
Abramovni Saudiyada nimalar kutmoqda?! Guruhdagi ikkinchi o‘rin bilan keyingi bosqichga chiqish mumkinmi?
Toshkent va Namangan shaharlarida bo‘lib o‘tgan o‘rtoqlik o‘yinlaridan so‘ng, muxlislar ko‘nglida terma jamoaga nisbatan ishonchsizlik paydo bo‘lgani rost. Tan olish lozim, Abramov shogirdlari o‘zlaridan kutilgan o‘yinni namoyish eta olmadi. Vodiyda g‘alabani qo‘lga kiritgan bo‘lsakda, Toshkentda Iroq bizni engib ketdi. “Bunyodkor”ning uy o‘yinlari uchun xizmat qiluvchi arenadagi bahsdan so‘ng, tanqid qilish uchun vajlar etarlicha edi. Shunga qaramay, sabr qilishga va miyani sovitishga qaror qildim. Keling, MTJning JCh yo‘llanmasini beruvchi hal qiluvchi bosqichga yo‘l olishi haqida fikr yuritamiz.
Murabbiy faktori: Bosim, bosim, bosim...
O‘ziga bo‘lgan ishonchi baland bo‘lgan Abramovni kecha yoki bugun tanimaganmiz. Uni deyarli 10 yildan beri yaxshi bilamiz. To‘g‘risi, Iroq bilan o‘yindan so‘ng, murabbiy bildirgan fikrlar meni hayron qoldirdi. Avstraliyaga qarshi bahsdan keyin agar qayta o‘yin o‘tkazish imkoniyati bo‘lsa ham himoyalanmasligini aytgan mutaxassis ochiqchasiga Srechko Katanisga imkoniyatni boy berganini tan oldi. To‘g‘ri, jahl ustida bildirilgan fikrlar, ammo murabbiy katta bosim ostida ekanligini sezdirib qo‘ydi. Vaziyat tubdan yomonlashgani yo‘q, ammo xavotirga o‘rin bor. Yillar o‘z so‘zini aytayotganga o‘xshamoqda. Shaxsan men bu so‘zlarni Vadim Karlenovich aytganiga ishonishim qiyin bo‘ldi. Afsus, bu haqiqat…
Murabbiy yig‘inlar davomida deyarli barchaga imkon berdi. Hatto, Lutfulla To‘raevga ham. Chiziqlar sinab olindi, muammolar borasida fikr yuritildi. Saudiya Arabistonidagi kichik turnirdan oldin esa, Toshkentda jangovar tarkib jam bo‘ldi. O‘rtoqlik o‘yinlaridan so‘ng, muammo tarkibda emasligi darrov ko‘zga tashlandi. Birinchi raqamli darvozabon borasida hali-beri yakuniy qaror qabul qilingani yo‘q. Markazda o‘yin tempini belgilab beruvchi va so‘nggi pasni ijro etuvchi futbolchi yo‘q. Ikkinchi qavatdan jamoa umuman foydalanmayapti. Mayda paslar esa, yopiq jamoaga qarshi o‘yinda befoyda ekanligini Iroq bizga ko‘rsatib qo‘ydi.
Qo‘shimchasiga, Toshkentda o‘tkazilishi kerak bo‘lgan bahsdan quruq qoldik. Saudiya bilan asosiy o‘yin mehmonda edi. Endi o‘zbek futboli uchun abadiy muammo – ob-havo bilan ham hisob-kitob qilish shart. Ancha issiq bo‘lgan o‘lkada yozda to‘p surish oson emas. Boz ustiga, 3 o‘yin. Ularning ikkisi to‘liq yopiq futbol ko‘rsatishga moslashgan termalar bilan. Saudiyaku, biz bilan qanday o‘ynash lozimligini yaxshi o‘rganib oldi. Bunday og‘ir vaziyatda muxlislarga ishonch berishga qodir yagona shaxs sanalgan murabbiy esa, biroz tushkun kayfiyatda. To‘g‘ri, u o‘z so‘zlarini biroz boshqa tomonga burib yubordi. O‘z qartalarini ko‘rsatmaganini, syurprizlari bor ekanligini aytdi, ammo ko‘zlari yonib turgan Abramovni shaxsan men ko‘rganim yo‘q.
Futbolchilar faktori: Erta boshlangan imtihon
So‘nggi JCh saralash bosqichlarida, termamiz hal qiluvchi raundga qadar muammosiz etib kelayotgan edi. Bu safar, ikki bor qoqilganimiz vaziyatni ancha og‘irlashtirib yubordi. Futbolchilar va muxlislar nazdida biz JCh yo‘llanmalari o‘rtaga tikiladigan bosqichga etib kelishimiz odatiy hol. Hozirgi vaziyat esa, nafaqat muxlislarni, balki futbolchilarni ham jiddiy o‘ylantirib qo‘ygani rost. Har doim o‘tib kelingan to‘siq, bu safar ancha balandlagani yigitlarimizning ham ruhiy bosim ostida qolib ketishiga turtki bo‘lmoqda. Agar biz Saudiyadagi musobaqada kerakli ochkolarni jamg‘arsak, keyin harakat qilish ancha engillashadi. Sababi, doimo eng so‘nggi turlarda bunday boshog‘riqqa duch kelganmiz. Bu safar, imtihon ancha erta boshlandi. Bu bir tomondan xavfli, ammo munosib turib bersak, albatta, o‘z foydamizga ishlaydi. Qanday qilib deysizmi? Albatta, psixologik ustunlikni ta’minlashi aniq. Bir muammoni echgan odam, ikkinchi muammo oldida shoshib qolmaydi. Shunday ekan, guruhdagi o‘rnimiz faqat ziyonimizga ishlamoqda, deyishga erta. Agar mehmonda Saudiyani engsak, olam guliston. Birinchi pog‘ona bilan saralashning final qismiga yo‘l olamiz. Agar durang qayd etilsachi? Keling, boshqa guruhlaridagi eng yaxshi ikkinchi pog‘onadagi jamoalarga e’tibor qaratamiz.
Ummonni 7 iyun sanasida guruh peshqadami Qatar bilan o‘yin kutib turibdi. Agar amaldagi qit’a chempioni bilan uchrashuvni hisobga olmasa, qolgan o‘yinlarda 3 ochkoni ishlab olishi aniq. Afg‘oniston, Hindiston va Bangladesh bor guruhda Ummonning qoqilishiga ishonish mushkul.
Quvaytda esa, vaziyat o‘zgacharoq. "E" guruhida ular bilan bir xil 10 ochko jamg‘argan Iordaniya ham keyingi bosqich uchun 100 foiz imkoniyatga ega. Eng qizig‘i shundaki, ular 11 iyunda to‘qnash keladi. Shu o‘yin ikkinchi o‘rin masalasini hal etib beradi. Bundan tashqari, ularni guruh peshqadami Avstraliya bilan o‘yinlar ham kutib turibdi.
Tojikiston tushib qolgan vaziyat ancha murakkab. Qo‘shnilarimiz 6 o‘yinda 10 ochko jamg‘ardi. Ularni Yaponiya va Myanma bilan uchrashuvlar kutib turibdi. Usmon Toshev shogirdlari keyingi bosqichga chiqishi uchun Yaponiyani mehmonda mag‘lub etishi shart. Boshqachasiga ular eng yaxshi ikkinchi o‘rin egasiga aylana olmaydi.
Malayziya ham Tojikiston singari ikkinchi o‘rin bilan JCh yo‘llanmasidan quruq qolish uchun asosiy da’vogar bo‘lib turibdi. 9 ochko jamg‘argan sharqiy osiyoliklar Tailand va Vetnam bilan kuch sinashadi. Tailand bilan o‘yin hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Bahrayn terma jamoasi o‘zbekistonlik muxlislarga juda yaxshi tanish. Hozirda, ularning hisobida biz singari 9 ochko mavjud. Shunga qaramay, ular guruhda ikkinchi o‘rin uchun asosiy da’vogar emas. Guruhda 3-o‘rinda borayotgan Eronda 6 ochko bor. Forslar Bahrayn bilan o‘yindagi g‘alaba orqali JCh yo‘llanmasini saqlab qolish uchun jang qiladi.
Janubiy Koreyani bu ro‘yxatda ko‘rish biroz g‘alati. Janubiy Koreya 4 o‘yinda to‘p surgani uchun ikkinchi pog‘onada. Agar ular Shimoliy Koreya, Livan va Shri-Lankani engsa, o‘z-o‘zidan birinchi pog‘onaga ko‘tariladi.
Xitoy guruh peshqadami bo‘lishi taxmin qilingan edi, ammo yakunda hammasi o‘zgacha ko‘rinish oldi. Suriya birinchi o‘rin masalasini hal etib bo‘ldi. Chin o‘lkasi vakillari endi Maldiv orollari, Filippin va Suriya bilan kuch sinashadi. Aynan shu o‘yinlarning barchasida g‘alaba qozonish orqali ular keyingi bosqich yo‘llanmasiga ega chiqishi mumkin. So‘nggi turdagi bahs juda ko‘p narsani hal etib beradigan ko‘rinadi.
Bir qarashda tushib qolgan vaziyatimiz ancha mushkul. 8 jamoaning kamida 3 tasidan ahvolimiz yaxshiroq. Tojikiston, Bahrayn va Malayziya termalari oldindagi o‘yinlari va jamg‘argan ochkolari sababli bizdan o‘zib ketishi mushkul. Janubiy Koreya va Xitoy o‘z o‘yinlarida g‘alaba qozonsa, avtomatik ravishda bizdan oldinga o‘tib ketadi. Ummon va Quvayt biz bilan bir xil o‘yin o‘tkazgan, ammo ularning ochkosi ko‘proq. Agar asosiy raqiblarimiz o‘z o‘yinlarida ochko yo‘qotmasa, biz oldimizdagi 3 o‘yinda 3 g‘alabaga erishishga kerak. Boshqachasiga keyingi bosqichni tasavvur qilish mushkul. To‘g‘ri, hozirdan hisob-kitobni boshlab yuborish kulgili, ammo bilib qo‘ygan ziyon qilmaydi. Endilikda, terma jamoamiz Singapur va Yamanga qarshi o‘yinlarda to‘plar nisbatini ham ancha yaxshilab olishi shart. Saudiya bilan durang biz uchun keyingi bosqich yo‘llanmasini naqdga aylantiradi. Asosiysi, 3 o‘yinda minimum 7 ochko jamg‘arish shart.
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev
Fikrlar