Boʻldi, bosh murabbiylikdan ketaman!
Angliya Premier-ligasida barqaror ishtirok etayotgan “Bornmut” jamoasi bosh murabbiyi Andoni Iraola mavsum yakunlanishi bilan lavozimini tark etadigan bo‘ldi.
Ispaniyalik mutaxassisning ketishini “Bornmut” futbol klubi rahbariyati ham tasdiqladi. Shu tariqa, uning klubdagi uch yillik faoliyati yakunlanadi.
Iraola tayinlangandan beri klub Angliya Premier-ligasida barqaror ishtirok etib keldi, 2024-2025 yildagi mavsumda 56 ochko to‘plab, 9-o‘rinni egallagan holda o‘z tarixida rekord natija qayd etdi.
Iraola 2023 yilning 1 iyulida jamoa bosh murabbiyiga aylangan edi. Uning shartnomasi 2026 yilning 30 iyunigacha amal qiladi.
- Men uchun “Bornmut”ni boshqarish sharaf bo‘ldi, birgalikda erishgan yutuqlarimizdan faxrlanaman. Men bilan ishlagan o‘yinchilar va shtabdan minnatdorman.
Muxlislarga kelsak, sizlar men va jamoaga ajoyib qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatdingiz, buning uchun doim minnatdor bo‘laman.
Menimcha, ketish uchun ayni vaqt, lekin bu klub haqida doimo ajoyib xotiralarim saqlanib qoladi, - dedi Andoni Iraola.
Ta’kidlash joizki, Andoni Iraola aynan “Bornmut”dagi faoliyatidan keyin qit’aning yirik klublari e’tiborini qozondi va hozirning o‘zida unga yangi takliflar bor.

Fikrlar