchadan avval to‘pga etib kelgan iroqlik hujumchi Nikola Stosich qo‘riqlayotgan darvozani “teshib” qo‘ydi. Ushbu hisob o‘yin yakuniga qadar o‘zgarmay qoldi va iroqliklar ketma-ket ikkinchi bor OFK Kubogida zafar quchishdi.

Chempionlarni taqdirlash marosimidan avval “Istiqlol” klubi hujumchisi Manuchehr Jalilov “Musobaqaning eng yaxshi futbolchisi” sovrini bilan taqdirlandi.

KXDRning “25 Aprel” jamoasi a’zosi Kim Yu Son kubok bahslari davomida 9 ta golga mualliflik qilgan holda, “eng yaxshi to‘purar” sovrini qo‘lga kiritdi.

Filippin chempionati vakili “Tseres Negros” jamoasi esa “Fair Play” mukofoti bilan taqdirlandi.

OFK Kubogi 2017 yilgi mavsum g‘oliblari

 

Kamina esa vaziyatdan foydalanib OFK Kubogi bosh sovrini bilan “selfi”ga tushib oldi.

The Sokhibov
Hisor, Dushanbe, Tojikiston

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!