Anvar Berdiev: "Kerak bo‘lmagan joyda ochko yo‘qotdik"

  • 19 oktabr, 2024, 07:04
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
TIGGO 2 PRO

Pro liganing 23-turida “Sho‘rtan” “Xorazm”ni qabul qildi va unda 1:1 hisobi qayd etildi. Uchrashuvdan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Anvar Berdiev quyidagicha fikr bildirdi.

- Juda qiyin o‘yin o‘tkazdik. Bu bizga osonroq bo‘lishi ham mumkin edi. Ko‘rdinglar, boshida yaxshi vaziyatlarni golga aylantira olmadik. Undan keyin kerak bo‘lmagan vaziyatda oddiy xato tufayli darvozamizdan gol o‘tkazib yubordik. Yigitlar o‘zlarida kuch topishdi va hisobni tenglashtirishdi. Shundan keyin ham imkoniyatlarimiz bo‘ldi. Golga aylantira olishmadi. Kerak bo‘lmagan joyda ochko yo‘qotdik.

- Zaxiradan maydonga tushirilgan futbolchilar o‘yinni qanchalik kuchaytira oldilar?

- Zaxiradan tushganlardan Zoirov gol urgach, o‘yinga qo‘shilib ketdi, deya olaman. Ammo qolgan futbolchilarim bu uchrashuvda to‘liq kuchlarini ko‘rsata olmadilar.

- Mavsum yakunigacha uchta tur qoldi. “Do‘stlik”, “Mash’al” va “Aral” jamoalariga qarshi o‘ynaysizlar. Qaysi o‘yin sizga ko‘proq tashvish tug‘dirishi mumkin?

- Hali mavsum yakunigacha beshta o‘yin bor. Chunki siz aytgan raqiblardan tashqari “Olimpik Mobiuz” bilan “Qo‘qon-1912” klublari ham bor. Har bir uchrashuvga oxirgi o‘yindek chiqish kerak. Bizda golli imkoniyatlar bo‘lyapti. Ajablantirayotgani vaziyatlarni golga aylantira olmayotganimizdir. Birinchi davrada gol urish bo‘yicha uchtalikda edik. Ikkinchi davrada bu borada yigitlarda ishonchsizlik paydo bo‘lib qoldimi, negadir vaziyatlarni golga aylantirishda oqsayapmiz. Buning ustida ishlab, oldimizga qo‘yilgan vazifani bajarishga oxirigacha kurashamiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!