Asad Do‘rmonov: Futbolchilar qaysi klubda o‘ynayotganini tushunishlari kerak, "Neftchi" o‘z oldiga maksimal vazifa qo‘yadigan jamoa
Bir paytlar chempionatimizda “Neftchi” degan kuchli, sovrindor jamoamiz bo‘lardi-a? Afsuski, yillar o‘tib bu klub o‘z mavqeini yo‘qotdi, kuchlilar orasini tark etdi. Ammo qachondir farg‘onaliklar yana o‘z joyiga qaytishi kerak. Pro-ligada ishtirok etayotgan bugungi “Neftchi” qanday holatda? Klub qachon Superligaga qaytadi? Shu maqsadda jamoa bosh murabbiyi Asad Do‘rmonov bilan muxlislarni qiziqtirayotgan masalalar bo‘yicha suhbatlashdik.
- Bu yilgi pro-liga qanday o‘tyapti? U erda ishlayotgan murabbiy sifatida chempionatning nufuzi haqida nima degan bo‘lardingiz?
- Pro-ligada o‘tgan yildan beri 8 ta jamoa qatnashyaptimi, to‘g‘rimi? Ammo necha davrali bo‘larkin, bilmadim. Lekin bu erdagi o‘yinlar ancha murosasiz kechyapti, har bir uchrashuv xuddi finaldek o‘tyapti. Tayyorgarliklar ham boshqacha kechyapti. Xato qilish kerak emas. Chunki o‘yinlar soni kamroq va bunday vaziyatda yo‘qotiladigan ochkolar qimmatga tushishi aniq. Yana nima deyishim mumkin? To‘g‘ri, pandemiya tufayli ikki marta restart bo‘ldi. Bunday holatga birinchi bor duch keldik, barchamiz. Oldin esa hammasi reja bo‘yicha ketardi, mavsum boshida kim bilan qachon o‘ynashimizni bilardik. Endi esa o‘zgarishlar bo‘lib turibdi. Futbolchilarga ham qiyin. Boshida karantin tufayli to‘xtatildi, keyin yana o‘yinlar boshlanib, Kubok bahsi bilan beshta o‘yin o‘tkazib, yigitlar sport formasiga kirib borayotganida yana bir bor to‘xtatildi. Nima ham derdik, bu fors-major. Bu aynan bizda bo‘layotgan holat emas, butun dunyoda shunaqa. Mana, chempionatni yana boshladik. Endi mavsumni bir amallab tugatib olishimiz lozim. Qiyinchilik bilan hammasi yaxshi bo‘ladi.
- “Neftchi” tarkibida qanday o‘zgarishlar bo‘lgani haqida etarli ma’lumotlarga ega bo‘la olmadik. Lekin Mansur Saidov, Pavel Smolyachenko kabi sobiq o‘yinchilar qaytgani haqida eshitdik. Jamoangizdagi o‘zgarishlar xususida to‘xtalib o‘tsangiz.
- Tarkibni kuchaytirishga harakat qildik. Har bir murabbiyga jamoasi kuchli bo‘lib, zaxirasi uzun bo‘lsa, yanada yaxshi. Jamoamizga Mansur Saidov va Pavel Smolyachenkoni chaqirdik. Ko‘ryapmiz, chempionatda qancha o‘yinlar bo‘ladi, qancha davom etadi...shunga qarab mahoratli futbolchilarni jalb qildik. Ular tajribasi bilan yordam berishadi. O‘zlari ham “Neftchi”dan chiqishgan, hammasini yaxshi tushunishadi. Albatta, bizga yordam berishadi.
- Mansur Saidov futbolchilik faoliyatini tugatgan deb o‘ylagandik. Uning “Neftchi”ga qaytarilishi sizning tashabbusingizmidi, ya’ni, klub unga muxtojlik sezdimi?
- Bilaman, Mansurning o‘yinchi sifatida “Neftchi”ga foydasi tegadi. Maydonda bir taym o‘ynaydimi yoki to‘liqmi, baribir katta tajribasi bor. Unda g‘oliblik ruhi yaxshi shakllangan. Jamoadoshlariga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatib, ruhlantirib turadi. Mana shunday tomonlari bilan ham yordam beradi. Smolchenko “Neftchi”ning o‘rinbosarlaridan chiqqan bola. Shu erda o‘ynadi, keyin u erga, bu erga ketdi. Yigitlarga doim tushuntiraman, futbolda familiya o‘ynamaydi, maydonda faqat o‘yinchi o‘ynaydi. Shu bois ularga yordam beringlar, dedim. Pro-ligada ham qattiq o‘yinlar bo‘ladi, chinakamiga jang kechadi. Mana shu tomonlarini o‘ylab ushbu futbolchilarni chaqirdik.
- “Neftchi” pro-ligaga tushib ketgach, doim o‘z oldiga yana Superligaga qaytish vazifasini qo‘yyapti. Biroq vazifani bajara olmayapti, nimadir etishmayotgandek...
- Vaqt kerak. 2018 yili quyi ligaga tushib ketgach, jamoadagi futbolchilar tarqab ketdi. Yangi tarkib tuzilgach, natija bo‘ladimi-yo‘qmi, bunga vaqt kerak bo‘ladi. O‘tgan yili ham yigitlar kurashishdi, ammo o‘xshamadi. Demak, tajriba etishmadi. Bu yil futbolchilarimiz nima uchun kurashishayotganini, qanday mas’uliyat borligini yaxshiroq tushunishyapti. “Neftchi”da shundayki, hamisha maksimal vazifa qo‘yiladi. Bu rasmiy o‘yin bo‘ladimi yoki o‘rtoqlik uchrashuvimi, farqi yo‘q, eskitdan klub faqat maksimal vazifa uchun kurashib keladi. Jamoamiz qanday maqsad uchun kurashayotgan bo‘lsa, bu yo‘lda oxirigacha harakat qilamiz. Yakuni esa biz uchun yaxshi bo‘ladi deb umid qilaman.
- “Neftchi”ning tarixi katta. O‘zingiz boshidan shu erda o‘ynab katta bo‘ldingiz, hammasini yaxshi bilasiz. Ilgari raqiblar qo‘rqib turishardi...
- Hamma narsa o‘zgarib ketdi. Futbolchilikni tugatganimga 15-20 yil bo‘lyapti. Mana, yangidan-yangi klublar chiqyapti. O‘sha tarixni eslab o‘tiravermaymiz-ku. Hozirgi hayot bilan yashashimiz kerak. Futbolchilar boshqa, tayyorgarliklar boshqa. Ruhiyat ham o‘zgargan. Shunga qarab intilish kerak.
- Aytmoqchimanki, “Neftchi”ni ipidan-ignasigacha yaxshi bilasiz. Klubning mavqeini tiklash yo‘lida baribir siz boshqalardan ko‘ra, nima qilish kerakligini tushunasiz. Shu tomonlama o‘zingizning qarashlaringiz, rejalaringiz qanday?
- Menimcha, birinchi o‘rinda futbolchilar qaysi klubda o‘ynashayotganini tushunishlari kerak. Bu ruhiyat bilan bog‘liq. Boya aytdim, “Neftchi” hamma vaqt maksimal maqsad uchun kurashadigan jamoa. O‘yinchilar esa bunga tayyor bo‘lishlari lozim. Avvalo ruhiy tomondan kuchli bo‘lsa, hammasi yaxshi bo‘ladi.

- Farg‘onaning “Istiqlol” jamoasini musobaqadan chiqib ketishi chempionatga qanchalik ta’sir qiladi deb o‘ylaysiz?
- Endi bitta jamoa kam bo‘ladi. Nima desam bo‘ladi, qaysi tomondan yaxshi yoki yomon bo‘ladi, ochig‘i bilmadim. Shunaqa bo‘lib qoldi-da, bu o‘zlarining muammosi. Men hech nima deya olmayman. Yaxshisi, o‘zimning jamoam haqida qayg‘urganim yaxshi.
- Superligada vodiydan “Andijon”, “Navbahor” va “Qo‘qon-1912” klublari bor-u, ammo Farg‘onadan hech kim yo‘q. Pro-ligada esa ushbu viloyatdan “Neftchi” bilan “Turon” etakchilikka da’vogarlik qilishyapti. Ammo Superligada Farg‘onadan hech bir jamoaning yo‘qligi sizni ranjitmayaptimi?
- (Kuladi) 2018 yili tushib ketdik. Demak, shunaqa bo‘lishi kerak edi. Ammo biz albatta qaytamiz. Buning uchun tayyor bo‘lish, vazifa qo‘yilishi kerak. Superligada ikki yildan beri o‘ynamayapmiz. O‘tgan vaqt davomida u erda ham o‘zgarishlar bo‘lyapti. Yangiliklarga qo‘l urilyapti. Shuning uchun Superligaga har taraflama tayyor bo‘lish lozim. Agar Superligaga chiqib, yana shu zahoti tushib ketsa ham bo‘lmaydi. Chiqdingmi, bo‘ldi, o‘z o‘rningni topib, barqaror o‘ynash lozim. Asosiysi, jamoa tayyor bo‘lishi talab etiladi.
- Bundan chiqdi, “Neftchi”ga hali vaqt bor deb o‘ylaysizmi?
- Yo‘q, bunday emas. Aytdim-ku, biz hamisha oldimizga maksimal vazifalar qo‘yamiz. Aytmoqchimanki, Superligaga chiqib, yana tezda tushib ketmasligi kerak. Shu bois jamoani puxta tayyorlash darkor.
- “Neftchi”da moliyaviy tomondan ahvol qanday?
- Moliyaviy masala bo‘yicha hech nima demayman. Harakat qilyapmiz, hammasi yaxshi bo‘ladi.
- Jamoa uchun qayg‘urayotgan farg‘onalik muxlislarga qanday gapingiz bor?
- Yaxshi o‘ynasangiz qarsaklar chalishadi, yomon o‘ynasangiz aksincha. Futbol shunaqa o‘yin. Baribir ishqiboz degani yaxshi kunida ham, yomon kunida ham jamoasining yonida bo‘lishi kerak. Muxlislarni shunday tushunaman.
- Yuriy Sarkisyan bilan ham gaplashib turibsizmi?
- Anchadan beri gaplashmadim. Lekin bayram kunlarida tabriklab turaman.



Fikrlar