Rivojlanishning frantsuzcha uslubi yoxud 5 yil oldin O‘zbekistonni enggan bo‘lajak chempionlar

  • 27 iyul, 2018, 10:00
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

Rossiyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatini butun dunyo katta qiziqish bilan kuzatib bordi. Har to‘rt yilda bir o‘tkaziladigan ushbu katta futbol forumida bu safar Frantsiya terma jamoasi jahon chempioni degan ulkan sharafli nomga sazovor bo‘ldi. Bundan roppa-rosa 20 yil oldin – 1998 yili Frantsiya yashil maydonlarida o‘tkazilgan mundialda mezbonlar jahon chempionligini qo‘lga kiritishgandi. Yangi avlod esa 20 yildan keyin o‘sha tarixiy g‘alabani qaytardi.

15 iyul kuni Moskvadagi “Lujniki” stadionida Frantsiya hamda Xorvatiya terma jamoalari ishtirokidagi jahon chempionatining final uchrashuvi chindan ham har qanday musobaqaning bezagiga aylana oladi. Frantsuzlar gollarga boy tarzda kechgan o‘yinda 4:2 hisobida g‘alaba qozonishgan holda jahon Kubogini boshi uzra baland ko‘tarishdi. Ushbu final bahsini kuzata turib, hayolimga bir narsa keldi. Ushbu mundialda O‘zbekiston milliy terma jamoasi ham ishtirok etishi mumkin edi, ammo yana alamli tarzda biz mundial chiptasidan quruq qolgandik. Finalda Frantsiya terma jamoasining muvaffaqiyatini kuzata turib, ushbu chempionlar ham O‘zbekiston terma jamoasi haqida xabardor bo‘lishgani yodimga tushdi. Ya’ni, o‘sha Pogba, o‘sha Umtiti singari jahon chempionlari o‘z vaqtida o‘zbek yigitlariga qarshi to‘p surishgandi. Aynan shu narsa yodimga tushdi. Payqagan bo‘lsangiz, bundan besh yil oldin Turkiyada o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida Frantsiya va O‘zbekiston terma jamoalari chorak finalda duch kelishgandi. O‘shanda vakillarimizning mundialdagi yoqimli sarguzashtlariga frantsuzlar chek qo‘yishgandi. Yakunda Frantsiya yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionligini qo‘lga kiritgandi. Shu o‘rinda beixtiyor o‘sha besh yil oldingi mundialdagi Frantsiya – O‘zbekiston terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yinning protokolini e’tiboringizga havola qilamiz. Albatta, besh yil oldingi tarkibga nazar tashlash qiziq tuyulsa kerak-a? Ayniqsa, o‘sha paytda bo‘lajak jahon chempionlari safida O‘zbekistonga qarshi kimlar to‘p surganini ko‘rish undan-da yoqimli bo‘lsa ajab emas. Chindan ham o‘sha bizni 4:0 hisobida tor-mor keltirgan frantsuzlarning tarkibiga qarang: Alfons Areola, Kurt Zuma, Samuel Umtiti, Pol Pogba, Lyuka Din, Yaya Sanogo, Jeffri Kondogbia, Florian Toven kabi jahon saviyasidagi top-futbolchilarni uchratish mumkin. Bu yilgi jahon chempionlari safida esa o‘sha tarkibdan to‘rt nafar o‘yinchining ham borligi diqqatga sazovordir. Bular – Areloa, Pogba, Umtiti va Toven. Aynan ushbu chempionlar O‘zbekiston terma jamoasiga qarshi o‘yinda ishtirok etib, jamoasining g‘alabasi uchun katta hissa qo‘shishgandi. Umuman olganda, o‘sha paytdagi Frantsiyaning tarkibi ham kuchli edi. Zuma, Kondogbia, Din, Sanogo va yana boshqa o‘yinchilar kuchli raqobat tufayli hozirgi Frantsiya terma jamoasining tarkibidan chetda qolishdi. Lekin o‘sha o‘yinchilar bugungi kunda qaysi klublarning sharafini himoya qilishmoqda? Masalan, Jeffri Kondogbia “Valensiya”da, Lyuka Din “Barselona”da, Kurt Zuma “Stok Siti”da, Yaya Sanogo “Tuluza”da, Jan Kristof Baebak esa “Utrext” kabi jamoalarda to‘p surishyapti. Yaqinda Rossiyadagi mundialda jahon chempioni bo‘lganlardan esa Pol Pogba “Manchester Yunayted”, Samuel Umtiti “Barselona”, Alfons Areola PSJ va Florian Toven “Marsel”da o‘ynayapti.

Xo‘sh, endi solishtirish uchun o‘zimizning yigitlarga yuzlanamiz. Bundan besh yil avval Frantsiya terma jamoasiga qarshi maydonga tushgan o‘zimizning qora ko‘zlarimiz bugungi kunda qaerda va nima qilishyapti? Ulardan birortasida yaqqol o‘sish ko‘rindimi? Kimdir Evropaga ketdimi? Ex-xe, savollar ko‘p-u, ammo javob yo‘q. Frantsiyaga qarshi maydonga tushgan tarkibni ko‘rib turganingizdek, biror-bir o‘yinchimiz keyinchalik yarq etib porlagani yo‘q. Aksincha, borini ham yo‘qotyapmiz desam ishonasizmi? Masalan, o‘sha mundialda yulduzga aylangan Abbos Maxstaliev hozir qaerda? O‘sha Pol Pogbaga munosib qarshilik ko‘rsatishga uringan o‘zimizning Maxstalievning kelajagi haqida rosa iliq  fikrlarni aytgandik. U ham Pogba singari jahon darajasiga chiqa oldimi? Lekin u Osiyoda hattoki oddiy legioner maqomiga ham aylana olgani yo‘q. Hozir u qaerda? Superligada “Neftchi” sharafini himoya qilgach, pro-ligada Termizning “Surxon” jamoasiga borib qo‘shildi. Maxstaliev uchun allaqachon faoliyatida cho‘qqiga chiqish imkoniyatlari yopilgan. O‘sha tarkibimizdan hujumchi Igor Sergeev milliy terma jamoa darajasigacha etib bordi. Ammo qanday etib bordi? Qanday mashaqqatlarni boshdan kechirganini o‘zi bilsa kerak. Jaloliddin Masharipov esa biroz kechroq bo‘lsa ham milliy terma jamoa saviyasiga ko‘tarilmoqda desak bo‘ladi. Xo‘sh, o‘sha tarkibimizdan kimlarni yarq etib ko‘zga tashlanyapti deb ayta olamiz? Afsuski, hech kim! Barchasi o‘rtacha saviyadagi o‘yinchilarga aylanishgan va endi ulardan bundan ortig‘ini kutib bo‘lmaydi. O‘rtadagi tafovut yaqqol ko‘rinib turibdi. Besh yildan keyin o‘sha frantsiyaliklar jahon chempionligini nishonlashyapti, yana boshqa o‘yinchilari Evropaning etakchi klublarida to‘p surishyapti, bizning futbolchilarimiz esa o‘zimizning chempionatdan nariga o‘ta olishmayapti. Bu erda ikkala mamlakatlardagi futbol darajasi ham ochiq-oydin ko‘rinib turibdi. Sifat va saviya baribir ularda boshqacha.

 Ularda futbolga bo‘lgan munosabat va e’tibor har jihatdan kuchli. Shuning uchun ham frantsuzlarning yangi avlodi 2013 yilda yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionligini qo‘lga kiritishdi va bu yil asosiy mundialda ham jahonda tengsiz bo‘lishdi. Bizning ulardan o‘rganishga arziydigan jihatlarimiz juda ham ko‘p. Bundan paytda sira ham uyalmasdan Frantsiyadan futbolning rivojlanishini, qanday qilib Pogba, Umtiti, Toven kabi o‘yinchilar bunday darajaga ko‘tarila olganining sir-asrorlarini o‘rgansak chakki bo‘lmasdi. To‘g‘ri, bu yil futbolimizda inqilob yuz berib, rivojlanish uchun dadil qadamlar tashlanayotganini ham inkor qilib bo‘lmaydi. Ammo nima uchun besh yil oldin bo‘lajak chempionlarga qarshi o‘ynagan yigitlarimiz shu paytgacha o‘sishga erishishmad? Nega o‘zimizning chempionatdan nariga o‘ta olishmayapti? Nima sababdan milliy terma jamoaga ko‘tarila olishmayapti? Balki shuning uchun biz hali ham jahon chempionatidan quruq qolayotgandirmiz. Bizda bungacha o‘smirlar va yoshlar terma jamoalarimizning Osiyo hamda jahon chempionatlarida javlon urgan yigitlarimizning keyinchalik faoliyatida pasayish kuzatilishi yoki bir qolipga tushib qolishlari kabi holatlarga duch kelaverib, bunga o‘rganib ham qolganmiz. Nimagadir o‘sishi mumkin bo‘lgan futbolchilarimiz keyinchalik e’tiborsizlik yoki boshqa sabab tufayli rivojlanishdan to‘xtab qolishyapti. Bu esa bugungi kundagi futbolimizning og‘riqlik muammolaridan biriga aylangan.

Yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati. Chorak final.

2013 yil, 6 iyul. Riza. “Yangi shahar” nomli stadion.

Frantsiya – O‘zbekiston – 4:0 (3:0).

Gollar: Yaya Sanogo, 31 – 1:0. Pol Pogba, 35-pen. – 2:0. Floren Toven, 43-pen. – 3:0. Kurt Zuma, 64 – 4:0.

Hakamlar: Sandro Richchi (Braziliya), Alessandro Rocha (Braziliya), Karlos Vera (Ekvador).

Frantsiya: Alfons Areola, Dimitri Folke, Kurt Zuma, Samuel Umtiti, Pol Pogba, Jeffri Kondogbia (Aksel Ngando, 62), Yaya Sanogo, Jan Kristof Baebak (Aleksi Bosetti, 69), Lyuka Din (Per Yves Poloma, 78), Jordan Veretu, Florian Toven.

O‘zbekiston: Aslbek Omonov, Tohir Shamsiddinov, Maksimilian Fomin, Abbos Maxstaliev, Vladimir Kozak, Diyor Turopov (Jaloliddin Masharipov, 59), Abdulaziz Yusupov (Zabihillo O‘rinboev, 59), Azamat Abdullaev, Igor Sergeev, Sardor Sobirxo‘jaev (Kamron Kapadze, 65), Muhsin Ubaydullaev.

Ogohlantirishlar: Maksimilian Fomin, 14. Tohir Shamsiddinov, 34. Sardor Sobirxo‘jaev, 51. Vladimir Kozak, 65.

Chetlatish: Tohir Shamsiddinov, 68.    

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
A A
27/07/2018 18:51
Chempion))
&
darwesh
A A
27/07/2018 18:51
Узбекистонми?