
"Borussiya D" ustozi Madriddagi "kambek"ni qanday izohladi?
Kecha Dortmundning “Borussiya” klubi Chempionlar ligasi umumiy bosqich 3-turi doirasida Madridda "Real"ga qarshi maydonga tushdi va tanaffusga 2:0 hisobida g‘alaba bilan chiqdi. Biroq, nemis grandi ushbu ustunlikni ushlab turolmadi, “qirollik klubi” ikkinchi bo‘limda raqib darvozasiga naqd 5 ta gol urdi. Yakuniy hisobi - 5:2.
Dortmundliklar ustozi Nuri Shahin ikkinchi bo‘limda hisobni saqlab qolish uchun himoyaviy o‘yinni tanladi va uchrashuvni besh nafar himoyachi bilan davom ettirdi. O‘yindan so‘ng turkiyalik mutaxassis bu borada o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
“Men xatoimni tan olaman, bahona izlamayman. Aslida beshta himoyachidan iborat chiziq tezroq harakat qilishga yordam berishi kerak, buni tushuntirib o‘tirmayman. Biz bu orqali yakkama-yakka holatlarda juda kuchli hisoblangan Vinisius va Rodrigoni tezda to‘xtatmoqchi edik", - dedi Shahin.
“Borussiya” navbatdagi uchrashuvini 26 oktyabr, shanba kuni Germaniya chempionati doirasida mehmonda “Augsburg”ga qarshi o‘tkazadi.
Fikrlar