APLda “ketmoni uchmagan” yulduzlar

  • 9 yanvar, 2021, 18:05
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Angliya Premer-ligasi muxlislar ko‘z oldida mukammal chempionatga aylanishi o‘z-o‘zidan bo‘lmagan. Bu liganing atmosferasi shu qadar kuchliki, u ba’zida jahonning eng kuchli futbolchilari qatorida tilga olingan yulduzlar uchun ham og‘irlik qilgan. Balki, shuning uchun ham, ularning ba’zilari APLda to‘p surganini sezmay ham qolgandirmiz. Keling, shu xususida so‘z yuritamiz.

1. Diego Forlan
Premer-liga klubi: “Manchester Yunayted”
O‘yinlar soni: 63 ta

Ushbu ro‘yxatni boshlab berish uchun Forlandan ham kuchliroq futbolchini topib bera olasizmi? Ha, u “qizil iblislar” safidagi ilk golini urish uchun 24 ta uchrashuvda maydonga tushishga majbur bo‘ldi. Manchesterliklar tarkibida undan ham ko‘proq mehnat qilib, gol ura olmay ketganlar bor. Ammo dunyo yulduzi Forlanning bu klubda “non topolmay” ketishi barchani ajablantirgan. Murabbiyni ayblashga esa hech qanday asos yo‘q: Ser Aleks Fergyuson futbolchilar bilan individual ishlash bo‘yicha futbol tarixidagi eng kuchli mutaxassislardan biri edi. “Old Trafford”dagi faoliyatini 10 ta gol bilan yakunlashga majbur bo‘lgan urugvaylik futbolchi klub muxlislari qalbida 2002 yil dekabrida “Liverpul” postiga yo‘llagan dubli orqaligina qolgan bo‘lsa, ajab emas.

Ammo, u 2004 yilda “Vilyarreal” safiga o‘tar ekan, juda yaxshi formada edi. “Sariq suvosti kemasi” libosida 121 ta o‘yinda maydonga tushgan futbolchi 58 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan. So‘ngra, Diegoni Ispaniyaning yangi shakllanib borayotgan superklubi “Atletiko” o‘ziga jalb etadi. “Matraschilar” tarkibida u 198 ta bellashuvda 96 marotaba gol urishga muvaffaq bo‘ladi. Evropa Ligasining 2010 yilgi finalida kiritilgan dubl uning madridliklar qalbidan abadiy o‘rin olishini ta’minlaydi.

NINTCHDBPICT000003018934-e1565195865600

2. Andrey Shevchenko
Premer-liga klubi: “Chelsi”
O‘yinlar soni: 48 ta

Shevchenko 2006 yilda “Milan”dan 30,8 million evro evaziga xarid qilinar ekan, “Stemford Bridj” taraflarda katta bayram boshlandi. Jamoa muxlislari uning transferi ortidan suyuklilarining yanada yuqoriroqqa parvoz qilishini orzu qila boshlashdi. Afsuski, Ukraina futboli afsonasi 2009 yilda APLda urilgan 9 ta goli bilan “Chelsi”ni boshi egik holda tark etishga majbur bo‘lgan. Bu o‘sha siz va biz bilgan, “Milan” safida 175 ta gol urgan, “Barselona” darvozasiga birinchi taymdayoq xet-trik qayd etgan, 2004 yilda “Oltin to‘p”ni yutgan Shevchenko edi. APLda u o‘rtamiyonadan ham pastroq darajada o‘yin ko‘rsatgan.

shevchenko

3. Anxel Di Mariya
Premer-liga klubi: “Manchester Yunayted”
O‘yinlar soni: 27 ta

Anxel, shunchaki, 1 yil vaqtini Manchesterda behuda o‘tkazib ketgan. Dastlabki 5 uchrashuvda 3 ta gol va shuncha assist amalga oshirib, rekord o‘rnatgan Premer-liganing eng qimmat futbolchisi (2014) keyinroq hech qanaqasiga mankunianlarga yordam bera olmadi. Keyingi yozdayoq klub uni 15 million zarariga bo‘lsa-da, PSJga sotib yuboradi.

Biroq, uning faoliyati yuqoridagi 2 futbolchi kabi omadsiz kechmadi. O‘sha mavsum faqat Santi Kasorla va Fabrega undan (10 ta) ko‘proq assistga ega edi. 

Parijliklar safiga borib qo‘shilgach, argentinalikning yana avvalgidek yaxshi o‘ynay boshlagani ko‘p narsa APL darajasiga bog‘liq, degan fikrlarni uyg‘otdi.

manchester-uniteds-most-expensive-transfers-of-all-time-angel-di-maria_dt1382za9mtc1fsx401cbz0rdnpng

4. Xuan Sebastyan Veron
Premer-liga klubi: “Manchester Yunayted”, “Chelsi”
O‘yinlar soni: 58 ta

Ser Aleks Fergyusonning ba’zi xaridlarini tushunish qiyin. U kutilmagan qarorlari bilan ham futbol olamida katta obro‘ topgan. Uning tavakkal va noodatiy qarorlari nafaqat “qizil iblislar”ga, balki butun futbolga foyda keltira olgan. Xuan Sebastyan Veron 28,1 million evro evaziga Manchesterga kelgan va 2 yil o‘tib, 15 “limon” bilan “Chelsi”ga ko‘chib o‘tadi. Lotin Amerikasidan yuqori jismoniy tayyorgarligi evaziga olib kelingan yarim himoyachi APLda o‘zini yo‘qotib qo‘ydi.

“Fergi bobo”ning o‘zi ham bu holat haqida: “Veron juda iqtidorli futbolchi, ammo u biz kutgan o‘yinni namoyish eta olmayapti. Premer-liga unga og‘irlik qilmoqda”, - degan edi.

0_GettyImages-2346585

5. Paulino
Premer-liga klubi: “Tottenxem”
O‘yinlar soni: 45 ta

Paulino 2013 yilda Beylning “Real”ga o‘tishidan kelib tushgan pullar evaziga “Uayt Xart Leyn”ga ko‘chib kelgan. Ammo u zaxira o‘rindig‘ini o‘ziga makon qilib oladi. U mutlaqo omadsiz tarzda harakat qildi, deb aytishdan yiroqmiz. Shunchaki, o‘sha paytlarda “shporlar” yarim himoyasida juda kuchli futbolchilar yig‘ilgandi. Braziliyalik esa uzoq kutishni istamadi.

Xitoyga borib kelgach ham, “Barselona”da qanday o‘yin namoyish etganini ko‘rdik. APL “balosi”ning yana bir nayrangi!

1519033164_584672_1519034544_noticia_normal

6. Yago Aspas
Premer-liga klubi: “Liverpul”
O‘yinlar soni: 14 ta

Ha, Aspas “Liverpul”da o‘ynagan. Balki, siz buni bilarsiz. Lekin juda ko‘pchilik futbol ixlosmandlari uchun bu sezilmay qolgan bir davr. 2013-2015 yillar davomida 14 tagina o‘yinda maydonga tushgan ispaniyalikni sezish uchun imkonimiz ham kamroq bo‘lgan.

Bugun “Selta”da 150 dan oshiq gol urgan, Ispaniya terma jamoasida ham 18 ta bellashuvda o‘ynab ulgurgan (6 ta gol). Uni Vigoda qahramon, deb bilishadi. APLda esa eslamaydilar ham.

spt_ai_liverpool_chelsea_86-e1556879278853

7. Memfis Depay
Premer-liga klubi: “Manchester Yunayted”
O‘yinlar soni: 33 ta

Lui van Gal davrida xarid qilingan “Manchester Yunayted”ning navbatdagi xaridi muxlislar tomonidan umid bilan kutib olingandi. Uning mavsum avvalidagi nazorat o‘yinlarida ko‘rsatgan futboli kutilganidek chiqdi. Ammo Premer-liga yana o‘zining boshqa darajada ekanini ko‘rsatib qo‘ydi. Atigi 21 yoshdagi Memfis Depay bu ligadagi yuqori bosimga dosh bera olmadi va jarohatlarga o‘ralashib qoldi. Ketma-ket lazaretga borib-kelavergach, futbolchi Frantsiyaga ketishga qaror qildi. Bu uning shaxsiy faoliyati uchun to‘g‘ri qaror bo‘lganini futbolchiga “Barselona” tomonidan qiziqish bo‘layotgani ham ko‘rsatib turibdi.

498159138.jpg

8. Stefan Savich
Premer-liga klubi: “Manchester Siti”
O‘yinlar soni: 11 ta

Stefan Savich APLda o‘ynab keta olmasligini tushunishi uchun 1 mavsum etarli bo‘ldi. 6 million evro evaziga “shaharlik”ka aylangan chernogoriyalik futbolchining ketishidan klub mutasaddilari ham u qadar ranjimadi. Chunki, u klubning navbatdagi omadsiz xaridi Matia Nastasichning transferi uchun qism vazifasini o‘tab, “Fiorentina”ga yo‘l olgandi.

Kelgusida uning “Atletiko”dagi faoliyati qanchalik yorqin chiqqanidan xabardorsiz. Nega endi o‘sha davrlarda ham markaziy himoyasida muammosi bo‘lgan “Siti”da u o‘ynab keta olmadi? Qiziq…

ZZZZsavic-scaled

9. Radamel Falkao
Premer-liga klubi: “Manchester Yunayted”, “Chelsi”
O‘yinlar soni: 36 ta

Siz aziz muxlislarga Falkao Evropaning eng xavfli hujumchilaridan biri bo‘lganini eslatib o‘tishga hojat yo‘q, nazarimda. U “Portu” va “Atletiko” safida nimalarga qodir ekanligini isbotlab bo‘lgan. Biroq, kolumbiyalik futbolchini ham Premer-liganing sirli ta’siri engib qo‘ygan. “Manchester Yunayted” tarkibiga mutlaqo kutilmagan paytda kelib qo‘shilgan forvardning ko‘rsatgan o‘yini yanada hayratlanarli chiqdi. Manchesterliklar libosi yuksak mas’uliyat yuklashini iddao qilishingiz mumkin. Ammo u o‘zini “Chelsi”da ham ko‘rsatishi mumkin edi. Londonda ham “biri ikki bo‘lmagach”, Radamel yana “Monako”ga qaytib ketadi.

football-manchester-uniteds-radamel-falcao6

Abdulvosid Valixonov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!