"Andijon" tarix yozishda davom etmoqda. Endi finalga bir qadam...

  • 8 avgust, 2024, 02:14
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston Kubogi chorak final o‘yinlari davom ettirildi. Qarshidagi “Markaziy” stadionda “Andijon” nominal mezbon – “Qizilqum”ga qarshi maydonga tushdi. Ma’lumki, “Burgutlar” o‘z oldiga Kubok musobaqasida jiddiy vazifani qo‘ygan. Shu bois chorak final bahsiga ham jiddiy yondashdi. To‘g‘ri, “Qizilqum” murabbiylari ushbu o‘yinda ko‘proq ikkinchi tarkibi hamda yoshlardan foydalandi. Lekin “Andijon” shunga qaramay, aslo bo‘shashgani yo‘q va bellashuvga puxta tayyorlandi. Chunki jamoa yangi tarix yozishda davom etmoqda. Hali klub o‘z tarixida O‘zbekiston Kubogi yarim finaliga chiqmagandi. Buni yaxshi his qilib turgan andijonliklar ushbu bahsga juda jiddiy qaradi.

Tecno

O‘yin esa kutilganidek "Andijon"ning ustunligida o‘tdi va natija ham shunga mos ravishda bo‘ldi. Hujumkor futbol namoyish qilgan Aleksandr Xomyakov jamoasi raqib darvozasi oldida ko‘plab golli imkoniyatlarni yaratdi. Ilk gol esa 32-daqiqaga kelib kiritildi. Himoyadan Vladimir Bubanya to‘pni oldingi chiziqdagi Shaxrom Samievga uzatdi. Tojikistonlik hujumchi esa o‘z imkoniyatidan foydalanib, darvozani ishg‘ol qildi.

Ikkinchi bo‘limda ham “Andijon” tashabbusni o‘z qo‘liga oldi. Natijada 50-daqiqaga kelib oradagi farq ikkitaga etdi. Farhod Sohibjonov raqib xatosidan foydalanib, to‘pni maydon markazida egallab olib, tezkorlik bilan bir o‘zi oldinga qarab bordi va darvozabonning oldinga chiqib ketganidan foydalanib, to‘pni uning ustidan parashyut usulida tashlab qo‘ygan holda o‘z golini kiritdi. Sohibjonov oddiy gollar urmay qo‘ydi. U faqat chiroyli gollar urishni yoqtiradi. Uchrashuvga nuqta qo‘ygan gol muallifi himoyachi Abdulvohid G‘ulomov hisobiga yozildi. Vagiz Galiulinning ajoyib to‘p uzatishidan so‘ng G‘ulomov jarima maydoni ichida boshi bilan to‘pni darvoza to‘riga joylab qo‘ydi. Natijada “Andijon” 3:0 hisobidagi g‘alabasini rasmiylashtirdi.

Shu tariqa, “Burgutlar” o‘z tarixida ilk bor O‘zbekiston Kubogi yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Tabiiyki, uchrashuvdan keyin futbolchilar o‘z g‘alabasini Andijondan kelib stadionda qo‘llab-quvvatlagan ashaddiy muxlislari bilan birgalikda nishonladi. Jamoaning har bir a’zosi yangi muvaffaqiyat yo‘lida o‘z hissasini qo‘shmoqda va barcha birgalikda tarix yozishda davom etishmoqda. Endi finalga bir qadam qoldi...

“Qizilqum” – “Andijon” – 0:3 (0:1).

7 avgust. Qarshi. “Markaziy” stadion. 665 tomoshabin.

Hakamlar: Ravshan Abduvohidov, Aleksandr Burov, Akmla G‘iyosov.

Zaxira hakami: Zokir Sapoev

VAR: Nayim Qosimov

AVAR: Xusnora Jumaeva

Nazoratchi: Viktor Serazetdinov

Komissar: Davron Ibrohimov

“Qizilqum”: Xumoyunshoh Sayyotov (Jahongir Mamatqulov, 85), Farruh Jo‘raev, Doston Tursunov (Shoxruh Xoliqov, 85), Xumoyun Abdualimov (Shomurod Tog‘aymurodov, 77), Asadbek Nizomov, Shaxzod Rahmatullaev, Abduholiq Tursunov, Akmal Muzaffarov (Asadbek Baxshilloev, 46), Fayzulla Jumanqo‘ziev (Amir Azamatov, 62), Diyor Rahmatilloev, Asadbek Asadov.

“Andijon”: Igor Litovka, Lyubisha Petsel (Ilhom Alijonov, 82), Abdulvohid G‘ulomov, Vladimir Bubanya, Islom Mamatkazin, Abinur Nurimbet, Levan Arveladze (Ilhom Abdug‘aniev, 77), Muhammadkarim Toirov, Bektemir Abdumannonov (Damir Temirov, 61), Farhod Sohibjonov (Vagiz Galiulin, 61), Shaxrom Samiev (Rustam Turdimurodov, 77).

Gollar: Shaxrom Samiev, 32 – 0:1. Farhod Sohibjonov, 50 – 0:2. Abdulvohid G‘ulomov, 76 – 0:3.

Ogohlantirish: Asadbek Nizomov, 18.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Журабой
08/08/2024 07:01
Хайрулла нега Навбахорга ен босаяпсан. Сугдиена гол урганда хам бакир ватангадо !!! Каердан чикканинг эсингдан чикдими?