
Angliyada "Boksing dey", o‘zimizning pro ligamizda esa "anjan dey" yoxud Eldor Adhamov de Xeani "yoqib" olgan kulminatsion o‘yin haqida
Pro ligada ikkinchi davra tugadi. Endi jamoalar beshtadan ikkita guruhga ajraladilar. Ochkolar saqlanib qolgan holatda klublar kurashni yana davom ettirishadi. Dastlabki beshtalik Superliga uchun o‘ynashda davom etsa, pastki beshtalik ligada jon saqlab qolish uchun harakat qiladi. Oxirgi turdan so‘ng musobaqa jadvalida “Andijon” yaqqol peshqadamlikni saqlab qoldi. Bu tur “Burgutlar” uchun har tomonlama qulay va omadli tur bo‘ldi.
Birinchidan, “Andijon” yaqin ta’qibchilaridan biri – “Buxoro” maydonida g‘alaba qozondi. Ikkinchidan, 2-o‘rindagi “Turon” o‘z uyida “Xorazm”ga engildi. 4-o‘rindagi “Mash’al” bo‘lsa voha derbisida “Sho‘rtan”ga yutqazib qo‘ydi. Shu tariqa, ikkinchi davra yakunida “Andijon” Superliga masalasida oldinga yanada katta qadam tashladi.
Buxoroliklar ham bu o‘yinga jiddiy tayyorlanishganligini aytish joiz. Yozgi tanaffusdan so‘ng “Buxoro” tarkibida bir muncha o‘zgarishlar bo‘ldi va jamoa g‘alabali seriyasini boshlab olgandi. Boz ustiga 9-10 sentyabr kunlari O‘zbek futbolining 110 yillik yubiley tadbir estafetasi Buxoroda o‘tkazildi. Uchrashuvdan avval Ravshan Ermatov, Birodar Abduraimov va To‘lagan Isoqov Buxoro futboli rivojiga hissa qo‘shgan bir guruh faxriylarni mukofotladi. Tabiiyki, ular “Buxoro” – “Andijon” o‘rtasidagi bellashuvga ham guvoh bo‘ldilar.
Buxoroliklar mana shunday bayram tadbiriga g‘alaba qozongan holda muxlislarini xursand qilishni bosh maqsad qilib qo‘yishgandi. Ochig‘i, anchadan beri bunday qoyilmaqom o‘yinni ko‘rmagandik. Bu bahs yana bir karra pro liganing darajasi sezilarli o‘sganini va Superligaga yaqinlashib qolganini ko‘rsatib berdi.
Maydonga katta ishtiyoq bilan tushgan maydon egalari dastlabki daqiqalardan keng front bo‘ylab hujumga o‘tishni boshlashdi. Bu o‘z samarasini uzoq kuttirmadi. 11-daqiqada Temur Ismoilov uchrashuvda hisobni ochdi. Stadionga yig‘ilgan muxlislar “Buxoro”ning bunday shijoatini ko‘rib jamoasidan yana gollar kuta boshladilar. Lekin raqib “Andijon”ligini unutib qo‘yishgan ko‘rinadi, boisi buxoroliklar bittadan ortiq gol ura olmadilar. Qolgani “Andijon”ning stsenariysi bo‘yicha ketdi. Standartlar ustasi deya nom qozongan “Burgutlar” birinchi bo‘limning o‘zidagi dastlabki burchak zarbasini golga aylantirdilar. Suhrob Berdievning uzatgan to‘pini jamoa sardori Ildar Mamatkazin boshi bilan darvoza to‘riga joylab qo‘ydi. U to‘p uchun kurashda “Buxoro”dagi sardori Obid Jo‘raboevni engib chiqdi. Goldan keyin Ro‘zim Ahmedov Jo‘raboevga e’tirozini bildirdi.
1:1 hech bir jamoani qoniqtirmasdi. Ikkinchi bo‘lim ham yanada hujumkor va shiddatli tus olishi aniq edi. Birinchi golga assist vazifasini bajargan Suhrob Berdiev o‘yinning 72-daqiqasida uchrashuvga nuqta qo‘yuvchi golni urdi. Shahboz Erkinovning ajoyib pasidan so‘ng Berdiev Nikola Stoshichning ojiz nuqtasini topdi – 1:2. Qizig‘i, Suhrob o‘tgan turda “Mash’al” darvozasiga ham gol urgandi.
Albatta, o‘z uyida minglab muxlislari, rahbarlar va mehmonlar oldida yutqazgisi kelmagan “Buxoro” butun kuchini hujumga qaratdi. Natijada 77-daqiqada “Andijon” darvozasiga penalti belgilandi. Jamoa sardori Obid Jo‘raboev bu vazifani o‘zi bajarishga qaror qildi. Ammo himoyachining zarbasi ustunga tegib qaytdi. Bu hali hammasi emasdi. “Buxoro”ning hujumiga bardosh bera olgan “Andijon” vaqti-vaqti bilan qarshi hujumga ham o‘tib turdi. Uchrashuvga hakam tomonidan 5 daqiqa vaqt qo‘shib berildi va o‘yin yakunlanib borayotgan mahalda mehmonlar g‘alabani nishonlashga tayyorlanayotgan bir vaziyatda bosh hakam ikkinchi marta “Andijon” darvozasiga penalti belgiladi.
O‘yin yakuniga qandaydir sanoqli soniyalar qolgandi. Penaltidan keyin buxoroliklar o‘zida yo‘q xursand edilar va hartugul mag‘lubiyatdan qutulib qolish haqida o‘ylay boshladilar va biroz erta xursandchilikka berildilar. Jo‘raboev penaltidan gol ura olmagach, qaytib u yaqinlashmadi. Bu safar Humoyunmirzo Iminov barcha javobgarlikni o‘z zimmasiga olishga qaror qildi. Ursa durang, urmasa mag‘lubiyat bo‘ladigan vaziyatda turgandi. Buni qarangki, “Andijon” darvozaboni Eldor Adhamov Iminovning zarbasini qaytarib qahramonlik ko‘rsatdi. Shu zahotiyoq bosh hakam o‘yin yakunlanganligi haqidagi xushtagini chalib yubordi. “Andijon” esa hammani hissiyotga solgan mana shunday uchrashuvda barchaning olqishiga sazovor bo‘lib, g‘alabani saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi. O‘yinning kulminatsion nuqtasida Adhamov jamoasini joniga aro kirdi. U o‘yin mobaynida ham bir necha bor “Andijon”ni gollardan saqlab qolgani va seyvlar ko‘rsatganini ko‘rgandik. Bu borada Adhamov o‘zi yoqtirgan mashhur darvozabon David De Xea rejimini “yoqib” olgandi. Shubhasiz ko‘rsatgan mahoratiga yarasha u o‘yinning eng yaxshi futbolchisiga aylandi.
Yana bir jihatga e’tibor qaratmoqchimiz, odatda Angliyada yangi yil arafasida o‘yinlar orasi juda qisqa bo‘lib, buning nomini “Boksing Dey” deb atashadi. “Andijon” klubi esa bir hafta ichida 3 ta o‘ta muhim o‘yinni o‘tkazdi. Bu borada shunday ta’rif bersak yarashadi – “anjan dey”! E’tibor bering, 3 sentyabr kuni O‘zbekiston Kubogi chorak finalida “Andijon” o‘z uyida AGMKni qabul qilib 0:2 hisobida yutqazdi. Ammo hakam o‘yin natijasiga ta’sir ko‘rsatganini unutmaslik kerak. Keyingi uchrashuv 7 sentyabrda o‘tdi va unda andijonliklar Muborakda “Mash’al” bilan kuch sinashib 1:2 hisobida g‘alaba qozondi. 10 sentyabrda esa endi “Buxoro” maydonida o‘ynadilar. Ko‘rib turganingizdek, Viktor Kumikov jamoasi qisqa vaqt oralig‘ida uchta uchrashuvda 1 mag‘lubiyat va 2 g‘alabani qo‘lga kiritdi. Ayniqsa, pro ligada ikkita asosiy ta’qibchilarining maydonidan 6 ochko bilan qayta olgani tahsinga loyiq. “Andijon” o‘zining “anjan dey”ida o‘zi uchun ijobiy natijalarni ko‘rsata oldi. Yana qachon shunday o‘yin ko‘rganingizni eslay olasizmi?
Fikrlar