
“Barsa” uch futbolchidan voz kechadi
“Barselona” bosh murabbiyi Xans-Diter Flik tarkibni optimallashtirish siyosatini davom ettiradi. Germaniyalik mutaxassis o‘zi istagan ijrochilarga ega bo‘lish uchun tarkibdan joy ochishi talab etiladi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, kataloniyaliklar uch nafar futbolchi bilan xayrlashishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Inyaki Penya – 25 yoshli darvozabon aslida Mark-Andre ter Shtegenning o‘rinbosari hisoblanadi. Biroq nemis darvozaboni jarohat olib, uzoq muddatga safdan chiqqan pallada Inyaki asosiy tarkibdagi joyini saqlab qola bilmadi. Uning o‘rnini Voytsex Shchesni egalladi. Qolaversa, ispaniyalik golkiperning bosh murabbiy Flik bilan orasi buzilgan.
Andreas Kristensen – 28 yoshli daniyalik markaziy himoyachi asosiy tarkibdagi joyini yo‘qotib bo‘lganyu uning shartnomasi yana bir yarim yil davom etadi. Biroq Xansi Flik bu o‘yinchiga kelasi mavsumda ham ishonch bildirmasligini ochiq aytdi.
Ansu Fati – 22 yoshli hujumkor futbolchi hali hamon o‘z darajasiga chiqa olgani yo‘q. Joriy mavsumda ham asosiy tarkibga kira olmadi. Bir vaqtlar “Messining vorisi”, deb maqtalgan o‘yinchi jami 186 daqiqa o‘ynadi xolos. Flik Ansudan tezroq qutilmoqchi ekani bu futbolchiga ham chiqish eshiklarini ochadi.
Fikrlar