APL. Bugun 2025/26 yilgi mavsum start oladi
Bugun Angliya Premer-ligasi yangi mavsumi start oladi. Birinchi turning ilk uchrashuvida "Liverpul" o‘z uyida "Bornmut" qabul qiladi. O‘yin oldidan mersisaydliklar bosh murabbiyi Arne Slot jamoaning APLda ketma-ket ikkinchi marta chempion bo‘lish imkoniyatlari haqida gapirib o‘tdi.
"Asosiy qiyinchilik shundaki, APLda ko‘pchilik jamoa g‘olib bo‘lishga qodir. Bunday nufuzli ligada ketma-ket chempion bo‘lish misli ko‘rilmagan yutuq bo‘lardi. Lekin bu yil har bir uchrashuvda g‘alabaga erishish yanada qiyinroq bo‘ladi. Har mavsumda va mavsumlararo davrda turli sinovlarga duch kelasiz.
Biz o‘tgan mavsum ko‘p o‘yin amaliyotiga ega bo‘lgan besh, olti nafar futbolchimizni yo‘qotdik va to‘rtta yangi o‘yinchilarni jamoaga qo‘shib oldik. Shu bois moslashish davri bo‘ladi va bu tabiiy holat. Bugun birinchi o‘yinimizni o‘tgan mavsumda tezkor va o‘yin uslubi jihatdan liganing eng shidatli jamoasi bo‘lgan "Bornmut" ga qarshi bahs bilan boshlaymiz",- dedi niderlandiyalik mutaxassis.
Eslatib o‘tamiz, "Liverpul" va "Bornmut" o‘rtasidagi uchrashuv bugun Toshkent vaqti bilan 00:00 da start oladi.



Fikrlar